Jahon | 14:59 / 16.07.2020
9828
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prokuraturasi Kim Chen Inning singlisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Janubiy Koreya sudi Kim Yo Chjonga nisbatan ayblov hukmi chiqargan taqdirda ham uni ijro etish imkonsizdir.

Foto: AP/Scanpix/LETA

Koreya respublikasi prokuraturasi KXDR rahbari Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjonga nisbatan koreyalararo aloqa ofisini noqonuniy ravishda buzish ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 8 iyul kuni prokuraturaga janubiy koreyalik yurist Li Kyon Chjye tomonidan ana shu mazmundagi ariza kelib tushgan. U shu yo‘l bilan Seul va Pxenyan o‘rtasidagi munosabatlarning keskin yomonlashishiga jamoatchilik e'tiborini qaratmoqchi.

Agentlikning taxminicha, dalillar to‘plash imkoniyati yo‘qligi sababli prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etadi. Hattoki Janubiy Koreya sudi Kim Yo Chjonga nisbatan ayblov hukmi chiqargan taqdirda ham uni ijro etish imkonsizdir. 

16 iyunda Kim yo Chjonning buyrug‘i bilan Shimoliy Koreya harbiylari Janubiy Koreya bilan muzokaralar o‘tkazishda foydalanib kelingan aloqa bog‘lamasini portlatib yuborishgandi.

Mavzuga oid