Jamiyat | 08:53 / 20.07.2020
7510
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda fuqaro 3 kilogramm «opiy» bilan ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 15 iyul kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Surxondaryo viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbir davomida tumanning "Bo‘yrapo‘sht" mahallasi hududidagi 20-sonli o‘rta maktab yonidan o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lida harakatlanib ketayotgan "Matiz" rusumli avtoulovi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilgan. Ushbu avtoulovda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Sariosiyo tumanida yashovchi Z.N. ushbu avtoulov old o‘rindig‘i tagida yashirib qo‘ygan 6 dona sellofan paketga o‘ralgan sof vazni 3049,24 gr “Opiy” giyohvandlik moddasini olib ketayotganligi aniqlanib ushlangan va tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari davomida Z.N. ushbu giyohvandlik moddasini Tojikiston hududidan aylanma yo‘llar orqali O‘zbekiston hududiga o‘tkazganligi aniqlangan.

16 iyul kuni Z.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid