Jamiyat | 08:33 / 22.06.2020
5603
2 daqiqa o‘qiladi

Hisoblagichlarni tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish muddati 1 sentyabrgacha uzaytirildi

Karantin e'lon qilinganidan keyin ko‘pchilikda elektr energiyasi, gaz, sovuq va issiq suv hisoblagichlari tekshiruvdan qanday o‘tkazilishi yuzasidan savollar tug‘ildi.
 
Masalaga oydinlik kiritish va aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida Respublika inqirozga qarshi kurashish komissiyasi (Prezidentning 19.03.2020 yildagi PF-5969-son Farmoni bilan tashkil etilgan) tomonidan navbatdagi bayonnoma tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Hujjatga muvofiq mazkur davrda kun tartibida turgan asosiy masalalar koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, aholi xavfsizligini ta'minlash, fuqarolar hamda kommunal xizmatlar xodimlarining hayoti va salomatligini muhofaza qilish hisoblanadi.
 
Shu boisdan Davlat xizmatlari markazlari orqali olingan tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq suv hisoblagichlarini tekshirish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddatlari 2020 yil 1 sentyabrga qadar uzaytirildi.
 
Bundan tashqari, aholi va ijtimoiy obektlarning tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiq va sovuq uchun qarzdorligi yuzasidan sudga da'volar berish, shuningdek ularni tarmoqdan o‘chirish vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Mavzuga oid