O‘zbekiston | 07:57 / 08.06.2020
4109
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi va jadallashtiriladi, kontrabandaga qarshi kurash kuchaytiriladi

Prezident tomonidan 2020-2023 yillarda bojxona ma'muriyatchiligini isloh qilish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Konsepsiyaning asosiy ustuvorliklari:

bojxona sohasidagi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish;

mavjud kuch va vositalarni optimal qo‘llagan holda bojxona organlari faoliyati va infratuzilma obektlarining institutsional asoslarini rivojlantirish;

raqamli iqtisodiyot doirasida zamonaviy va ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bojxona sohasiga joriy etish orqali bojxona organlari faoliyati shaffofligi hamda samaradorligini ta'minlash;

bojxona organlarining fiskal funksiyalarini amalga oshirishni takomillashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyatni tarif va notarif jihatdan tartibga solishni soddalashtirish;

kontrabanda va bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishiga qarshi kurashish;

bojxona organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasi va mahoratini yanada oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bojxona xizmatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish.

Norma’ning yozishicha, hujjatda uch bosqichda joriy etiladigan yangiliklar nazarda tutilgan:

a) 2020 yil 1 avgustdan t/y transporti tashkilotlari o‘zlarining axborot tizimlarini bojxona organlarining axborot tizimlariga integratsiyalash orqali bojxona nazorati ostidagi vagon va konteynerlarning mamlakat ichidagi harakatlari haqidagi ma'lumotlarni bojxona organlariga real vaqt rejimida beg‘araz tarzda taqdim etadilar;

b) 2020 yil 1 sentyabrdan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

v) 2020 yil 1 noyabrdan:

BYuDni rasmiylashtirish vaqti xavf darajasidan kelib chiqib, 3 sutkadan 1 kungacha qisqartiriladi;

bojxona nazoratining muqobil turlarini qo‘llashni kengaytirish orqali tovarlarni bojxona hamrohligida kuzatib borish holatlari qisqartiriladi, qonunchilikda belgilangan holatlar bundan mustasno;

DBQning xavflarni boshqarish tizimi avtomobil chegara bojxona postlarida joriy etiladi;

transport vositalarini vaqtinchalik olib kirishda tashuvchi real vaqt rejimida elektron shaklda qayta olib chiqish muddati tugashidan oldin vaqtinchalik olib kirish muddatini uzaytirishi va tegishli yig‘imni to‘lashni amalga oshirishi mumkin;

“bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini identifikatsiyalash va baholash uslubiyati tadbirkorlik sub'yektining o‘zi tomonidan ishlab chiqiladi.

DBQga qo‘shimcha vazifalar yuklandi va yangi vakolatlar berildi:

tovar va transport vositalari ustidan ular saqlanadigan va sotiladigan joylarga chiqqan holda, bojxona auditini amalga oshirish;

olib kiriladigan va (yoki) olib chiqiladigan tovarlar va transport vositalari hisobi, jumladan, buxgalterlik hisobi va hisoboti hujjatlari, shuningdek, dastlabki hujjatlar yuritilishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish.

Qo‘mita tuzilmasida o‘zgarishlar ro‘y berdi. Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi etib, Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi esa Tashqi iqtisodiy faoliyatda notarif tartibga solishni nazorat qilish va bojxona ekspertizasi boshqarmasi etib qayta tashkil etildi. Ushbu bo‘linmalar oldiga qo‘shimcha vazifalar qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid