O‘zbekiston | 11:50 / 31.07.2023
19837
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ish vaqti normasiga amal qilinmasligi nimalarga olib kelmoqda? – intervyu

Bir necha kun avval tahririyat pochtasiga viloyat hokimliklaridan birida ishlovchi mutaxassisdan murojaat kelib tushdi. Murojaatchi o‘z shaxsining sir qolishini so‘ragani uchun u haqdagi qo‘shimcha tafsilotlarga to‘xtalmaymiz.

Murojaatda aytilishicha, mutaxassis ishlovchi idorada mehnat qonunchiligi, jumladan ish vaqtiga amal qilish masalasi juda og‘ir ahvolda.

“Ertalab 8 yarimda ishga kelib, kech 10-11 gacha ish joyimizda bo‘lishimiz kerak. Chunki hokim hali ishda bo‘ladi. U ketmasa, biz ham ketolmaymiz, so‘rab qolishi mumkin. U so‘raganda ish joyimizda bo‘lmasak, keyin o‘zimizga qiyin bo‘ladi.

Hokimni bilmadim, lekin bizga bunday ishlash juda og‘ir, bolalarimizni bir necha kunlab ko‘rolmaymiz. Ertalab chiqib ketayotganda uyquda bo‘lsa, qaytganda ham allaqachon uxlagan bo‘ladi. Buning ustiga yig‘ilishlar masalasi ham bor. Oilada ham xotirjamlik yo‘q. Shu mavzuni hokimligimizga kelib bir o‘rganinglar”, – deydi vatandoshimiz.

Hokimlik xodimi garchi bu masalani murojaat sifatida o‘rganishimizni so‘rab yozgan bo‘lsa-da, lekin bu muammoning faqat bir hudud, murojaatchi ishlayotgan joy uchun emas, butun respublika uchun dolzarb ekanini inobatga olgan holda uni murojaat emas, intervyu shaklida tahlil etishga qaror qildik.

Intervyu mehmonlari Advokat Razzoq Altiyev, Inson huquqlari Ezgulik jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va psixolog Boboyor To‘rayev bo‘ldi.

— O‘zbekistonda mehnat qonunchiligi va uning ham bir tarmog‘i bo‘lgan belgilangan ish vaqtiga amal qilinmasligi masalasi doim katta muammo bo‘lib kelgan. Bu masala yillar davomida tartibga kelmadi, o‘zgarmadi.

Mana endi juda oddiy bir savol: nega boshqalarda bunday emas-u, bizda shunday? Nega boshqalarga yetgan vaqt bizga yetmaydi? Nega boshqalar kam ishlaydi-yu, natijasi yaxshi, biz ko‘p ishlaymiz-u, natijamiz yomon?

Abdurahmon Tashanov:

— O‘zbekistonda mehnat sharoiti ta’minlanishi «nol» darajada. Hamma joyda xalqlar, rahbarlar bir xil, lekin farq qonunlarning ishlashida. Ayni sohani tartibga soluvchi institutlardan biri Kasaba uyushmalari federatsiyasi. O‘zi O‘zbekistonda kasaba uyushmalari bormi, bo‘lsa qanaqa? Asosiy tiyib turuvchi tizim bo‘lishi kerak bu ham. Masalan, Fransiyada hukumat muxolifatdan ko‘ra kasaba uyushmalaridan ko‘proq qo‘rqadi.

Biz yaqin yillargacha majburiy mehnatdan xalos bo‘lolmagan davlatmiz. Shunday bir holatda mehnat huquqlari borasida gapirish g‘alati. Shaxsan men bu borada juda negativman. Qonunchilik bazasidan tortib amalga oshirish institutlarigacha kasaba uyushmalarining o‘rni yo‘q. Nomigagina bor bu tashkilot.

Razzoq Altiyev:

— Bizdagi eng dolzarb masalalardan biri bu. Qonunchilikda normal ish soatlari davomiyligi haftasiga 40 soat etib belgilangan, bundan oshishi mumkin emas. Kuniga xodim 8 soatlik ish vaqtidan ko‘p ishlasa, uning maoshi 2 barobar to‘lab berilishi kerak. Qonundagi bu tartiblar amaliyotda ham bo‘lganida edi, bu muammo bo‘lmas edi.

Bugungi kunda esa ortiqcha ishlash talab qilinadi va hech qanday haq berilmaydi bu ortiqcha soatlar uchun. Agar haq to‘langanda edi jiddiyroq munosabatda bo‘linar edi bu masalaga ham. Kasaba uyushmalari o‘z faoliyatini o‘ta sust olib boradi. Hali biror marta uyushma tomonidan ish tashlash, namoyish tashkil etilganini ko‘rganim yo‘q.

Yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi va huquqlar kengaytirildi. Ammo amal qilinmas ekan, muammoni hech qanaqasiga yechmaydi.

Nima uchun boshqalarga yetgan vaqt bizga yetmaydi? Demak, ish noto‘g‘ri tashkil etilyapti, xodimlarni qisqartirish ortidan mablag‘ tejashmoqchi yoki boshqa omillar. Tashkilot va tashkilot rahbarlarining kamchiligi bilan bog‘lanadi bu narsa.

Bugungi kunda mehnat nizolari juda ko‘p. Xodimlar o‘z vaqtida vazifani bajarolmayapti yoki sifatli bo‘lmayapti, chunki yuklamalar, bosimlar ko‘p. Bu boradagi muammolar takomillashtirib hal qilinadigan emas, balki qonunga amal qilib yechiladigan muammo.

Bir misol keltiraman. Adliya vazirligi ishchi guruhi bilan mehnat faoliyatini tekshirishda qatnashdik. Tashkilot binosida soat 19:00 da to‘liq elektr o‘chiriladi. Face ID tizimi xodimlarning ishga qachon kelib, necha soat ishlaganini avtomatik nazorat qilib turadi. Agar xodim 8 soatdan ko‘p ishlasa, unga avtomatik tarzda qo‘shimcha oylik maosh yoziladi.

Bizning davlat tashkilotlarida rahbar ketmasidan xodim ham ketmasligi kerak degan yozilmagan qoida bor. Ketib qolsa, kamida hurmatsizlik deb qabul qilinadi, hatto javobgarlik ham keltirib chiqariladi.

Bizda juda kuchsiz mehnat kelishuvlari ishlaydi. Tashkilotlarda ishga kirishda ishdan ketish arizasi ham qo‘shib olinadi sanasiz tarzda. Bu degani ish beruvchi xohlagan paytda ishdan bo‘shatib yuboraveradi.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid