Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«SULTON TEX GROUP» ishida yana bir to‘sqinlik: tomchilatib sug‘orish texnologiyasi subsidiyasiz qoladimi?
Qashqadaryo viloyatidagi «SULTON TEX GROUP» klasteri boshiga tushgan ko‘rguliklar haqida avval ham xabar bergan edik. Qarshi tuman hokimligi tumandagi fermerlarning klaster bilan ishlashiga to‘sqinlik qilib kelmoqda. Hozir bu masala tuman ma'muriy sudida ko‘rilmoqda.
Bu orada Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva klasterning yana bir faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgani ma'lum qilindi.
Vaziyat shunday: fermerlar bilan ishlashiga yo‘l qo‘yilmayotgan klaster joriy mavsumda faqat o‘ziga tegishli 1300 gektar maydonda paxta yetishtirmoqda. Mazkur yerlarning 73,6 gektarida Qashqadaryo tarixida ilk marta tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilmoqda.


Chunki «Nasaf» hududidagi mazkur yerda azaldan paxta yetishtirish mushkul bo‘lgan. Yerlar unumsiz, Qarshi magistral kanalidan nasosda ikki ko‘tarish bilan suv chiqarilgan.
Klaster 140 ming dollar sarflab, Turkiya texnologiyasi asosida mazkur yerlarda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ayni paytda zamonaviy nasos stansiyasi qurilgan, magistral quvurlar yotqizilgan, yangi trasformator ulangan. Pushta oralarida rezina shlanglar yotqizilmoqda. Ulardan 5 yil davomida foydalanish mumkin. Xullas, ish qizg‘in.


Ushbu texnologiya joriy etilgach, dalalarga suv sarfi 90 foizga kamayadi. Boz ustiga, kanal suvi filtrlanib tozalanib, nasos stansiyasining o‘zida kerakli mineral o‘g‘itlar qo‘shilib, gidroponika usulida g‘o‘za niholi ostiga yetkaziladi.
Bu haqda «SULTON TEX GROUP» klasteri bosh mirobi Anvar Bobonazarov bizga hikoya qilib berdi.

Vazirlar Mahkamasining shu yil 19 fevraldagi №98-sonli qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi qoplab berilishi kerak.
Klaster bu borada yig‘ma jild qilgan. Dalolatnoma tuzilib, tumandagi kerakli tashkilotlarning ruxsati va ma'qullovi olingan. Endi ular qilgan xarajatlarning bir qismi subsidiya hisobiga davlat tomonidan qoplanib berilishi kerak. Gap tuman hokimiga borib taqalganda esa, hokimlik vakillari hujjatlarni 20 kundan buyon imzolamasdan kelmoqda. Xususan, tuman hokimining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Aripov ham dalolatnomani imzolagan.


Mazkur dalolatnoma imzolansa, Hukumat qaroriga ko‘ra 73,6 gektar yerning har gektariga 8 million so‘mdan jami 588 million so‘m subsidiya davlat tomonidan beriladi. Ya'ni tuman hokimi cho‘ntagidan to‘lamaydi u pulni.


Bu yil qishloq xo‘jaligi uchun ancha og‘ir yil keldi. Nega Qarshi tuman hokimi Maqsuda Mustafoyeva paxtachilikni yuksaltirishga bel bog‘lagan insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish o‘rniga ochiqchasiga ilg‘or klasterning novatorlik ishlariga ham to‘sqinlik qilmoqda? Bu nimadan darak?
Tumanga yangicha texnologiya, yangicha yondashuvlar kerakmi, kerak emasmi? Qashqadaryoda ilk marta qilinayotgan ishni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, unga tish-tirnoq bilan to‘sqinlik qilishdan muddao ne?
Masala yuzasidan Qarshi tuman hokimligi va viloyatdagi mutasaddilardan munosabat kutamiz.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.
Mavzuga oid
15:27 / 15.04.2025
Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi
15:49 / 01.04.2025
Bekobodlik fermerlar “yorildi”
17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi
18:38 / 16.01.2025