O‘zbekiston | 00:39 / 14.06.2020
307563
3 daqiqa o‘qiladi

Qabul – 2020-2021: asosiy yangiliklar

2020-2021 o‘quv yili uchun qabul jarayoni va kirish imtihonlariga oid asosiy ko‘rsatkichlar prezident qarori bilan belgilanmoqda.

Foto: KUN.UZ

13 iyun kuni «2020-2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul jarayoni va kirish imtihonlariga oid quyidagilar belgilanmoqda:

Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga hujjatlar 20 iyundan 20 iyulga qadar (20 iyul kuni ham) bo‘lgan muddatda qabul qilinadi. Abituriyentlar hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari (belgilangan hududlarda), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (barcha hududlarda) va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali topshirishlari mumkin.

Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish huquqi berildi.

2020-2021 o‘quv yili uchun oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari tasdiqlandi. Bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakliga 103 575 nafar, sirtqi ta'lim shakliga 31 350 nafar, kechki ta'lim shakliga 5 025 nafar talaba qabul qilinadi. Joriy yilgi magistratura uchun qabul kvotasi – 10 425 nafar.

Kirish test sinovlari abituriyent tanlagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan o‘tkaziladi.

Xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha umumiy davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha 4 foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari ajratiladi. Bu grantlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanoma asosida beriladi.

Magistratura bosqichi uchun hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Magistratura mutaxassisliklariga o‘qishga kirish, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Farg‘ona viloyatining So‘x tumani uchun bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosidagi 500ta o‘rin miqdorida maqsadli qabul parametrlari ajratiladi. 

O‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMga o‘zini o‘zi to‘liq moliyaviy ta'minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berildi.

«Sport faoliyati (faoliyat turlari bo‘yicha)» bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish muddati uch yil etib belgilandi.

Joriy o‘quv yilidan boshlab matematika bo‘yicha magistrlar to‘liq davlat granti asosida tahsil olishi belgilandi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarida faqat davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid