Jamiyat | 18:38 / 10.07.2020
27878
10 daqiqa o‘qiladi

«Yordam so‘rash – haqiqiy muhtoj uchun so‘nggi chora» – karantin hayotini qiyinlashtirgan bir oila haqida

Respublika bo‘ylab karantin e'lon qilinganidan so‘ng biroz muddat uyimda – Samarqand viloyati, Qo‘shrabot tumanida bo‘ldim. Bir nechta qishloqlarda muhtoj ayollar bilan gaplashdim. Ularning o‘y-kechinmalari, hayotdagi maqsadlari, ko‘rayotgan qiyinchiliklari haqida ko‘p ma'lumotga ega bo‘ldim va xulosalarimni siz bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim. O‘tgan safargi maqoladan keyin qator ijobiy fikrlar oldik va shunday taqdirlarni yana olib chiqishga qaror qildik.

Illyustrativ foto

Gulsara Bahromova Qo‘shrabot tumanidagi qishloqlardan birida istiqomat qiladi. 3 o‘g‘li, 1 nafar qizi bor. Turmush o‘rtog‘i vafot etganidan so‘ng ro‘zg‘or tashvishi, farzandlar tarbiyasi yolg‘iz ayolning zimmasida qolib ketdi. Keling, uning hikoyasiga quloq tutamiz.

«Qora mehnat bilan bola boqdim»

«Turmush o‘rtog‘idan ayrilish og‘rig‘ini faqat shu holatga tushganlargina anglab yetoladi. O‘sha payti nimalarni his qilganimni aytib berganim bilan buni to‘liq his qilolmaysiz. 12 yildan beri yurak tubidagi og‘ir yuk bilan yashab yuribman. Judolikdan keyin bolalarimni qanday katta qilib olaman, degan o‘y xayolimni butunlay band qilib qo‘ydi. Nafaqa olardim va tabiiyki 4 farzandimga bu yetmasdi. Ular ulg‘aygunicha odamlarning dalasida ishladim, xashak, bug‘doy, no‘xat, beda o‘rib berardim. Qora mehnatda qiynalib bo‘lsa-da, o‘z kuchim bilan bolalarimni oyoqqa turg‘izishga harakat qildim. Atrofdagilardan yordam kutmaslikka urindim. Yaqinlarimning ham o‘z tashvishi bor, yuk bo‘lishni istamasdim. Hozir 3 o‘g‘limning qo‘lidan ish keladigan bo‘lgan. Menga ishlamang, o‘zimiz pul topib kelamiz, deyishadi».

«Qo‘shnilar navbati bilan ovqat chiqarishardi...»

«Umrim shu qishloqda o‘tyapti. O‘tgan davr bilan hozirgisini solishtiraman. Ayniqsa, hozirgidek qiyin vaziyatlarda odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini solishtirib xulosa chiqarib olsangiz bo‘ladi. Qishloq odamlari oldingilariga qaraganda ancha mehrsiz bo‘lib qolishgan. Qizlik davrimni eslayman: qo‘ni-qo‘shnichilik oqibatlari kuchli edi. Uyda biron tansiq taom qilinsa, qo‘shniga ulashardik. Betob bo‘lganda, xabar olardik. Onam jigar sirrozi, otam esa saraton bilan kasallanib vafot etishdi. Kasal bo‘lgan vaqtlarida qo‘shnilar navbatma-navbat har kuni issiq ovqat chiqarib turishardi. Hozir o‘sha paytlarni gapirib bersam, hayron qolishadi. Biz uchun bular tabiiy hodisa edi. Bolaligimizdan qo‘ni-qo‘shnichilik oqibati kuchli bo‘lishi kerakligi uqtirishgan. Hozir pul topish dardida bo‘lib, yaqinlar holidan xabar olmay qo‘ygandirmiz. Telefon orqali ham hol-ahvol so‘rab qo‘yaveradigan bo‘lganmiz».

«Karantin boshqalar kabi bizga ham o‘z ta'sirini o‘tkazdi»

«Karantin boshlangach, boshqalar kabi bizda ham qiyinchiliklar bo‘ldi. 2 o‘g‘lim shaharda turli joylarda ishlab pul topishardi. Shu orqali ro‘zg‘orimizni amallab turardik. Vaziyat yomonlashgach, ular ham qaytib kelishdi. Asosiy daromadimizdan ayrilgach, farzandlarimga beriladigan nafaqa bilan kun ko‘rdik. Ustiga-ustak, bozorda narx-navo oshib ketgan. Ayniqsa un narxi oshib ketganligi ahvolimizni og‘irlashtirib qo‘ydi. Bir qopini 120-130 ming so‘mga sotib olardik, keyin 230 ming so‘mgacha chiqdi.

Ikki farzandimga oladigan 400 ming so‘m pulni ham oziq-ovqatga ishlatdik. Tomorqaga sabzavotlar ekkandim, havo yomon keldi, bu yil hosil unchalik ko‘p bo‘lmasligi aniq. Odamlarning bog‘ ishlari ko‘payganidan keyin axvolimiz biroz o‘nglangandek bo‘ldi. O‘g‘lim qishloqdoshlarimizning bog‘ ishlariga qarashdi. Bu mavsumiy ish. Ish ko‘paygan payti oyiga 400-500 ming so‘m daromad keladi».

