O‘zbekiston | 19:23 / 13.11.2020
34123
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari tuman hokimlarining «Trailblazer»lari bo‘yicha munosabat bildirdi

Bugun, 13 noyabr kuni Samarqand viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Hokim o‘rinbosari viloyatda kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan ishlar hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda e'tirozlarga sabab bo‘lgan holat – Narpay, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlari hokimlarining «UzAuto Motors» AJ sotayotgan eng qimmatbaho avtomobillardan biri – «TRAILBLAZER» xarid qilgani yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ochig‘ini aytish kerak, hozirgi sharoitda tuman-shaharlar o‘zlarida qolgan mablag‘ni hududda kambag‘allarni kamaytirishga sarflasa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Biz pandemiya davrida «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasiga viloyat bo‘yicha 24 milliard so‘m mablag‘ tushirishni maqsad qilgandik. Tumanlarimizdan ham 14 milliard so‘mdan ortiqroq mablag‘ yig‘ildi. Xususan, yuqorida tilga olingan tumanlar ham rejalashtirilgan summani jamg‘armaga tushirib berishdi. Ushbu mablag‘lar hududlarda qish-bahor fasllarida kambag‘al oilalarga ko‘mak berishga yo‘naltiriladi.

Ammo bir faktni tan olishimiz kerak, so‘nggi yillarda tuman-shaharlarning mahalliy budjeti o‘zida qolyapti. Ya'ni, ular o‘z mablag‘iga o‘zi xo‘jayin, biz boshqa maqsadlarga yo‘naltirishga haqqimiz yo‘q.

Shaxsan «TRAILBLAZER» xarid qilgan tuman hokimlarining avval qanday mashinada yurishganidan xabardor emasman.

Yana bir gap. Hududlarda mahalliy budjetni qayerga yo‘naltirish xalq deputatlari tuman-shahar kengashlarining qarori bilan amalga oshiriladi. Demak, deputatlar qo‘l ko‘tarishdan oldin savol bersalar, o‘sha mablag‘larni kambag‘alchilikni kamaytirishga yo‘naltiraylik desalar, hech bir hokim bunga qarshi borolmaydi», deya Jamshid O‘roqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lumot uchun, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlari natijasiga ko‘ra Qo‘shrabot tumani «qizil», Narpay va Ishtixon tumanlari esa «sariq» hududga kiradi. Qo‘shrabotda hozirgi vaqtda 1312ta oila kambag‘al hisoblanib, ushbu oilalarda yashovchilar 5947 nafarni tashkil qiladi. Narpayda esa 2018ta oila (yashovchilar soni 8771 nafar), Ishtixon tumanida 2052ta oila (yashovchilar soni 9063 nafar) kambag‘al hisoblanadi.

Mavzuga oid