Light | 17:16 / 15.07.2020
25454
8 daqiqa o‘qiladi

8 soatlik ish, 8 soatlik uyqu va 8 soatlik erkinlik: dunyo ishchilari erishgan g‘alaba

Ko‘plab davlatlarda odamlar haftasiga 40 soat ishlaydi. Ko‘pchilik 40 soat ishlash odatiy hol bo‘lib kelgan va odatiy bo‘lib qoladi, degan fikrda bo‘lishi mumkin. Biroq 8 soatlik ish vaqtiga erishish uchun qachonlardir odamlar tish-tirnog‘i bilan kurashishgan.

Sanoat inqilobida qalqib chiqqan muammolar

Britaniyada boshlangan sanoat inqilobi ko‘plab davlatlarda fabrika mehnatini ommalashtirdi, kapitalistik tizim rivojiga ham hissa qo‘shdi. Ishlab chiqarish sanoatlasha bordi, biroq bu kabi ijobiy ko‘rsatkichlar bilan bir qatorda salbiy muammolar ham yuzaga chiqa boshladi.

Foto: thethingsnetwork.org

Bolalar mehnatidan foydalanish, xavfli ish sharoiti va haftasiga 6 kun davomida 10 soatdan 16 soatgacha davom etadigan ish kuni ana shunday asosiy kamchiliklardan edi.

Muammolarni ilg‘ay boshlagan mehnat vakillari esa vaziyatni yaxshilash uchun harakat qila boshladi.

Foto: vintag.es

1810 yilda 10 soatlik ish kuni

Hozirgi odamlar kuniga 10 soat ishlashsa, o‘zlarini uzoq davom etgan smenadan chiqqandek his qilishadi. Lekin 1810 yilda Shotlandiyaning Nyu-Lanark shahridagi tegirmon egasi Robert Ouen 10 soatlik ish kunini ilk bor taklif qilganida ishchilar buni ta'tildek qabul qilishgan.

Robert Ouen
Foto: great-country.ru

10 soatlik ish kunini ham ko‘p deb hisoblagan Robert Ouen esa keyinroq 8 soatlik ish kuni uchun kurasha boshladi.

8 soatlik mehnat, 8 soat uyqu va 8 soatlik erkinlik

Robert Ouen 8 soatlik ish kuni talabi bilan chiqqanida uning shiori quyidagicha edi: “8 soatlik ish kuni, 8 soatlik dam olish vaqti va 8 soatlik uyqu”. 

Keyinchalik Robert Ouenning ish soatini qisqartirish haqidagi g‘oyalariga ko‘pchilik tomonidan e'tibor qaratila boshlangan. Buyuk Britaniyada dastlab ayollar va bolalar uchun ish vaqti 10 soat etib belgilandi. Fransiyada esa 1848 yilda ishchilar kurashi ularning 12 soatlik ish kuniga erishishi bilan yakunlangan.

Foto: Pinterest

1840 va 1850 yillarda Avstraliya va Yangi Zelandiyaning malakali ishchilari ham kuniga 8 soat ishlash imkonini qo‘lga kiritishgan.

Karl Marks taklifi

Kommunistik mafkura asoschisi Karl Marks ham qisqa ish kunini taklif qilgan.

Uning fikricha, ishchini ortiqcha ishlatish uning ma'naviy va jismoniy haqqini o‘g‘irlash bilan birga xodimning ish samaradorligi tushishiga va hatto o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun u ortiqcha ish vaqti ham xodim uchun, ham ish beruvchi uchun zararli deb hisoblagan.

Foto: proriviss.org

Va Marks har ikkala tomonni ham ish standartlarini o‘zgartirishga undagan.

Iqtisodni bir haftaga to‘xtatgan ish tashlashlar

AQSh ham 40 soatlik ish haftasiga bosqichma-bosqich tarzda yetib kelgan.

Dastlab 1791 yilda Filadelfiya ko‘chalarida duradgorlar 10 soatlik ish kuni uchun namoyishlar boshlashgan. 1830 yildan boshlab, 10 soatlik ish kuni ko‘pchilik uchun umumiy talabga aylanadi. Filadelfiya esa butun davlat uchun ish vaqtini qisqartirish harakatlarining markazi bo‘lib qolgan. Va oxir-oqibat 1835 yilda Filadelfiyada Shimoliy Amerikadagi birinchi yirik ish tashlash o‘tkaziladi. Bu irland ko‘mir koni ishchilarining shahardagi boshqa ishchilarni ish beruvchilarga qarshi oyoqqa turishga undashi bilan sodir bo‘lgan.

Foto: 

Filadelfiya 10 soatlik ish kuni talabi bilan chiqqanidan so‘ng ma'lum muddat o‘tgach, Chikagoda 8 soatlik ish kuni talabi yuzaga chiqadi. 1864 yilda Chikagodagi mehnatkashlar uyushmasi 8 soatlik ish kunini qat'iy talab qila boshlashadi. Bunga javoban Illinoys hukumati butun shtat uchun umumiy bo‘lgan 8 soatlik ish kuniga ruxsat beruvchi qonun qabul qiladi. Biroq bu huquqiy hujjatda bo‘shliqlar ko‘pligi tufayli amalda samarasiz bo‘lib chiqadi. Shuning uchun ishchilar bunga javoban ish tashlashadi va Chikago iqtisodi bir haftaga to‘xtaydi.

