Jamiyat | 20:45 / 22.06.2020
16728
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ijduvondagi janjalga aralashib qolgan ichki ishlar organi xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Foto: KUN.UZ

Kun.uz saytida «G‘ijduvonda janjal yuz berdi: voqeaga aloqadorlar va IIB xodimining xatti-harakati baholanmoqda» sarlavhasi ostidagi surishtiruv e'lon qilingan edi.

Murojaatda «Sadriddin Ayniy» MFY profilaktika inspektori, leytenant R.Muhiddinov jabrlanuvchilardan biri Sh.Rajabovning qo‘lidan tutib turib, o‘sha yerda bo‘lgan uch yigitga uni tepkilashga sharoit qilib bergani, IIB xodimi qishloqdoshi Murod Oripov tomonga yordam berish maqsadida atay shu joyga kelgani ma'lum qilingan edi.

G‘ijduvon tuman prokurori, adliya maslahatchisi Sh.Shodiyevning 20 iyunda imzolagan qarorida aytilishicha, «Denov» hududi bo‘yicha profilaktika inspektori R.Muhiddinov janjalni o‘z vaqtida bartaraf qilish chorasini ko‘rmagani oqibatida fuqaro B.Shodiyev va boshqalar tomonidan Sh.Rajabov va M.Sanoyev urilgan va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazilgan.

Ta'kidlanishicha, fuqarolar B.Halimov va M.Oripov o‘rtasida kelib chiqqan janjal bartaraf etilmaganligi va fuqarolarning o‘rtacha og‘ir tan jarohati olishiga sabab bo‘lgani holati bo‘yicha, tergov harakatlari olib borilmasdan qonuniy to‘xtamga kelib bo‘lmasligi sababli, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish lozim bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, JKning mazkur moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlarini olib borish tuman prokuraturasi tergovchisi S.Odilovga yuklangan.

Mavzuga oid