Jamiyat | 09:12 / 21.06.2020
22637
4 daqiqa o‘qiladi

Denov avtoshohbekatining tergovchi uydirmalari asosida qamalgan rahbarlari oqlanganidan keyin ham ishiga qayta olmayapti

Curxondaryo viloyatidagi «Denov avtoshohbekati» MChJ ijrochi direktori va kuzatuv kengashi raisi tahririyatga murojaat qilishdi. Ayni kunda ular qonuniy ishiga tiklanish borasida keskin qarshilikka duch kelishmoqda.

Ular so‘nggi yillar ichida boshiga tushgan ko‘rguliklarni Kun.uz muxbirlariga hikoya qilib berishdi. Hammasi ularning nohaq qamalishidan boshlangan.

«Denov avtoshohbekati» MChJ kuzatuv kengashi raisi Abdurahmon Fayziyevning aytishicha, u va MChJ ijrochi direktori Hafiz Norboyev 2013 yilda MXX tergovchisi Nodir To‘raqulov tomonidan uyushtirilgan soxta ayblovlar bilan 12 yilga ozodlikdan mahrum etilishadi.

Bu ikki inson 3,5 yilcha muddat panjara ortida umrini o‘tkazishgach, nohaq qamalganlarini talab qilib murojaat qila boshlashgan va nihoyat oqlov qarori chiqarilgan. Ular JIB Qashqadaryo viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 8 iyun kuni ajrimi bilan oqlanadi.

Oqlov hukmi chiqarilgach, 2019 yil 15 oktyabrda JIB Surxondaryo viloyati sud ularni egallab turgan vazifasiga tiklash borasida ham ajrim chiqaradi. Xatto, MIB tomonidan 2020 yil 18 mart kuni sud hujjati amalda bajarilgani to‘g‘risida qaror ham qabul qilindi.

Abdurahmon Fayziyevning aytishicha, bular ozodlikdan mahrum etilgan davrda avtoshohbekat boshqaruviga kelgan, bugungi kunda vakolatsiz bo‘lgan shaxslar — J.Daminov, A.Rahimov va A.Murodov ularning sud qarori bilan ishga tiklanishi va ish boshlashiga keskin qarshilik qilib kelishmoqda.

MChJ ijrochi direktori Hafiz Norboyev bu yo‘lda ular tomonidan o‘ziga nisbatan suiqasd uyushtirilganini ham ta'kidlamoqda.

H.Norboyev va A.Fayziyev ishga tiklanib, MIBning ijro ishi tugatilgan kunning ertasi kuni — 2020 yil 19 mart kuni A.Fayziyevga nisbatan suiqasd uyushtiriladi. U ertalab soat 9:25 larda o‘z uyidan chiqib ketayotganida U.Murodov uning ustiga VAZ-2106 avtomashinasini qasddan haydab urib ketadi. Oqibatda H.Norboyev tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qiladi va jami 50 kun (shifoxonada va uyida) davolanadi.

Jabrlanuvchining aytishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holatni avtohalokat o‘laroq baholashmoqda, JKning 266-moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Holbuki, xusumatli taraf avval boshdan unga «o‘ldirib yuboramiz», deb ko‘p marta tahdid qilishgan va o‘zlarining jirkanch niyatini amalga oshirish uchun avtohalokat uyushtirishgan. H.Norboyev ushbu jinoyat 25-modda orqali 97-modda bilan malakalanishi kerakligini ta'kidlaydi va olib borilayotgan tergovdan mutlaqo noroziligini aytadi.

Shu kungacha MChJ rahbarlari korxonaga kiritilmayapti, ularga tashkilot muhr va shtamplari tashkilotni endilikda noqonuniy rahbarlik qilib turgan shaxslar tomonidan qaytarib berilmayapti.

Abdurahmon Fayziyev Denov tuman prokuraturasidan najot istab 18 marta murojaat qilgani, tumandagi, viloyatdagi rahbarlarga ko‘p marta xat orqali murojaat qilganini aytadi. Ularning birortasiga ham javob berilmagan.

Qolaversa, MChJ hissadorlari va rahbarlari ozodlikdan mahrum etilgan paytda tashkilotga katta miqdorda moliyaviy zarar yetkazilgan, MChJ ulushdorlarning 100 foiz roziligi talab etilsa-da, ularning ruxsatisiz tashkilotga tegishli binolar boshqa bir tashkilotning kredit ta'minoti uchun garov sifatida tikib yuborilgan. Mol-mulklar talon-toroj qilingan. Murojaatchilar aynan mana shular sababli ularning tashkilot rahbarligiga qaytishlariga tish-tirnoq bilan to‘sqinlik qilinayotganini aytishmoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, A.Fayziyev va H.Norboyevni ishga tiklashga oid sud qarorlari ustidan manfaatdor taraf nazorat tartibida Oliy sudga shikoyat kiritgan. Hozir A.Fayziyev va H.Norboyev Oliy sud ham bu borada adolatli qaror chiqarishidan umidvor bo‘lib turishibdi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri
Faxriddin Hotamov, tasvirchi va montajchi.

Mavzuga oid