O‘zbekiston | 19:30 / 10.07.2020
20589
4 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Akfa» universitetiga oid qaror loyihasiga munosabat bildirdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga muhokamaga qo‘yilgan «Akfa universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi ayrim bandlari «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid hisoblanadi.

Foto: Akfa

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Akfa universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori (ID-19254) loyihasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Adliya vazirligida 2019 yil 19 aprelda 3155-son bilan ro‘yxatga olingan Qonun hujjatlarining raqobatga ta'sirini baholash metodikasi asosida ko‘rib chiqilgan.

Qaror loyihasining ayrim bandlari O‘zbekiston Respublikasi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonuni talablariga zid bo‘lgani uchun, loyihani qonun talablariga moslashtirish maqsadida qo‘mitaning 2020 yil 26 iyundagi 525/02-11-sonli xat bilan vazirlikka tegishli xulosa berilgan», deyiladi qo‘mitaning rasmiy bayonotida.

Ma'lum bo‘lishicha, qo‘mita xulosasida «umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasining qabul qilinishi oqibatida boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklar berilishi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 12-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 31 maydagi PQ-3756-sonli qarori talablariga zidligini inobatga olib, qarorni mazkur qonunchilik hujjatlari talablariga moslashtirilgandan so‘ng qabul qilinishi maqsadga muvofiq hisoblanishi» ta'kidlangan.

Avvalroq Akfa universiteti faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid qaror loyihasida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun, soliq va yerdan foydalanishga oid qonunlarning qator normalari buzilayotgani jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, «Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi prezident va Senatga hisobdor bo‘lishi belgilangandi.

Farmonda qo‘mita quyidagi vazifalarni amalga oshirishda bevosita prezidentga muntazam ravishda axborot kiritib borishi ko‘rsatib o‘tilgan:

– imtiyozlar, preferensiyalar va faoliyatni amalga oshirish uchun eksklyuziv huquqlar shaklida ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magining samaradorligi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish hamda ular raqobat muhitiga salbiy ta'sir etgan taqdirda, ularni bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritish;

– Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi hamda alohida tartib o‘rnatilgan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarning xaridlari ustidan davlat nazoratini olib borish;

– davlat organlarining raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini buzuvchi qarorlarini bekor qilish va ularning mansabdor shaxslariga nisbatan chora qo‘llash bo‘yicha takliflar kiritish;

– «kartel» kelishuvlari va til biriktirishlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda aniqlash va ularga chek qo‘yish;

– davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning tashkil etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.

Mavzuga oid