«Boshqalardan yordam so‘rash eng oxirgi choram bo‘lgan»

«Shu yilning mart oyi oxirlarida peshin vaqti odatdagidek tandirda non yopayotgan edim. Qizimni qo‘shninikiga ovqat olib borishi uchun jo‘natdim. Bir payt it hurgani-yu, qizimning baqirgan ovozi kela boshladi. O‘sha yerga qanday tezlik bilan borib qolganimni eslolmayman. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qo‘shnining iti qizimni talab tashlabdi. Kiyimi yirtilgan, tanasining ko‘p joylari yaralanib, bir ahvolga kelib qolgandi. Hammasi bir zumda bo‘lib ketdi. Nima bo‘lganini ham anglolmay qoldim. Zudlik bilan tez yordam chaqirdik. Qizimni olib tez yordam mashinasida tuman tibbiyot birlashmasiga bordim.

Qo‘limda pulim yo‘q edi. Shifoxonaga borsam, hamshiralar tibbiy niqobni taqib olishimni so‘rashdi. Menda niqob yo‘q edi. Yangisini sotib olishgayam pulim qolmagandi. Bir tarafda qizimning axvoli, bir tarafdan esa muhtojlik: meni ikki tomondan siqib kelardi. Nima qilishni bilmasdim. Keyin tuman markazida yashaydigan singlimdan qarz olishga majbur bo‘ldim. Singlimning ham oilasi bor. Pulni tezroq qaytarishim kerak, deb tuman hokimiyatiga bir martalik moddiy yordam so‘rab bordim. Hokimiyatdagilar moddiy yordam berolmasliklarini, faqat oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilishini aytishdi.

So‘ng xayriya uchun mahsulot tarqatiladigan omborxonaga borishimni aytishdi. O‘sha yerdagi mas'ul xodima «Sizning farzandlaringiz voyaga yetib qolgan, sizni kam ta'minlangan oilalar ro‘yxatidan chiqardik. Shundayam bu yerga kelibsiz. Hokimiyatdan sizga yer ajratilgan. U yerga ekin-tekin qilsangiz bo‘ladi. Nima bo‘lsa, bu yerga kelavermang. Mayli, mana bu oziq-ovqatlar qutisini oling-da, keting», deyishdi.

Ochig‘ini aytganda, yer olganim bilan quduq qazdirishga sharoit qilolmadik. Dehqon xo‘jaligi tarkibida boshqa qishloqdoshlarga ham yer berilgandi. Ularning qudug‘idan foydalanib turdik. O‘zingniki bo‘lmagandan keyin har doim ishlatolmaysan. Shuncha ekin-tekin qilsangiz-u, suv bo‘lmasa, nima qilasiz?

Maqsadim faqat qizimni sog‘lig‘ini tiklash uchun moddiy yordam olish edi. Ularga buni tushuntirolmadim. Och qolib ketsam ham, kimdandir yordam so‘rab borgim kelmasdi. Qizimning betobligi shunday yo‘l tutishimga sabab bo‘ldi. Shunday qilib, oziq-ovqat qutisini olib qaytaverdim (olmoqchi emasdim, lekin uyimizda yegulik qolmagandi). Alamim kelganidan yig‘lab chiqib ketdim o‘sha yerdan. Majbur bo‘lmaganimda och qolsam ham hokimiyatga yordam so‘rab bormasdim. Shu paytgacha hokimiyatga yordam so‘rab bormagandim. Bu borishim birinchi va oxirgisi bo‘lsin, deyman».

Bevaga mingta ko‘z qaraydi...

Turmush o‘rtog‘imdan ajralgach, ikkinchi turmush qurish haqida hecham o‘ylab ko‘rmaganman. O‘shanda fikr-u xayolim farzandlarimni hech narsaga zoriqtirmay voyaga yetkazish bo‘lgan. O‘rnimda boshqa ayol bo‘lsa ham shunday qilardi. Ikkinchi turmush bizlarga to‘g‘ri kelmaydi. Shu sababli bunday fikrlarga o‘rin qoldirmaganman. Yolg‘iz va erli ayol o‘rtasida farq juda katta bo‘larkan. Turmush o‘rtog‘i yonida bo‘lgan ayol ko‘ngli to‘q yuradi. Beva qolgan ayol esa har qadamini yetti o‘lchab bosishi kerak. To‘y-hashamlarga ham uncha boravermayman. Odamlar har bir xatti-harakatimdan boshqacha ma'no izlashlari mumkin, degan xavotir uyg‘onadi xayolimda».

«Farzandlarimga qarasam, ko‘zlarida mungni ko‘raman»

Oilada otaning o‘rni baribir boshqacha. O‘g‘illarim, qizim boshqa tengdoshlari kabi betashvish o‘ynab kulganlarini uncha eslolmayman. Ko‘zlariga qarasam, boshqacha bo‘lib ketaman. Dard bor, lekin menga ko‘rsatishmaydi. Uyda yeyishga hech narsamiz qolmagan paytlar ko‘p bo‘lgan. Shunda bolalarim ko‘ziga qarolmasdim. Ular ham meni noqulay ahvolga solib qo‘ymaslikka harakat qilishardi. Karantin payti, ayniqsa, juda noqulay ahvolga tushib qoldik. Voyaga yetgan bolalarim bo‘la turib qo‘shnilardan non so‘rab turishgayam uyalarkansiz. So‘ng 3 kun nonsiz o‘tirishga majbur bo‘lib qoldik.

Shu 3 kun menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Bolalarim uchun ham kuchli bo‘lishim kerak. O‘g‘illarim o‘z yo‘lini topib ketishar, qizimni esa iloji boricha o‘qitishga harakat qilaman. Qiz bola kasb-hunarli bo‘lgani yaxshi ekan, hech kimga zoriqmaydi. Kelajakda farzandlari uchun ham yaxshi. Niyatlarim ko‘p. Farzandlarim hozirgi qiyinchilik kunlarini ortda qoldirishlari uchun ham bugundan harakat qilishim kerak. Eng katta orzuyim – farzandlarim baxt-u kamolini ko‘rish. Yana nimayam kerak biz ayollarga...

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Mavzuga oid