O‘zbekiston | 02:42 / 20.07.2020
19103
5 daqiqa o‘qiladi

«Davolash test javobi chiqmasdanoq boshlanmoqda» - Surxondaryodagi pandemik vaziyat bo‘yicha ma'lumot berildi

Surxondaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev viloyatdagi pandemik vaziyat haqda axborot berdi va aholidan tushayotgan murojaatlarga efir orqali javob qaytardi.

Pardayevga ko‘ra, Surxondaryoda jami 195ta tez tibbiy yordam avtomashinasi mavjud. Tez yordam mashinalari yetishmayotgani sababli ehtiyojni qoplash maqsadida shifokorlar, jismoniy shaxslarning avtomashinalarini shartnoma asosida jalb etish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgacha 50 avtomashina tez tibbiy yordam uchun tashkil etilgan. Yana tashkil etish davom etmoqda.

Shuningdek, har bir tumanda 15ta mobil guruhlar shakllantirilgan. Bu guruhlarda malakali tibbiyot mutaxassislari, SEO markazlari xodimlari, IIB, milliy gvardiya vakillari bor, mazkur guruhlarga 162ta telefon tarqatilgan.

PZR laboratoriyasi viloyatda 3ta markazda bor. Hozirgacha 36 040 ta test olib kelingan. Yana 50 000 ta buyurtma qilingan.

Ayni vaqtda test zaxiralari 12 000 tani tashkil etadi. Hozirgi kunda Sherobod tumanida yana bir PZR laboratoriyasini ishga tushirish ishlari ketmoqda.

Koronavirus yuqtirgan fuqarolar hozirda viloyatdagi uchta tibbiyot muassasasida davolanmoqda. Bu muassasalarda 270 ta o‘rin bor. Qo‘shimcha ravishda 170 ta joy hozirlangan.

Surxondaryoda koronavirusga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlari soni – viloyat bo‘yicha 1500 nafar.

Viloyatda 594 ta dorixona mavjud. Maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan dori vositalarining narxlari sun'iy tarzda oshirilishining oldini olish maqsadida tegishli idoralar tomonidan nazoratga olingan. Yana 2,6 milliard so‘mlik dorilar olib kelingan bo‘lib, hududlarga tarqatish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Rossiyadan 5 milliard so‘mlik dorilar olib kelinadi. Agar yana ehtiyoj paydo bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda dorilar keltirish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan.

Hokim o‘rinbosari kasallik tarqalishining oldini olish nafaqat nazorat organlari, balki aholining o‘ziga ham bog‘liq ekanini, ayniqsa, bunda jamoatchilik o‘rni kattaligini eslatib, aholiga murojaat qildi.

Nafaqat aholi o‘rtasida, hattoki tibbiyot xodimlari orasida ham karantin qoidalari qo‘pol tarzda buzilayotganiga misol keltirdi.

«Joriy yil 11 iyul kuni Termiz shahridagi onkologiya dispanserida xodimlar tushlik vaqtida jamoaviy tarzda tug‘ilgan kun tadbirini o‘tkazishgan. Ushbu holat tegishli idoralar tomonidan o‘rganilib, qat'iy choralar ko‘rildi.

Jami 17 kishiga 78 million so‘mlik jarima jazosi tayinlandi. Biz aholidan karantin qoidalariga amal qilishni so‘rayotgan bir vaqtda tibbiyot xodimlari o‘rtasida bu kabi holat sodir bo‘lishi achinarli hol, albatta», – deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev.

Karantin davrida ishsiz qolgan, xususan, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash muhim ekani ta'kidlanib, bu bo‘yicha ham axborot berildi.

«Oziq-ovqat taqchilligi yuzaga kelmaydi, deb bemalol ayta olamiz. Birgina g‘alla mahsuloti omborlarda 300 ming tonna jamg‘arilgan. Bu fermer va dehqonlarning o‘zlariga qolgan g‘alladan tashqari 467 ming tonna g‘alla yig‘ishtirib olingan. Surxondaryo viloyati aholisining bir yillik g‘alla iste'moli – 207 ming tonna.

Vohadoshlarga aytmoqchi bo‘lganimiz: un va boshqa asosiy iste'mol mahsulotlari bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Shuningdek, takroriy ekinlar 77 ming gektarga ekilgan», – dedi Pardayev.

Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatida pandemiya davrida 12 648 ta ehtiyojmand oila aniqlangan. Aprel oyidan buyon bu oilalarga 19,2 milliard so‘mlik oziq-ovqat, dori vositalari hamda boshqa turdagi yordam ko‘rsatilgan.

Surxondaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O‘ralboy Safarov hokim o‘rinbosarining so‘zlariga qo‘shimcha kiritdi. Unga ko‘ra, o‘zida kasallik alomatlari sezilgan bemordan test olingach, tahlil natijalari chiqishiga qarab o‘tirmasdan rentgen ham olinadi.

«Hozirgi mavjud rentgen uskunalari raqamli bo‘lib, bir vaqtning o‘zida natijalarni ko‘rsatadi. Agar o‘pkada o‘zgarish alomatlari bo‘lsa, o‘sha vaqtning o‘zida davolash ishlari boshlab yuboriladi», – dedi viloyat SSB boshlig‘i o‘rinbosari.

Ta'kidlanishicha, har bir tumandagi yuqumli kasalliklar shifoxonalariga RL apparatlari va aksiginatorlar, kerakli zamonaviy uskunalar olib kelingan. 17 iyul kuni 90ta zamonaviy apparat keltirib berilgan.

«Bemorlar Toshkentdagi mutaxassislar bilan Zoom dasturi orqali konsilium qilinmoqda. Shu tarzda 20 nafar bemor og‘ir darajadan chiqarishga erishildi», – dedi O‘ralboy Safarov.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov koronavirusga chalingan. 50 yoshli funksioner Toshkentda COVID-19`dan davolanayotgani 18 iyul kuni ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid