O‘zbekiston | 02:31 / 27.06.2020
9331
2 daqiqa o‘qiladi

Ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar 5ta yo‘nalishni tanlay olmasligiga izoh berildi

Qabul masalalariga bag‘ishlangan tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov kirish imtihonlarida alohida iqtidor talab qiladigan yo‘nalishda abituriyentlarning nega 5ta yo‘nalishni tanlash imkoni yo‘qligiga izoh berdi.

«Ayni paytda ko‘plab abituriyentlardan alohida iqtidor talab qiladigan yo‘nalishlarda ham nega 5ta yo‘nalish tanlash mumkin emas, degan savol kelib tushmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Asosiy sabab – ijodiy yo‘nalishlarning har birida abituriyentdan o‘ziga xos iqtidor talab qilinishi bilan bog‘liq», – dedi Adbuvali Xoliqov.

Vazirlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, alohida iqtidor talab qiladigan yo‘nalishlar uchun imtihon to‘g‘ridan to‘g‘ri OTMlarda o‘tkaziladi va bu sinovlarda OTMlardagi komissiyalar qo‘ygan ballar abituriyentning talabalar safiga qabul qilinishiga asos bo‘ladi.

Ularni baholashda inson faktori ishtirok etadi va hamma yerda o‘ziga xos baholash mezonlari bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, qabul faqat ijodiy (kasbiy) imtihonlar asosida bo‘ladigan 132ta yo‘nalishdan tashqari, o‘qishga kirishda ham ijodiy imtihon, ham test topshiriladigan 13ta yo‘nalishda ham bir vaqtning o‘zida 5ta yo‘nalishni tanlash imkoniyati yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, test topshirilmaydigan, alohida iqtidor talab etiladigan ta'lim yo‘nalishlari uchun imtihonlar o‘tkazilishi sanasi 25 iyuldan 10 avgustgacha etib belgilangan.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid