O‘zbekiston | 21:03 / 27.06.2020
6459
2 daqiqa o‘qiladi

«Belorusning Belavia aviakompaniyasi Toshkent – Minsk yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda» – Uzbekistan Airports

Ayni paytgacha Minsk – Toshkent – Minsk yo‘nalishida faqat «Uzbekistan Airways» parvozlarni amalga oshirib kelgan bo‘lsa, endi Belorusning Belavia aviakompaniyasi parvozlarni boshlaydi.

Qayd etilishicha, keyingi vaqtda ikki davlat o‘rtasida aloqalar, xususan, talabalar almashinuvi, turli sohalar bo‘yicha o‘zaro malaka oshirish rivojlanib borayotgani uchun Toshkent – Minsk yo‘nalishidagi parvozlarga ehtiyoj oshib bormoqda.

«Parvozlar ko‘lamini kengaytirish, aholining havo qatnoviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish shuningdek O‘zbekiston-Belarus davlatlari o‘rtasida sayyohlikni yanada rivojlantirish maqsadida Toshkent xalqaro aeroportining Belorusning Belavia aviakompaniyasi havo kemalariga xizmat ko‘rsatishiga oid shartnoma imzolandi.

Belavia Belarus Respublikasining 1996 yilda tashkil topgan eng yirik aviatashuvchisidir. 1997 yildan beri u Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA) to‘laqonli a’zosi, 2010 yildan esa, Yevropa mintaqaviy aviakompaniyalari uyushmasi (ERAA)ning a’zosi sanaladi.

Belavia Minsk Milliy aeroportida joylashgan bo‘lib, Yevropa, MDH va Osiyo davlatlaridagi 50dan ortiq aeroportlarga muntazam reyslarni amalga oshiradi. Hozirda xorijiy hamkor aviakompaniyalari bilan 42ta tijorat shartnomalarini imzolagan.

Belavia havo floti G‘arb kompaniyalarida ishlab chiqarilgan zamonaviy 28 «Boeing» va «Embraer» samolyotlariga ega.

Belavia fuqaro aviatsiyasi sohasidagi eng so‘nggi talablarga javob beradigan, doimiy rivojlanish va takomillashtirishga, yo‘lovchilar salmog‘ini oshirishga intiladigan harakatdagi aviakompaniya hisoblanadi», deyiladi «Uzbekistan Airports» AJ axborot xizmatining xabarida.

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, 1 avgustdan xorijiy davlatlarga aviareyslar qo‘yilishi kutilmoqda. Xuddi shu sanadan boshlab Belavia aviakompaniyasi ham Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi, Belorusda qolib ketgan o‘zbekistonliklar uchun charter reyslarni boshlashi mumkin.

Belavia aviakompaniyasi epidemiologik vaziyat barqarorlashishiga qarab, Minsk-Toshkent-Minsk yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga 2 marta amalga oshirish parvoz qilishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid