O‘zbekiston | 21:06 / 23.07.2020
23320
2 daqiqa o‘qiladi

O‘ktam Barnoyev vakili ma'muriy sudda ishtirok etdi

Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayevlar jalb etilgan sud ishi 4 avgustda davom etadigan bo‘ldi. Toshkent viloyati, Qibray tuman ma'muriy sudi raisi Ahrorbek Eraliyev 23 iyuldagi eshituvlardan so‘ng, shunday qarorga keldi. 

23 iyul kungi sud majlisida Bosh vazirning agrosanoat kompleksi bo‘yicha o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev vakili sifatida Vazirlar Mahkamasi Qishloq xo‘jaligi departamentidan Shuhrat Safarov sudya savollariga javob berdi. 

Bundan tashqari Qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Sh.Teshayevlar nomidan vazirlik mas'ul xodimlari ishtirok etdi. Sud majlisida “SULTON TEX GROUP” xususiy korxonasi direktori Nurbek Ergashev ham bevosita qatnashdi. 

Unda sudya Eraliyev tomonidan da'vogar va javobgar tomonlarning qarashlari tinglandi, ochiqlovchi savollarga javoblar olindi. 

Eslatib o‘tamiz, “SULTON TEX GROUP” xususiy korxonasining Qarshi tumanidagi paxta to‘qimachilik ishlab chiqarish klasteri faoliyati Bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tomonidan 2020 yil 8 aprel kuni imzolangan yig‘ilish bayoniga asosan tugatilgandi.

Keyinchalik, Qarshi tuman ma'muriy sudi Qarshi tuman hokimi va hokimlik mansabdor shaxslariga “SULTON TEX GROUP” xususiy korxonasi klaster faoliyatiga aralashish, uning 2020 yil uchun fermerlar bilan tuzgan shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishga urinishi taqiqlab qo‘yilgandi.

Sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan Qarshi tuman prokurori tomonidan kiritilgan protestga asosan Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi va sud qarori bekor qilindi. 

Mavzuga oid