O‘zbekiston | 22:50 / 16.07.2020
17108
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga chalingan bemorni uyda davolash jarayonida virus yuqtirib olmaslik uchun qanday ko‘rsatmalarga amal qilish kerakligi ma'lum qilindi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorni uyda davolash jarayonida virus yuqtirib olmaslik uchun amal qilish lozim bo‘lgan ko‘rsatmalarni eslatdi.

«Koronavirus tashxisi qo‘yilib, kasallik yengil kechishi munosabati bilan uyda qoldirilishi uchun, ushbu bemor yashab turgan uyda yetarlicha shart-sharoit bo‘lishi kerak. Eng avvalo, bemor boshqalardan ajratilishi uchun sharoit bormi, uni parvarish qiladiganlar shifokor tavsiyalariga qat'iy rioya qiladimi, bemorning oila a'zolariga kasallik yuqib qolish ehtimoli yo‘qmi degan savollarga javob topish kerak.

Agar bemor katta yoshda va surunkali kasalliklari (masalan, yurak yoki o‘pka kasalligi yoki diabet) mavjud bo‘lsa, u holda kasallik qanday kechishidan qatiy nazar, bemor albatta shifoxonada davolanish kerak.

Uy sharoitida bemorlarni parvarishlash bilan shug‘ullanadigan shaxslar himoya vositalaridan foydalanishlari, antiseptik vositalar bilan qo‘llarini zararsizlantirishlari, xona havosini tez-tez shamollatib turish, xonani namlik usul bilan tozalash, oila-a'zolarining tana haroratlarini o‘lchab turishlari shart bo‘ladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq u O‘zbekistonda koronavirus tufayli vafot etayotganlarning o‘limiga asosan ortiqcha vazn va pnevmoniya sabab bo‘layotgani haqidagi savolga javob qaytargan, shu bilan birga, ayrim bemorlarga qilinmagan muolaja uchun katta xarajatlar yozilayotgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirgan edi.

Mavzuga oid