Jamiyat | 19:30 / 08.06.2020
34794
6 daqiqa o‘qiladi

«Sultonteks» Qarshi tumani hokimligini sudda yengdi: tuman hokimiga klaster ishiga aralashish taqiqlab qo‘yildi

Qarshi tumani ma'muriy sudida paxta-to‘qimachilikka ixtisoslashgan «SULTON TEX GROUP» klasteri va tuman hokimligi o‘rtasidagi sud jarayoni yakuniga yetdi. Sudya A.Rasulov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida klaster korxonasining da'vosini qisman qanoatlantirildi.

Sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbirlari xabar berishicha, sud qarori bilan Qarshi tuman hokimligi mansabdorlarining fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi deyilayotgan «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ bilan tumandagi fermerlar o‘rtasida shartnoma tuzishga erishish maqsadida amalga oshirgan barcha harakatlari noqonuniy, deb topilgan.

Shuningdek, tuman Davlat xizmatlari markazida davlat ro‘yxatidan o‘tishda «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ nomiga kooperatsiya so‘zini qo‘shib, ro‘yxatdan o‘tgan va fermerlarni shartnoma tuzishga majburlagan MChJ guvohomasi bekor qilindi.

Ma'muriy sud qarori bilan Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘ydi.

Sud qarorida tuman hokimi Maqsuda Mustafoyevaning bosh vazir o‘rinbosari O‘.Barnoyev hamda viloyat hokimi Z.Mirzayev nomiga 2020 yil 10 aprel sanasida yozgan xatiga ham e'tibor qaratildi. M.Mustafoyevaning ushbu harakati qonunga xilof deb topildi.

Maqsuda Mustafoyeva tomonidan imzolangan mazkur xatda paxta-to‘qimachilikka ixtisoslashgan «SULTON TEX GROUP» klasteri o‘z sohasiga aloqasi bo‘lmagan g‘alla kombaynlari ta'miri va hosildorligi uchun berilishi lozim bo‘lgan 5 milliard 636 millon so‘m mablag‘ni o‘tkazib bermayotgani, klaster Qarshi shahridagi Milliybank viloyat bo‘limidagi hisob raqamini bir necha marta ogohlantirishlarga qaramasdan tumandagi banklarga o‘tkazmayotgani yozilgan.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari O‘.Barnoyevning 20 mart kuni Koson tumanida Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish hamda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida o‘tkazgan yig‘ilishidan so‘ng «SULTON TEX GROUP» xususiy korxonasi ishida muammolar yuzaga kela boshlagan edi.

Kosondagi yig‘ilishdan keyin tuzilgan bayonnomada Qashqadaryo viloyati hokimligi, «Agrobank» ATB, Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi va tijorat banklarining g‘allani mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish uchun yetishmaydigan mablag‘larni tijorat krediti, paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratiladigan paxta imtiyozli kredit mablag‘lari va fermer xo‘jaliklarining ustav fondiga jamg‘ariladigan mablag‘lar hisobidan qoplash to‘g‘risidagi noqonuniy takliflari ma'qullangan.

Xususan, «SULTONTEX GROUP» xususiy korxonasidan klasterga ajratilgan paxta imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan 5 milliard 636 millon so‘m mablag‘ni g‘allachilik uchun o‘tkazib berish talab qilingan. Biroq, klaster bu harakat kredit mablag‘laridan maqsadsiz foydalanish bo‘lishini ro‘kach qilib, talabni rad etib kelgan.

Shundan so‘ng 2020 yil 8 aprel kuni Vazirlar Mahkamasida «Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkilotchilari — klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda respublikada samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan va tugatilishi lozim bo‘lgan 16ta klaster korxonalari ro‘yxati tasdiqlangan. Ularning orasida «SULTONTEX GROUP» MChJ ham bor.

Yig‘ilish bayonida «SULTONTEX GROUP» MChJga quyidagicha yolg‘on ayblovlar qo‘yilgan:

1 . Paxta xomashyosini chuqur qayta ishlashning to‘liq siklni qamrab olgan qayta ishlash quvvatlari mavjud emas. Holbuki, to‘liq sikl mavjud.

2. 2020–2021 yillar uchun aniq hisob-kitoblarga asoslangan loyihalar ishlab chiqilmagan. Lekin klasterda umumiy qiymati 100 million AQSh dollariga teng loyihalar tasdiqlangan va prezidentga taqdimot qilingan.

3. Agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga amaliy yordam ko‘rsatilmasligi oqibatida paxta yetishtirishda hosildorlik past bo‘lib, 2019 yilda 19,4 sentnerni tashkil etgan va 2018 yilga nisbatan 10,9 sentnerga pasaytirib yuborilgan. Bu ham yolg‘on. Qarshi tumanida o‘tgan yili hosildorlik pasaymagan, oshgan.

4. Fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan moddiy resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar narxlarini oshirilgan qiymatda taqdim etib kelgan. Oqibatda, fermer xo‘jaliklarining moddiy manfaatdorligi ta'minlanmayapti. Fermerlarning aksariyati buni tasdiqlashmadi.

Xulosaga ko‘ra, «SULTON TEX GROUP» paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati to‘xtatilib, o‘rnida fermer xo‘jaliklari kooperatsiyasi tashkil etish buyurilgan.

Bu topshiriqni bajarish uchun tumanda «SILVER FIBER AGRO KOOPERATSIYASI» MChJ 27 aprel kuni shoshilinch ochilib, tumandagi fermerlarga «SULTON TEX GROUP» bilan shartnomalarini bekor qilib, o‘sha kooperatsiya bilan shartnoma imzolashga majburlangan.

«SULTON TEX GROUP»ning sudga arizasida 2020 yilning 8 apreldagi hukumat bayonnomasidagi xususiy korxonani to‘xtatish haqidagi ma'lumotlar tuman hokimligi tomonidan kiritilgan, degan da'vosi ham bor edi. Ushbu da'vo yetarlicha asoslanmagani bois sud tomonidan rad etildi.

Cud bosh vazir o‘rinbosariga klasterni tugatish to‘g‘risidagi ma'lumotlar Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tuzib berilganiga aniqlik kiritgan.

Endi nima bo‘ladi? Hukumat raisi o‘rinbosarining klaster tugatilsin, degan xulosasi bor. O‘rniga tuzilgan kooperatsiya noqonuniy, deb topildi. Bu yoqda klaster bilan ishlashga o‘rgangan fermerlar hosil yetishtirishda qiynalmoqda. Balki mutasaddilar boshlagan ishlarini oxirigacha yetkazishi uchun klasterni endi tinch qo‘yishar.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid