Sport | 10:40 / 18.06.2020
13457
12 daqiqa o‘qiladi

Reshford Jonsonga qarshi. Futbolchi qanday qilib siyosatchilarni ishontirgani haqida hikoya

Hamma «uyida o‘tirgan» bo‘lsa-da, hech kim xotirjam emas. Pandemiya bilan kurash, rasizm bilan bog‘liq voqealar fonida «Manchester Yunayted» hujumchisi Markus Reshford alohida ajralib chiqdi va aytish mumkinki, Britaniya ijtimoiy hayotida katta ishni uddaladi.

Foto: AFP/Getty Images

Yaqinda «Liverpul»ning sobiq futbolchisi Jyeymi Karrager o‘zi o‘ynagan o‘n besh yil oldingi davr, o‘sha avlod haqida hikoya qilar ekan, eski futbolchilar ancha insoniyroq, ijtimoiyroq ekanini tilga olgandi va bugungi yoshlarni hayotdan uzilib qolganlikda ayblagandi. Lekin aynan 22 yoshli Markus Reshford bilan bog‘liq so‘nggi voqealar uning fikrini o‘zgartirdi, Karrager bu haqida ta'kidlab, uzr so‘radi hatto. 

Gap shundaki, Angliyada kam ta'minlangan oilalarning 1,3 millionga yaqin farzandlari maktabda bepul ovqat bilan ta'minlanardi. Oilaning yillik daromadi soliq va boshqa imtiyozlardan tashqari, 7400 funtga yetib bormasa, ushbu oila farzandi u imtiyozdan foydalanish huquqiga ega. Mart oyida maktablar yopilgach, nochor bolalarga 15 funtlik vaucherlar tekin tarqatila boshlandi va supermarketlarda bu vaucherga kerakli oziq-ovqat sotib olish mumkin bo‘lardi. Yozgi ta'til boshlangach esa, bu sxema ham bekor bo‘ldi va Food Foundation hisob-kitoblariga qaraganda yana 200 ming bola bepul ovqatsiz qoldi.

Markus ungacha ham bu vaziyatga e'tiborini qaratgan va ijtimoiy tarmoqlar orqali barchani jalb etib, 20 million funtlik vaucherlar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan, bepul ovqatsiz qolgan bolalarga yordam bergandi. Endi esa, futbolchi shunday qildiki, butun Angliya yuzini ushbu muammoga burishga majbur bo‘ldi. Dushanba kuni u Britaniya parlamentiga ochiq xat yozdi. 

«Biz tvitterda birinchi va ikkinchi o‘rindamiz», - deb yozdi Reshford seshanba kungi mashg‘ulotga ketish oldidan - «bu chaqiriq davom etishi uchun yordamlaringga muxtojman».

Reshford bu vaziyatning siyosatga aloqasi yo‘qligini, parlamentdagilarni bir-biri bilan raqobatni yig‘ishtirib, xuddi klub futbolchilari terma jamoa yig‘inlarida bir libosni kiygani singari, birlashishga chaqirdi:

«Tushuning, atrofimdagilarning mehribonligi va saxiyligi bo‘lmaganda, siz ko‘rib turgan Markus Reshford ham bo‘lmasdi - 22 yoshli, qora tanli, o‘ziga yarasha omadli, sevgan kasbi bilan shug‘ullanayotgan yigit.

Mening o‘tmishim Angliyadagi juda ko‘p oilalarga tanish. Onam to‘liq stavkada ishlar, minimal maosh olar, stolimizda yegulik bo‘lishi uchun shunga majbur edi. Lekin bu ham yetarli bo‘lmasdi. Tizim shundayki, kattalar har qancha mehnat qilmasin, muvaffaqiyat qozonish imkonsiz. Biz butun oilamiz bilan klubdagi nonushtalar, maktabdagi bepul ovqat, qo‘shnilar va murabbiylarning mehribonliklariga muhtoj bo‘lib qolaverardik. Atrofimizdagi barcha tekin oshxonalar bizga tanish, hatto har yili bayram dasturxoniga bepul yegulik olish uchun Shimoliy Murga borib ham kelardik.

Endi o‘ylang, «Uembli»ni ikki martalab to‘ldirishi mumkin bo‘lgan darajada ko‘p bolalar och qolmoqda. Bu ikki yuz ming bolakay o‘z vatanidan qanday qilib faxrlanadi agar qorni och bo‘lsa? O‘n yil oldin men ham ulardan biri edim, va katta ehtimol, bugun mening ovozimni eshitmagan bo‘lardingiz. 

Yetarlicha ta'minlanmay turib, farzand ko‘raveradigan oilalarni ham ayblashmoqda, bu haqida so‘nggi kunlarda ko‘p o‘qidim. Mening onamni ham xuddi shunda ayblash mumkin, lekin men mehr va muhabbat og‘ushida katta bo‘lganman. Ishoning, mendan boyroq do‘stlarim bor edi, lekin menchalik ona yoki ota mehrini his qilishmagan.

Sizdan shuni so‘raymanki, yana bir bor o‘ylab ko‘ring, gap siyosatda emas, axir hech qaysi bola uyquga och qorin bilan yotishini siz ham istamaysiz-ku?»

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson avvaliga Reshfordning iltimosini, ya'ni yozgi ta'til paytida vaucherlar tizimi davom etishini rad etdi.

«Bosh vazir muammoni tushunib turibdi, shuning uchun ham hukumat mamlakatdagi kam ta'minlangan oilalar uchun 63 million funt ajratadi», deb izohladi Jonsonning vakili.

Muxolif partiyaning hisob-kitoblariga qaraganda, bu mablag‘ yetarli emas, vaucherlar tizimi davom etishi uchun kamida 115 million funt kerak bo‘ladi. Reshford to‘xtab qolmadi, ijtimoiy tarmoqlarda faollik ko‘rsatdi, hamfikrlarini yig‘a boshladi Bir kunda uning chaqirig‘i oltmish mingdan ko‘p retvit yig‘di.

Dushanba kuni u The Times nashriga yozib, o‘zini qo‘llab-quvvatlaganlarga minnatdorchilik bildirar ekan, hali yakuniy natijaga erishilmaganini ma'lum qildi. Hujumchi bu vaziyatni xuddi o‘tgan yili «PSJ»ga qarshi YeChL o‘yinidagi penaltiga qiyosladi. Markus o‘sha penaltini golga aylantirgan, lekin yakunda, uning jamoasi baribir sovrinni qo‘lga kirita olmagandi. 

«Men parlamentdagi deputatdan o‘zimni aqlliroq hisoblamayman. Lekin bu holatlar men uchun juda yaqin. Millionlab bolalar uchun bu qaror qanchalik muhim ekanini yaxshi his qilaman. O‘n yil oldin ulardan biri edim.

Ochlik qanday bo‘lishini yaxshi bilaman. Ba'zida o‘rtoqlarim men biror narsa yeb olishim uchungina uyiga chaqirishardi. Ularning ota-onalari mening qornim to‘yganiga amin bo‘lishgach, xotirjam bo‘lishardi. Bu mening atrofim. Meni Markus Reshfordga aylantirgan mehr. Manchester markazidan avtobusda o‘tar ekanman, har kuni uysiz, bechoralarni har burchakda ko‘rardim va o‘zimga o‘zim, qachondir shularga yordam berish imkoniyatiga ega bo‘lsam, albatta yordam beraman, deb qasam ichgandim», deydi Angliya terma jamoasi hujumchisi.

«Kelasi safar dushda suvni ochganingizda, karantin paytida suvi o‘chirib qo‘yilgan oilalarni o‘ylang. Choy yoki qahva damlamoqchi bo‘lganingizda, kimlardir pandemiya davrida ishsiz qolib, elektrga pul to‘la olmay qolgani haqida fikr qiling. Muzlatgichni sut olish uchun ochganingizda, ikki yuz mingdan ortiq bolalar uyida bo‘m-bo‘sh polkalar qarshisida «Nima uchun?» deb savol berayotganini tasavvur qiling. «Nega bizning kelajagimiz hech kimga kerak emas?».

Bu Angliyaning bugungi ko‘rinishi va agar vaqtida e'tibor bermasak, fikrlashimizni o‘zgartirmasak, bu tanglik yana uzoq, avlodlar osha davom etaveradi.

Terma jamoa libosini kiyar ekanmiz, har qanday raqobatni yig‘ishtirib qo‘yamiz - biz Angliya, va biz birmiz. Bugun barcha deputatlarni o‘zaro musobaqalashishdan to‘xtab, bu masalada yon berishni so‘rayman. Qiyinchiliklarni yengishga yordam bering. Iltimos, yozda ham vaucherlar sxemasi ishlashini ta'minlang. Minglab oilalarni yana bir muammodan qutqaring».

