O‘zbekiston | 01:52 / 27.06.2020
13313
3 daqiqa o‘qiladi

Komil Allamjonov o‘zbek jurnalistikasidagi eng katta ikkita muammo haqida gapirdi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov UzReport telekanaliga intervyu berdi.

Bugun o‘zbek jurnalistikasining eng katta muammosi nimada, deya berilgan savolga javoban Allamjonov ikkita masala haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Sohaning ichidan qaraydigan bo‘lsak, albatta, kadrlarning saviyasi. Chunki jurnalistika sohasi, umuman, blogerlik deymizmi, ular trendda bo‘lmagan soha bo‘lgan. Sohadan faqatgina shu gazeta-jurnal, televideniye va radio uchun mutaxassislar yetkazib berilgan. OAVlarning ko‘pchiligi davlat tizimiga tegishli bo‘lgan, xususiy sektor bo‘lmagani uchun u yerda ularning qadri baland bo‘lmagan.

Endi, mana, 2016 yildan buyon so‘z erkinligi keng joriy qilinishi, umuman, jurnalistika va OAVga e'tibor o‘zgargani uchun ham jurnalistlarning mavqeyi oshib bormoqda. Lekin o‘z o‘rnida ularning oldida turgan o‘sha muammo — kadrlar saviyasi, yetuk kadrlar yetishmasligi bitta masala.

Ikkinchisi – davlat organlarining jurnalistlar faoliyatiga nisbatan tushunchasi yetishmasligi. Bugun shunday ajoyib bir holatki, xohlaymizmi, xohlamaymizmi, ochiqliksiz ishlay olmaymiz.

Ikkita yo‘limiz bor: yoki matbuot bilan ishni tashkil qilib ochiq bo‘lamiz, matbuot so‘ragan ma'lumotni o‘z vaqtida beramiz, matbuotda ko‘tarilgan muammoning yechimini o‘z vaqtida topamiz, matbuot ko‘targan masalalarga zudlik bilan munosabat bildiramiz. Yoki ular bilan ishlamaymiz.

Unda nima bo‘ladi? U holda yolg‘on ma'lumotlar ko‘payadi, chunki bugun shunaqa zamonda yashayapmizki, agar jurnalist va blogerning og‘zini yopsangiz, haqiqatni ko‘tarayotgan odamlarning faoliyatini to‘xtataman desangiz, bu bilan muammo yechilmaydi.

Og‘izni yopishga urinsangiz, bu kasbni tanlagan odam sohani tark etmaydi, u anonimga aylanadi va so‘ngra Feysbukda paydo bo‘ladi. Feysbukni o‘chirib qo‘ysangiz — u Instagramga boradi. Instagramni o‘chirib qo‘ysangiz — u Tvitterga boradi. Tvitterni o‘chirib qo‘ysangiz — u Telegramga boradi. Uni ham o‘chirib qo‘ysangiz, Shimoliy Koreya bo‘lamiz, qo‘yamiz.

Boshqa yo‘limiz yo‘q, yagona yo‘l bu — matbuot bilan ishlashni zudlik bilan o‘rganishimiz shart», – dedi Komil Allamjonov.

Mavzuga oid