O‘zbekiston | 10:30 / 16.07.2020
8492
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqdagi davlat tashkilotlariga tegishli sanatoriylar xususiylashtirilishi mumkin

O‘zbekiston prezidentining «Yer resurslari va davlat mulki obektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga muvofiq, 2020 yil 1 noyabrdan boshlab Soliq kodeksi bilan berilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi.

Yer solig‘i bo‘yicha quyidagilar tomonidan egallangan yer uchastkalari:

  • sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, xususan, dam olish uylari;
  • aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
  • sanatoriy-kurort obektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;
  • mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk obektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort obektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk va yer solig‘ining kamaytirilgan stavkalarini qo‘llash yoki ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod qilish vakolati berildi.

2020 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan budjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan idoraviy dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obektlarni (bolalar dam olish oromgohidan tashqari) xususiy sektorga sotish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, 2021 yil uchun davlat budjeti loyihasini tayyorlashda respublikaning turistik zonalaridagi alohida yer uchastkalari, shu jumladan jismoniy shaxslar foydalanishida bo‘lgan 1 gektardan ortiq yer uchastkalari uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer solig‘ining 3 baravarigacha oshirilgan stavkasini belgilash ko‘zda tutiladi.

Avvalroq Bo‘stonliq tumanidagi noqonuniy qurilgan «dacha»larning buzilishi ortidan yuzaga kelgan noroziliklar sababli mazkur hududga press-tur tashkil qilgandi va holatga izoh berilgandi.

Mavzuga oid