O‘zbekiston | 21:00 / 15.07.2020
84623
8 daqiqa o‘qiladi

Gulistonda IIB xodimlari sudyaga kuch ishlatdi. IIV vaziyatga izoh berdi

14 iyul kuni internetda Sirdaryo viloyati markazi Guliston shahriga kirishda joylashgan blokpostda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan sudyaga kuch ishlatilgani haqida tarqalgan xabarlar muhokamalar markazida bo‘lmoqda.

Shu kuni Oliy sud matbuot xizmati Sirdaryodagi holatni tasdiqladi. Matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov O‘zA muxbiriga hodisa tafsilotlarini ma'lum qilgan.

Unga ko‘ra, 13 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi Alisher Ergashev o‘zining boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashinasida doimiy yashash joyidan ish joyiga kelish maqsadida Guliston shahar hududiga kirishda o‘rnatilgan «karantin blokposti» yo‘nalishida hosil bo‘lgan tirbandlikda taxminan 8:40 dan 09:35gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida kutib turgan. Lekin u ishga borishi shart bo‘lgani uchun blokpost tomon harakatlangan. Shunda IIB va Milliy gvardiya xodimlari «viloyat hokimi kelayotganligi sababli» shahar hududiga kiritish umuman taqiqlanganini aytishgan.

«A.Ergashev o‘zining sudya ekanini ma'lum qilib, ularga o‘zini tanishtirib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, ishga ketayotganini bildirib, o‘tkazib yuborishni iltimos qilganida, blokpostdagi IIB va Milliy gvardiya xodimlari sudyaga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lib, uning avtomashinasini qo‘li bilan urib, tezroq bu joydan boshqa yo‘nalishga qarab harakatlanishni talab qilishgan.

Shunda A.Ergashev shahar hududiga ishga borish uchun kirishini bildirganiga qaramasdan, unga 3-4 xodim kuch ishlatib, avtomashinasidan majburan tushirib, uni chetga olib o‘tib, uning shaxsi, sudyalik lavozimi va qadr-qimmatini haqorat qilib, unga tan jarohati yetkazgan hamda sudyaning shaxsiy mulki hisoblangan avtomashinani esa notanish IIB xodimi boshqarib, voqea joyidan 250-300 metr joyga yo‘lning chetiga olib borib, ochiq holda tashlab ketgan.

A.Ergashev viloyat sudiga kelib, sog‘lig‘i yomonlashayotgani sababli tez tibbiy yordam chaqirtirgan. Tez tibbiy yordam xodimlari kelib A.Ergashevning tanasidagi jarohatlarni ko‘zdan kechirgan va uning qon bosimi ko‘tarilganini aytib, zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Keyin u tez tibbiy yordam avtomashinasida viloyat shifoxonasining Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan.

Tibbiy muassasaning huquqni muhofaza qiluvchi organga bergan ma'lumotiga asosan hamda Guliston shahar prokuraturasi tergovchisining sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi qaroriga asosan A.Ergashevning olgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan», deyiladi xabarda.

Sud-tibbiyot ekspertizasining xulosasida A.Ergashevda chap qo‘l yelka bo‘g‘imi, chap oyoq tizza bo‘g‘imi old sohalari qontalashlari, bosh chap tomon chakka-tepa, chap qo‘l bilak kaft bo‘g‘imi, ko‘krak umurtqalari sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi kabi jarohatlar aniqlangan. Ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, yengil shikast toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ayni vaqtda Sudyalar oliy kengashi sudyaga tan jarohati yetkazilgani holati bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazmoqda.

Bugun, 15 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi Gulistondagi voqea yuzasidan munosabat bildirib, bu holatda sudya tez yordam mashinasiga yo‘l bermaganini ma'lum qilib, voqea tasvirlangan videotasvirni e'lon qildi.

IIVning Telegram’dagi rasmiy kanalida e'lon qilingan videoda haydovchi kaltaklangani tasvirlari yo‘q, haydovchi shaharga kirishga qo‘yilgan to‘siqni olishni talab qilgan, shundan so‘ng u mashinadan kuch bilan tushirilgan.

