O‘zbekiston | 20:23 / 14.07.2020
3826
3 daqiqa o‘qiladi

BMT maxsus ma'ruzachisi O‘zbekiston sud hokimiyati davlat hokimiyati amalda mustaqil bo‘lishi uchun hali juda ko‘p ishlar qilish kerakligini ta'kidladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan 13 iyul kuni BMT Inson huquqlari kengashining 44-sessiyasida O‘zbekistonda sud tizimida amalga oshirilgan qator islohotlarni e'tirof etish borasida sud hokimiyati davlat hokimiyati amalda mustaqil bo‘lishiga uchun hali juda ko‘p ishlar qilish kerakligini ta'kidladi.

«Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosat sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun ta'sirchan mexanizmlar yaratilgan.

BMT Maxsus ma'ruzachisining fikricha, ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom ma'noda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo‘lidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo‘lishiga erishish hamda sudyalar, prokurorlar va advokatlar o‘z kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini ta'minlash uchun hali juda ko‘p ishlar qilish kerak bo‘ladi», deyiladi Oliy sud saytida e'lon qilingan xabarda.

Diyego Garsiya-Sayan O‘zbekistonda sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yanada mustahkamlash hamda huquqshunoslar o‘z kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini ta'minlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham bergan. Xususan, mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli quyidagi tavsiyalar taqdim etilgan:

– sud-huquq tizimidagi islohotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishni davom ettirish, xususan, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustunligini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo‘yish;

– sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish, ya'ni sud hokimiyatining tom ma'nodagi mustaqilligini ta'minlash;

– Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirish, uni shakllantirish tartibini yanada mukammallashtirish;

– sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tartib-taomillarini takomillashtirish;

– sudyalarning vakolat muddatlarini qayta ko‘rib chiqish;

– sud tizimida gender tenglikni, ya'ni ayol sudyalar ham teng asosda ishlashini ta'minlash;

– prokuratura organlarining vakolatlarini cheklash;

– advokatlarning maqomi va mustaqilligini mustahkamlash;

– odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan barchaning, jumladan, nogironlarning ham erkin foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.

Oliy sud axborot xizmatining bildirishicha, BMT maxsus ma'ruzachisining ma'ruzasida qayd etilgan tavsiyalarning aksariyati mamlakatimiz tomonidan o‘tgan qisqa davrda bajarilgan, tavsiyalarning qolgan qismi izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Diyego Garsiya-Sayan 2019 yil 19-25 sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan edi. Tashrif davomida yuksak martabali mehmon O‘zbekistonning rasmiy doiralari vakillari bilan uchrashib, muzokaralar olib borgan edi.

13 iyul kuni BMT Inson huquqlari kengashining Jyenevada bo‘lib o‘tayotgan 44-sessiyasi doirasida u O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlari bo‘yicha ma'ruza qilgan. BMTga a'zo mamlakatlar delegatsiyalarining bevosita ishtirokisiz o‘tayotgan Inson huquqlari kengashining ushbu sessiyasi ishida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham video-konferens-aloqa rejimda ishtirok etdi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid