O‘zbekiston | 23:11 / 09.06.2020
52539
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 55ta suv omboridan 54tasi – gruntli to‘g‘on. Ekspert suv omborlari haqida ma'lumot berdi

Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti direktori Ilhom Mahmudov AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda suv omborlariga doir nazariy ma'lumotlar bilan bo‘lishdi.

Janubiy Surxon suv ombori. Qumqo‘rg‘on tumani / Foto: KUN.UZ

Ilhom Mahmudovning aytishicha, suv omborlari to‘g‘onlari qurilish materiallariga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • grunt to‘g‘onlar;
  • beton;
  • toshli;
  • temir-beton;
  • gabionli to‘g‘onlar.

Ilhom Mahmudov Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha xalqaro komissiya ma'lumotlari asosida suv omborlaridagi avariyalar haqida ham ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, suv omborlaridagi har ikki avariyadan bittasi grunt to‘g‘onlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Grafika: AOKA

O‘rta va yirik to‘g‘onlardagi avariyalarning 40 foizi to‘g‘on asosining buzilishi natijasida ro‘y beradi.

Grafika: AOKA

Gidrotexnika inshootlarida xavfli avariyalarning sodir bo‘lish omillari ham 2 turga bo‘linadi:

  • Tabiiy omillar. Ya'ni ekstremal oqimlar, kuchli shamol, dovullar, yer qimirlashi va boshqa klimatik omillarga bog‘liq.
  • Antropogen omillar. Loyihada yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, qurilish me'yorlari va talablariga rioya qilmaslik, ekspluatatsiya xodimlari malakasining yetishmasligi kabilar.

Mutaxassisga ko‘ra, suv omborlarining turli bosimlarga chidamliligi bo‘yicha quyidagi turlari farqlanadi:

  • gravitatsion;
  • arkali;
  • kontrforsli;
  • arkali gravitatsion.
Qalqama suv ombori. Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani
Foto: KUN.UZ

Suv omborlari o‘zan va quyilma suv omborlariga bo‘linadi. Mazkur inshootlar to‘g‘oni suv chiqarish inshootisiz (gluxoy) yoki suv chiqarish inshooti mavjud bo‘lishi mumkin.

«Suv omborlarini qurish eramizdan 5 ming yil muqaddam boshlangan. So‘nggi 70-80 yil davomida suv omborlarini qurish juda tezlashib ketdi.

Hozirda Yer yuzida o‘rta va yirik suv omborlarining soni 46 mingdan ortiq bo‘lib, umumiy hajmi – 6600 km3, foydali hajmi — 3500 km3 dan ortadi. Bu degani – yer yuzidagi barcha daryolarning 10 foiz yillik oqim hajmiga to‘g‘ri keladi. Suv yuzasi maydoni esa 600-620 ming km2 (Yer shari yuzasining 0,2 foizi)ni tashkil qiladi.

Hozirda yiliga 300dan 500tagacha turli hajmdagi suv omborlari ishga tushirilmoqda. Angara, Missuri, Kolorado, Parana, Tennesi kabi yirik daryolar suv omborlari kaskadiga aylangan. Prognozlarga qaraganda, yana 30-50 yil ichida Yer yuzidagi daryolar havzalarining uchdan ikki qismi suv omborlari orqali boshqariladi», – dedi Ilhom Mahmudov.

Ma'lum qilinishicha, Angliyadagi 51 foiz to‘g‘onlar 90 yil, Niderlandiyada 45 foiz to‘g‘onlardan 80 yildan beri samarali foydalanib kelinmoqda.

Mavzuga oid