Vazirlik tomonidan ma'lum qilinishicha, Guliston shahri «Ulug‘ yo‘l» MFY hududidan o‘tuvchi M-34 Toshkent–Termiz avtomobil yo‘lining 117-kilometrida «Toshkent» karantin blokposti tashkil qilingan. Guliston shahriga avtomobilda kirish mazkur yo‘lning ikkita harakat qatori orqali tashkil qilingan. Mazkur yo‘l xalqaro ahamiyatga egaligi hisobga olinib, uning uchinchi qatori kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlar mashinalarining to‘xtamasdan harakatlanishi uchun ochib qo‘yilgan.

Ta'kidlanishicha, 13 iyul kuni soat 09:30da davlat raqami 01 X 172 DA bo‘lgan oq rangli «Neksiya-1» haydovchisi «Toshkent» karantin blokposti orqali o‘tish mo‘ljallangan ikkita harakatlanish bo‘lagi orqali harakatlanmasdan, uchinchi harakatlanish bo‘lagi orqali Guliston shahriga kirmoqchi bo‘lgan. «Neksiya»ning mazkur qatordan harakatlanishi shu yo‘nalish bo‘yicha harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinalarining yo‘lini to‘sib qo‘ygan.

«Biroq shunday haydovchilar borki, ular belgilangan qoidalarga rioya etmasdan, maxsus transport vositalarining to‘siqsiz harakatlanishiga xalaqit bermoqdalar. Birgina misol, joriy yilning 13 iyul kuni soat 09:30 larda oq rangli «Neksiya-1» rusumli, davlat raqami 01 X 172 DA bo‘lgan avtomashina haydovchisi (keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi sudyasi A.Ergashev) «Toshkent» karantin blok posti orqali mo‘ljallangan ikkita harakatlanish bo‘lagi orqali harakatlanmasdan, uchinchi harakatlanish bo‘lagi orqali Guliston shahriga kirmoqchi bo‘lgan.

Natijada avtoyo‘lning uchinchi bo‘lagida harakatlanib kelayotgan avtomashinalar yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Orqa tomondan tovushli signal va mayoqlarini yoqib harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasida og‘ir kasal kelayotgani bois shu yerda xizmat o‘tayotgan Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xodimlariga aloqa vositasi orqali xabar kelib tushganligi sababli xodimlar zudlik bilan tez yordam avtomashinasini to‘siqsiz o‘tkazib yuborish uchun mazkur haydovchiga avtomashinani to‘g‘riga harakatlantirish ishorasini ko‘rsatgan bo‘lsada, haydovchi o‘zini tanishtirmasdan, xodimlarning talablarini bajarmasdan, avtomashinasini yo‘lning qatnov qismida to‘xtatib, tez yordam avtomashinalari to‘siqsiz harakatlanishiga xalaqit qilgan.

Shundan so‘ng, mazkur blokpostda xizmatga jalb etilgan va holatni kuzatib turgan Sirdaryo viloyati IIB xodimlari uning yoniga borib, YHXB xodimi bilan birga haydovchiga orqasidan harakatlanib kelayotgan tez yordam avtomashinasi yo‘lini to‘sib qo‘yganini tushuntirgan, biroq haydovchi avtomashinasini joyidan qo‘zg‘atmasligini aytib, xodimlarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

Xodimlar shundan so‘ng mazkur haydovchi boshqaruvidagi avtomashina orqasida turgan tez yordam avtomashinasining to‘siqsiz harakatini ta'minlash va tirbandlikni bartaraf etish maqsadida «Neksiya-1» avtomashinasi haydovchisini avtomashinadan tushirilib, avtomashina yo‘ldan olingan. Muammo bartaraf etilgandan so‘ng haydovchi o‘zini tanishtirgan, shundan so‘ng haydovchiga ketishga ruxsat berilgan. Haydovchi va ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasidagi muloqot xodimlarning bodikameralarida to‘liq aks ettirilgan. Tasvirlarda ko‘rganingizdek, haydovchi bilan ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida bo‘lgan muloqot jarayonida kuch ishlatish yoki qo‘pollik qilinmagan», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 8 iyuldagi qarori bilan O‘zbekistonda 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin cheklovlari qaytadan kuchaytirilgan. Shuningdek, avtotransport harakati ham cheklangan. Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, ular orasida sud organlari xizmat avtotransport vositalari ham kiritilgan.

Mavzuga oid