Qonunga bo‘ysunmagan ish beruvchilar

1868 yilda iyunida Kongress federal ishchilar holatini o‘rganib chiqib, 8 soatlik ish kuni to‘g‘risidagi aktni ishlab chiqish masalasini ko‘rib chiqadi. Qonun dastlab prezident Endryu Jyeksonning vetosiga sabab bo‘ladi, lekin qonunchilik uning vetosini bekor qiladi.

AQShda 8 soatlik ish kunining joriy qilinishi to‘g‘risidagi aktga javoban ish beruvchilar xodimlarining oyliklarini 20 foizga qisqartirish bilan javob qaytarishadi. Bu esa ishchilar uchun baribir hech narsa yaxshi bo‘lmayotganini ko‘rsatardi.

Prezident Ulis Grant 1869 yilda xodimlarning maoshini qisqartirmaydigan qonun loyihasini e'lon qiladi. Bu qonun 1868 yilda e'lon qilingan aktni mustahkamlashi kerak edi. Aktdagi bo‘shliqlar va kamchiliklar tuzatilib, federal ishchilar 8 soatlik ish kuniga ega bo‘lishadi.

Biroq shundan so‘ng ham 8 soatlik ish kuni hamma ishchilar uchun umumiy tarzda joriy etilmagan. Shuning uchun barcha shtatlarda 8 soatlik ish kuniga erishish uchun harakatlar davom etaveradi.

Ford joriy etgan ish vaqti

Amerikada 40 soatlik ish kuni joriy etilishi tartibini ko‘pchilik tarixchilar Henri Ford nomi bilan bog‘lashadi. Sababi, u eng yirik ish beruvchilardan biri sifatida boshqalarni 40 soatlik ish haftasi yaxshi ekanligiga ishontirgan.

Ford 40 soatdan ortiq ish haftasi samaradorlikning pasayishiga olib keladi deb hisoblagan. Va 1914 yilning 5 yanvarida ish vaqtini 9 soatdan 8 soatga qisqartiribgina qolmay, kunlik maoshlarni 5 dollarga ham oshiradi.

Foto: 

Forddan keyin ko‘plab ish beruvchilar uning usulini qo‘llay boshlaydi. Lekin baribir 48 soatlik ish haftasi saqlanib qolgan kompaniyalar ko‘p edi. Biroq Ford boshlab bergan an'ana boshqalarni ham sekinlik bilan o‘ziga ergashtira boshlaydi.

Va nihoyat, 1950 yildan boshlab Amerikada 8 soatlik ish kuni umumiy standart sifatida qabul qilinadi.

Dunyo bo‘ylab 8 soat tamoyili

Germaniyada dastlab 20 asrning boshlarida Zeys fabrikalarida 8 soatlik ish rejimiga o‘tilgan.

Fransiyada esa 1836 yilda 40 soatlik ish haftasi to‘g‘risidagi ilk qonun hujjati tayyorlangan.

Rossiyada 8 soatlik ish kuni 1917 yilda Oktabr inqilobidan keyin joriy etilgan.

Foto: sakharov-center.ru

Ispaniyada uzoq vaqt davom etgan ish tashlashlar iqtisodga jiddiy xavf sola boshlaydi. 1919 yilda qariyb 44 kun davom etgan yuz ming kishilik ish tashlash tadbirlaridan so‘ng hukumat mehnat huquqlariga oid qo‘shimcha norma imzolashga majbur bo‘ladi. Va shu yili mamlakatdagi ishchilar 8 soatlik ish kuniga ega bo‘lishadi. Bundan tashqari, Ispaniya dunyoda birinchi bo‘lib 8 soatlik ish kuni to‘g‘risida milliy qonun qabul qilgan davlat sifatida tarixga kirgan.

Buyuk Britaniyada 1833 yilda qabul qilingan fabrikalar to‘g‘risidagi aktga muvofiq, dastlab faqat bolalar, ya'ni 9 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lganlar 8 soatlik ish kuniga ega bo‘lgandi. Yoshi 14dan yuqorilar ham 12 soat ishlashiga to‘g‘ri kelardi.

Ish vaqti bundan ham qisqaroq bo‘lishi mumkinmi?

Hozir butun dunyo uchun 40 soatlik ish haftasi standart bo‘lib qolmoqda. Biroq kelajakda bu tendensiya ham o‘zgarishi mumkin.

1930 yillarda iqtisodchi Jon Meynard Keynes dunyo 2030 yilga borib, texnologik taraqqiyot tufayli 15 soatlik ish haftasiga o‘tadi, deya bashorat qilgan.

Dunyo hozircha bu tendensiyadan uzoq, lekin turli ish usullari va texnologiyalar ishlab chiqarish obektlarida doimiy ravishda sinovdan o‘tkazib borilmoqda.

Mavzuga oid