Jahon | 13:56 / 15.07.2020
12659
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar xolesterinni kamaytiruvchi dori koronavirusga qarshi kurashda naf berishini aniqladi

Foto: Yossi Zeliger/Flash90     

Isroillik olimlar inson tanasida xolesterin miqdorini kamaytirish uchun qo‘llaniladigan «Fenofibrat» dori vositasi koronavirusni davolashda yordam berishi mumkinligini aniqladi.

«O‘nlab yillar davomida farmatsevtika bozorida mavjud bo‘lgan oddiy dori koronavirusni davolashda samarali bo‘lishi mumkin. Al-Qudsdagi Ibroniy universiteti tadqiqot guruhi o‘tkazgan dastlabki tadqiqotlar istiqbolli bo‘lib chiqdi», deb yozadi universitet matbuot xizmati.

Olimlar jamoasi uch oy davomida SARS-CoV-2 bemorlarning nafas olish yo‘llari va o‘pkasini qanday o‘zgartirishini o‘rganishdi. Ma'lum bo‘lishicha, koronavirus uglevodlarning odatiy parchalanishiga xalaqit beradi. Oqibatda hujayralarda ko‘p miqdorda yog‘ to‘planib qoladi va bu virusning ko‘payishi uchun qulay sharoit yaratadi.

Laboratoriya tadqiqotlarida «Fenofibrat» dori vositasi qo‘llanganda u «istiqbolli natijalarni» ko‘rsatdi: ushbu dori vositasi o‘pka hujayralarida ko‘proq yog‘ parchalanishiga imkon berishi bilan birga hujayralar tomonidan virus saqlab qolinishini cheklab, shu orqali SARS-CoV-2 ko‘payishining oldini olishi aniqlandi. Universitet matbuot xizmatining xabar berishicha, atigi besh kunlik davolanish muddatida «Fenofibrat» dori vositasi bilan davolangan bemorlarda virus batamom yo‘q bo‘lgan.

«Agar bizning xulosalarimiz klinik tadqiqotlarda tasdiqlansa va qo‘llab-quvvatlansa, bu davolash usuli COVID-19 asoratini yengillashtirib, uni oddiy shamollash kasalligi darajasiga tushirishi mumkin», deydi Al-Qudsdagi universitet professori Yaakov Namias.

Oldinroq AQShda ishlab chiqarilgan vaksina odamlarda kuchli immunitet paydo qilgani aytilgandi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid