O‘zbekiston | 11:53 / 21.07.2020
33692
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusda saturatsiyani o‘lchash qanchalik muhim? Mutaxassis izoh berdi

20 iyul kuni «Tez yordam» loyihasining navbatdagi sonida virusolog Dildora Sekler koronavirusda saturatsiya darajasining ahamiyati va uni o‘lchash tartibi haqida ma'lumot berdi.

«Saturatsiya bu – hujayralarning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi. U o‘pka o‘zidan o‘tayotgan qonni qanchalik kislorod bilan ta'minlay olayotganini ko‘rsatadi.

Saturatsiyani pulsoksimetr nomli asbob bilan o‘lchash mumkin. Bunda puls va organizmdagi kislorod miqdorini hisoblagan holda, hujayralarning kislorod bilan to‘yinganlik darajasini ko‘rsatib beradi. Nafas qisishi, hansirash kuzatila boshlaganda pulsoksimetrdan foydalanish maqsadga muvofiq. Asbob ko‘rsatgan foiz 100ga qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ijobiy natija hisoblanadi», deya mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Virusologiya instituti ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Ra'no Qosimova bemorga tez yordam ko‘rsatishda saturatsiyaning ahamiyatini ta'kidlab o‘tdi.

«Fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatadigan brigadalar ham pulsoksimetr bilan ta'minlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki bu orqali bemorning saturatsiya darajasini tekshirish mumkin. Agar saturatsiya darajasi 95 foizdan kam bo‘lsa, uni shifoxonaga olib ketish, 95dan yuqori bo‘lsa, uy sharoitida davolanishga ko‘rsatma berish mumkin», dedi u.

Mavzuga oid