Vazir karantin davrida xayriya mablag‘lari sarflanishi shaffof bo‘lmaganiga izoh berdi
O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov karantin davrida xayriya pul mablag‘larining sarflanishi vazirlik vakolatidagi masala emasligini aytdi.
Vazir ushbu masalaga 12 iyul kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan pul mablag‘lari qabul qilingani va ushbu mablag‘larning sarflanishi bo‘yicha ma'lumotlar ochiqlanmagani haqidagi fikrlarga nisbatan aytib o‘tishim zarurki, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga pul mablag‘lari qabul qilingan emas.
Markazlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan homiylik asosida taqdim etilgan faqat oziq-ovqat, tibbiy buyumlar va boshqa zarur mahsulotlar qabul qilinib, sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda muhtoj oilalarga yetkazib berildi.
Respublika maxsus komissiyasining 14-sonli bayoni tegishli bandlariga asosan, homiy tashkilot va shaxslarning pul ko‘rinishidagi xayriya mablag‘lari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida tashkil etilgan «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazildi. Ushbu mablag‘lar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan zarur jihatlarga tegishli tartibda yo‘naltirilmoqda.
Homiy tashkilotlar va fuqarolarning xayriya pul mablag‘lari esa O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining respublika boshqaruvi hamda hududiy bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali qabul qilinishi hamda o‘rnatilgan tartibda sarflanishi belgilandi.
«Mahalla» xayriya jamoat fondi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimidan alohida faoliyat yurituvchi mustaqil tuzilmadir», – dedi Rahmat Mamatov.
Ma'lumot uchun, «Mahalla» xayriya jamoat fondi ustavida fond tashkiliy-huquqiy shakli jamoat fondi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkiloti sifatida belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari 2 apreldan 20 maygacha ish olib bordi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt oralig‘ida mahallalarda shakllantirilgan ro‘yxat va koll-markazning 1197 qisqa raqami orqali kelib tushgan murojaatlar asosida 9145ta mahallalarda istiqomat qiluvchi 413 072ta ehtiyojmand oilaga 49 mlrd 910 mln so‘m miqdorida homiylik xayriyalari yetkazib berilgan.
Mavzuga oid
18:59 / 26.11.2024
Surinam neft daromadlarini fuqarolar bilan baham ko‘radi
11:33 / 23.11.2024
Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda
12:19 / 22.11.2024
Toshkentda nogironligi bo‘lganlar uchun “Ijtimoiy taksi” xizmati yo‘lga qo‘yildi
23:49 / 08.11.2024