Markus Reshfordni nafaqat muxolif partiya, balki Boris Jonson tarafdorlari ham qo‘llay boshladilar. Reshfordning ochiq xatini Gari Lineker ham ulashdi - «Qani, Boris Jonson, mana bu yosh yigitga hayotidagi eng muhim vazifani bajarishda yordam bering».

«Bepul maktab yeguliklari kam ta'minlangan oilalar uchun qutqaruv balloni, kelinglar, shu safar hammasini to‘g‘ri bajaraylik, ularni qutqaraylik», deb yozdi Jonson partiyasidan bo‘lgan konservator-deputat Jorj Friman.

«Bugun parlamentdagi konservatorlar Markusning xatini o‘qiydilar va bu masalada hukumatni quvvatlash kerakmi, yo‘qmi, qiynaladilar, chunki ular ham bolalarga yordam berishni istashlari tabiiy. Hozir gap partiyaning siyosatida emas, yozgi ta'til paytida bolalarimizning och qolmasliklari haqida», dedi muxolif leyboristlar partiyasi vakili, partiyaning ta'lim vaziri Rebekka Long-Beyli.

Albatta, qarshi fikrlar ham bo‘ldi. Masalan, Angliyada taniqli media-shaxsiyat sanalgan Keti Hopkins ijtimoiy tarmoqlarda futbolchiga qarshi fikrlar bildirdi.

«Azizim, Markus Reshford. Ayol kishi bolasini boqish boqa olmasligi haqida, tug‘ishdan oldin o‘ylashi kerak emasmi? Men boshqalarning bolasi qornini to‘ydirish uchun pul to‘lashni istamayman. Hurmat bilan Keti Hopkins», dedi u.

Tabiiyki, ayol avvaldan mag‘lubiyatli bahsga kirishgandi. Birinchi bo‘lib «Kristal Pelas» sardori Patrik van Anholt chidab turolmadi. «U bu mamlakat uchun sen butun umr qilganingdan ko‘proq xizmat qildi. Qirolga ta'zim qil», deb javob berdi u.

Keyin esa, Hopkins Reshfordni troll qilishni boshladi. O‘zining go‘yoki «Siti» libosida Reshford bilan maydonda kurashayotgani haqidagi memni qo‘yib, o‘zining ko‘k rangda ekaniga sha'ma qilmoqchi bo‘ldi - «menga ko‘k rang yarashadi, shunchaki aytdim qo‘ydim».

Ammo bu hazil «Manchester Siti» rasmiy akkauntiga ham yoqmadi. «Bu bizning ko‘k emas, shunchaki aytdik qo‘ydik», deb yozdi Manchesterning ko‘k tarafi. Markus Reshford futboldagi raqib jamoaga minnatdorchilik bildirdi - «A City United».

***

Odatda, namunaviy fuqaro deganda, vaqtida soliqlarni to‘laydigan, qonunlarga amal qiladigan inson tushuniladi. Lekin kerak bo‘lganda, o‘sha hammaniki bo‘lgan pulga egalik qilishda, ularni nazorat qilishda, xalqning pulini to‘g‘ri va kerakli tomonga yo‘naltirishda o‘z fuqarolik, ijtimoiy pozitsiyasini namoyish qilish, boshqalarni shunga undash, ortga chekinmay oxirigacha harakat qilish ham juda muhim. Bu ham namunaviy fuqaroning mas'uliyatidir.

Xullas, harakatlar bekor ketmadi. Markus g‘alaba qozondi. Seshanba kuni kechga borib, hukumat bepul vaucherlar tizimini yozda ham davom ettirishga qaror qildi va buning uchun 120 million funt ajratdi.

«Men nima deyishga ham hayronman. Hammamiz birlashsak, nimalarga qodir ekanimizni ko‘ring. Bu 2020 yildagi Angliya», deb yozdi u tvitterda.

Aslida shu kunlarda Yevro-2020 o‘yinlari allaqachon boshlangan, Markus Reshford esa, Angliya terma jamoasi libosida jamoasini oldinga boshlayotgan, butun Angliya uni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lishi kerak edi. Balki Angliyaning oltin avlodi tarixda birinchi marta Yevropa chempioni bo‘lishi ham mumkin edi.

Lekin bizningcha, mana bu kurash yanada jiddiyroq, yanada, muhimroq, yanada buyukroq. G‘alaba muborak, Reshford. G‘alaba muborak, Angliya!

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid