Jahon | 08:10 / 09.06.2020
14356
6 daqiqa o‘qiladi

Pandemiyaga moslashayotgan megapolislar: yirik shaharlarda nimalar o‘zgarmoqda?

Pandemiyaning qachon nihoya topishi noma'lum bo‘lib qolayotgan sharoitda dunyo virus bilan yonma-yon yashashga moslashib bormoqda. Yirik megapolislar karantinda yuzaga kelgan vaziyatdan maqsadli foydalanish va unga moslashish uchun o‘zgarishlarga yuz tutmoqda.

Jamoat transportidagi tiqilinchni bartaraf etish harakatidagi Milan

Italiyaning Milan shahri – virusdan eng katta zarar ko‘rgan megapolislardan biri. Shaharni pandemiyaga moslashtirish uchun qator choralar ko‘rilmoqda. Xususan, shahar meri Beppe Sala virusning tezkor tarqalishiga sabab bo‘lgan omillardan biri – jamoat transportidagi tiqilinchni bartaraf qilishga kirishdi.

Buning uchun jamoat transportida yo‘lovchilar bir-biri bilan oraliq masofani saqlagan holda qanday turishi kerakligini ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yib chiqilmoqda.

Milanda virusning keng tarqalishiga avtobus, metrolardagi tiqilinch sabab bo‘lgan, deb hisoblanmoqda.
Foto: ABACA / TASS

Shuningdek, shahar meri metrodagi kunlik tashuvlar hajmini inqirozgacha bo‘lgan 1,4 mln nafar yo‘lovchidan 400 mingga tushirishni maqsad qilgan. Qatnov tig‘iz bo‘ladigan soatlarda odamlar to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun stansiyalar yopilishi ham mumkin.

Sala milanliklarga egiluvchan kun tartibiga o‘tishni tavsiya qilmoqda. Ya'ni barcha bolalar bir xil vaqtda emas, balki 8dan 10gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida maktabga borishi mumkin. Boshqa muassasalarga kelib-ketish vaqtlari uchun ham shunday qoida amal qiladi. Ish va ta'lim soatlari shunga moslashtiriladi. Masofaviy ishlash imkoniyati bo‘lganlar esa uyda ishlashlari kerak. Barcha o‘zining odatiy kun tartibini o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi.

Berlin veloyo‘laklarni kengaytirmoqchi

Karantin davrida Germaniya poytaxtida yo‘l qatnovi 40 foizga qisqardi. Berlin yo‘llar va parklar departamenti rahbari Fridrixsxayn-Kroytsberg Feliks Vaysbrix bu vaziyatdan samarali foydalanmoqchi. Aksariyat ishga, o‘qishga velosipedda qatnayotganini inobatga olgan holda yo‘llarda velosipedlar harakati uchun maxsus belgilar qo‘yish, mavjud veloyo‘laklarni kengaytirishga ko‘rsatma berdi.

Berlinda veloharakat ommabop bo‘lmasa-da, ma'muriyat aholi salomatligi uchun shu tizimga o‘tmoqchi.
Foto: Getty Images

Velosipedchilar ijtimoiy masofalanishga rioya qilishi, o‘zaro 1,5 metr oraliqni saqlashi kerak bo‘ladi.

Berlinda veloharakat Amsterdam yoki Kopengagendagi singari ijobiy qabul qilinmaydi – avtomobil lobbisi bu yerda ancha kuchli. Hududiy parlamentlar mazkur tashabbusga qarshi chiqishi mumkin edi, ammo karantin davrida byurokratik jarayonlar sekin kechadi. Vaysbrix esa bundan foydalanib qoldi.

Veloyo‘laklar vaqtinchalik chora sifatida joriy qilinayotgan bo‘lsa-da, doimiy asosda qoldirilishi ehtimoli istisno etilmayapti.

Los-Anjyeles 35 yildan beri hayallayotgan qurilishni bitkazmoqchi

Los-Anjyeles yo‘llarida pandemiya tufayli qatnov ikki karra siyraklashib qoldi. Shahar kengashi paytdan foydalangan holda asosiy ko‘chalardan biri bo‘lgan Uilshir bulvarining bir qismini qatnov uchun yopib qo‘ydi. Bu yerda qurilish harakatlari faol boshlab yuborildi – metropoliten yo‘lining binafsharang liniyasini «Uilshir» bekatidan «Vestvud» bekatigacha qurib davom ettirish harakatlari boshlangan.

Metroning bu qismini qurish uchun 35 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ldi.

1985 yildayoq metro liniyasini uzaytirish mahalliy aholining qarshiligiga uchragan – o‘sha yili kiyim do‘konida kuzatilgan yong‘in natijasida Uilshir xiyoboni yerosti metanga yaqin hudud deb topilgan va tonnel qurish taqiqlangan.

Uilshir xiyoboni
Foto: Getty Images

2000 yillar o‘rtasida bu hududda mashinalar oqimini nazorat qilib bo‘lmay qoldi. Shu bois 2005 yilda saylangan mer Antonio Vileraygosa Beverli-Hillzda metro qurishni o‘z dasturining bosh maqsadiga aylantirdi. Loyiha qayta ko‘rib chiqildi, 2008-2018 yillarda uning qiymati ikki baravarga o‘sib, 8,2 mlrd dollarga tenglashdi.

Ammo qarshilikning yangi oqimi paydo bo‘ldi – birgina o‘rta maktabga ega bo‘lgan Beverli-Hillz o‘quv okrugi rahbari Liza Korbatov maktab hududi ostida, metan qatlamlari bo‘lgan hududda tonnel qazish bolalar salomatligiga salbiy ta'sir qiladi, deb chiqdi.

Maktabning yon hududlarida qurilish olib borish rejalashtirilgan, metro qurilishi esa bunga xalal berishi mumkin edi. Korbatov metropolitenni sudga berdi, prezident Tramp nomiga petitsiya jamladi, qarshilik aksiyasiga o‘quvchilarni olib chiqdi. 2018 yilda aniqlanishicha, Korbatov metropoliten bilan sudlashuvga o‘quv muassasasining 15,7 mln dollar mablag‘ini sarflab yuborgan.

Hozir Beverli-Hillzning qancha aholisi qurilishni yoqlashi noma'lum. Shunga qaramay, karantin davrida ko‘chalar bo‘shab qolganidan foydalangan holda bahsli hududda qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Mavzuga oid