Jamiyat | 19:47 / 16.07.2020
75721
5 daqiqa o‘qiladi

«Vaziyatni anglash uchun oddiy bemor sifatida harakat qilib ko‘ring» – Shifokorning vazirlikka murojaati

Koronavirus tarqalishi tezlashgani sari tez tibbiy yordam, davolash va profilaktika ishlarida oqsoqlanishlar tobora ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Quyidagi murojaatda bemorlar bilan dastlab duch keluvchi shifokor – tez tibbiy yordam xodimining fikr-mulohazalari va duch kelayotgan muammolari keltiriladi.

 – Assalomu alaykum. Men hozirda Toshkent shahar tez tibbiy yordam xizmatining Yakkasaroy tumanidagi 10-stansiyada, koronavirusga chalingan bemorlarni tashish bo‘limida shifokor bo‘lib ishlayapman. Hozir bir kunlik ish davomida o‘rtacha 10 nafar koronavirus yuqtirgan bemorlarni tashishda ishtirok etaman. Ish jarayonida ba'zi kasallarga birinchi tibbiy yordam ham ko‘rsatiladi. Shu sababli kasallar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada bo‘lamiz. Natija jiddiy: hamkasblarimning 30-40 foizida koronavirus alomatlari sezilyapti.

Rahbariyatimizdan Covid-19’ga analiz olishlarini so‘rasak, tayinli javob berishmayapti. Shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarida test topshirish uchun bir kunlik navbatda turish kerak. Xususiy klinikalarga topshirmoqchi bo‘lsak, ular test olishmayapti. Bizning maxsus bo‘lim tashkil qilinganiga 4 oydan oshgan bo‘lsa-da, xodimlardan faqatgina bir marta tahlil olindi. Boshqa turdagi kasalliklarga boradigan xodimlardan ham shu kunga qadar bir marta test olingan, xolos. Ular ham aholi bilan doimiy kontaktda bo‘lishadi. Shu bois ko‘plarida Covid-19 alomatlari bor. Eng achinarlisi, tez tibbiy yordam xizmatida ish hajmi oshgani uchun shu ahvolda ishga borib kelishyapti.

Sizlardan iltimos, test topshirish masalasida yordam bering. Bizga poliklinikada koronavirusga test oladigan maxsus guruh tashkil qilingan deb yolg‘on ma'lumot berishdi. Hamkasblarimdan birining uch kundan buyon tana harorati ko‘tarilmoqda. U esa hamon poliklinikadagi o‘sha «maxsus guruh»ni kutyapti.

Ikkinchi murojaat

«Bu murojaatimni o‘zimning ish faoliyatim misolida yozaman. Bemorlardan birining uyiga borsam, avvalo uning test natijalarini so‘rayman. Agar bo‘lsa, uni shifoxonaga olib boraman. Ammo uning uyidagi oila a'zolarida ham Covid-19 alomatlari sezilsa-yu, ularning test natijalari bo‘lmasa, (ba'zilarida pnevmoniya belgilari uchraydi) ular birinchi navbatda poliklinikaga test topshirishlari kerak. U yerda kamida 2 kunda navbat keladi. Tahlil javobi esa o‘rtacha 4 kunda chiqadi. Bunday holatda bemorning ahvoli og‘irlashadi, gohida vafot etishi yoki davo topishi ham mumkin.

To‘g‘ri, poliklinika shifokorlari ham, SES xodimlari ham bemorlar ko‘pligi uchun hammani tekshirishga ulgurmayotgandir. Lekin sizlar brifinglarda chiqib, «hammasi yaxshi» degan ma'nodagi gaplarni aytasizlar, aholi esa tabiiyki bor alamini bizga sochadi. Agar so‘zlarimga ishonmasanglar, oddiy fuqaro sifatida analiz topshirishga harakat qilib ko‘ringlar. Vaziyatni keyin anglab olasizlar.

Pnevmoniya alomatlari bor fuqaroni hech qaysi shifoxona qabul qilmaydi. Umumiy kasalxonaga olib borsangiz, «bunda Covid-19 bo‘lishi mumkin» deb ortiga qaytarib yuborishadi. Covid-19 kasalligiga ixtisoslashtirilgan shifoxona esa test natijalari bo‘lmasa, bemorni qabul qilmaydi. Keyin u uyida muntazam bo‘lmagan davo muolajalarini olib, ahvoli og‘irlashib vafot etsa, sizlar bemorning o‘zini ayblaysizlar. «Uyida o‘zboshimchalik bilan davolanganligi, shifokorga vaqtida murojaat qilmaganligi uchun o‘ldi» deysizlar.

Yaqinda qashqadaryolik shifokor o‘zi koronavirusga chalinib, boshqalarga ham yuqtirgan deb ayblashdi. Axir ular shifokorlardan test olishmasa, buni qayerdan bilishadi? Balki virus o‘sha shifokorda simptomsiz kechgandir.

O‘zim shifokor bo‘lganim uchun juda ko‘p tanishlarim telefon qilib koronavirus borasida maslahat so‘rashadi. Vaziyat og‘irlashib boryapti. Sizlardan shu muammolarni o‘rganib, yechim topishingizni so‘rayman», – deya xatini yakunlagan shifokor Elmurod Temirov.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan videoselektor o‘tkazib, joriy holat uchun rahbarlarni tanqid qilgan, ayniqsa poytaxt Toshkentdagi holatni sharmandali deb atagandi.

Mazkur selektor davomida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga va sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash bo‘yicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani uchun hayfsan e'lon qilindi.

Mavzuga oid