O‘zbekiston | 14:32 / 20.07.2020
29628
4 daqiqa o‘qiladi

Shifoxonalardagi o‘rinlar, «O‘zekspomarkaz»dagi ish va test imtihonlari: Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari aholiga murojaat bilan chiqdi

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqdi. 

Murojaatda Covid-19’ga qarshi kurashish maqsadida Toshkent shahrida qanday choralar ko‘rilayotgani, bemorlar uchun shifoxonalarda o‘rinlar yetarli ekani, testni qayerlarda topshirish mumkinligi, «O‘zekspomarkaz»dagi ish hamda pandemiya sharoitida oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari qanday o‘tishi borasida so‘z yuritildi.

Durdona Rahimovaning ta'kidlashicha, Toshkent shahrida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda. Bugungi kunda kasallanish holatlari 200tadan 300tagacha bo‘lgan oraliqni hamda o‘lim sur'ati 3tadan 5tagacha bo‘lgan holatni tashkil etyapti.

«Toshkent shahrida aholi bilan ishlash uchun 2ta Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Birinchisi - 1105. Bu Call-markazi orqali Covid’ga chalingan, uyda davolanayotgan hamda karantinda bo‘lgan fuqarolar yoki o‘zida birinchi alomatlarni sezayotganlar mutaxassislardan tibbiy maslahatlarni olishi mumkin. Ikkinchisi 1197 bo‘lib, bu bugungi kunda daromadidan uzilgan hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazuvchi markaz hisoblanadi», - dedi hokim o‘rinbosari.

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda PZR testlarini topshirish uchun ko‘plab xususiy klinikalar o‘z xizmatini taklif etmoqda.

«Bulardan Jacksoft, «Olam+T», Vitamed Medical, Prospect, Intermed Innovation, Vita Stimul Grand hamda Global Medical Center xususiy klinikalarida PZR laboratoriyalariga test tahlillarini topshirish mumkin. Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarida ham testlar qabul qilinmoqda», - deydi Durdona Rahimova.

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, bugungi kunda Toshkent shahridagi 16ta davlat muassasalarida Covid’ga chalingan fuqarolar davolanmoqda. Ulardan ayrimlari - Toshkent tibbiyot akademiyasi, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiyot reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika 1-son klinik kasalxonasi, Respublika 2-son klinik kasalxonasi, Travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika nogironlar reabilitatsiya markazi, Nuroniylar sanatoriysi, Respublika bolalar ortopediya markazi, Toshkent shahar 3-son tug‘ruq kompleksi, Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasi, Zangiotadagi maxsus shifoxona.

«Bugungi kunda o‘rin soni nechta, degan savol juda ko‘p kelib tushmoqda. Yuqorida keltirilgan tibbiyot shifoxonalarimizda 720dan ortiq koyka o‘rinlari mavjud, provizor shifoxonalarda 250ta koyka o‘rinlari mavjud. Bundan tashqari, bugungi kunda Toshkent shahrida koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga tayyor turgan xususiy klinikalar mavjud, 1000tadan ortiq koyka o‘rinlari bilan taklif qilishmoqda», - dedi u.

Shuningdek, ma'lum qilinishicha, «O‘zekspomarkaz» binosining 3- va 4-pavilonlarida koronavirusga gumon qilinayotgan fuqarolarni qabul qilish hamda ularga kerakli maslahatlarni berish, birinchi yordamni ko‘rsatish va kasallik darajasiga qarab ularni shifoxonaga yo‘naltirish maqsadida maxsus markaz tashkil etildi. Ushbu markaz 500 o‘ringa mo‘ljallangan.

«Bugungi kunda oliy ta'lim muassasasiga imtihon topshirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan savollar juda ko‘plab berilmoqda. Ya'ni, bu yil oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari qay tartibda, qaysi muddatda tashkil etiladi, degan savolga. Davlat test markazi hamda test imtihonlarini o‘tkazish bo‘yicha komissiya bu haqida o‘z xulosasini bergunga qadar shularni ma'lum qilmoqchimanki, bugungi kunda Toshkent shahrida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun beshta obektda 13ta bino tayyorlangan, bu binolarda 5790ta joy tayyorlangan. Ushbu joylarda ijtimoiy masofani saqlangan holda hamda ularga kirishda dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatgan tarzda jihozlanadi», - dedi Toshkent shahar hokim o‘rinbosari. 

Mavzuga oid