Koronavirusga chalingan bemorlar uyda davolanayotganda nimalarga e'tibor qilishi kerak? – Mutaxassis izoh berdi
Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Barno Odilovaning ta'kidlashicha, ambulator sharoitda, ya'ni uyda davolanayotgan koronavirusga chalingan bemorlar uyda faqat niqobda yurishi, bir martalik niqoblar har ikki soatda almashtirilishi, doka niqoblarni esa kirsovunda yaxshilab yuvib, dazmollab qayta ishlatish kerak.
«Uyda bemor bo‘lsa, bu bemorni alohida alohidalash kerak va bemor uyda faqat niqobda yurishi kerak. Bir martalik niqoblar har ikki soatda almashtirilishi, doka niqoblarni esa kirsovunda yaxshilab yuvib, dazmollab, quritib qayta ishlatish mumkin.
Bemor ishlatayotgan idishlar, o‘rin-ko‘rpalar alohida yuvilib, zararsizlantirilishi kerak. Kasal bo‘lgan xonadonga mehmon chaqirish yoki bu xonadonda yashovchilarning ko‘chaga chiqishi mumkin emas. Ro‘zg‘or uchun zarur narsalarni olib kelishga ehtiyoj tug‘ilganda fuqarolar bu borada qo‘shnilari, yaqin tanishlaridan iltimos qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, karantinga olingan muassasalarda mahalla fuqarolik yig‘ini faollari beminnat xizmat qilishmoqda. Ular ham o‘z hududlarida joylashgan, izolyatsiyaga olingan xonadonlarga dorilarni yetkazib berishmoqda, bozorliklarni qilib berishayapti. Shu sababli ehtiyoj tug‘ilganda mahalla fuqarolik yig‘inlariga ham murojaat qilish lozim», deya Barno Odilovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mutaxassis, shuningdek, uyda davolanayotgan koronavirus bemorlari qanday ovqatlanishi kerakligiga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Bemorning ovqatlanishi, uning jismoniy faolligi juda muhim. Bemor kuniga uch mahal asosiy ovqat va ikki mahal yordamchi ovqat tanovul qilishi kerak bo‘ladi – soat 11:00 va 16:00da qo‘shimcha ovqatlarni berish zarur. Ovqatlarimiz asosan suyuqliklardan iborat bo‘lishi kerak.
Bemor ichayotgan suyuqlik miqdori kuniga 3–5 litr bo‘lishi, bu davrda turli dorivor o‘simliklar, shifobaxsh o‘tlardan tayyorlangan damlamalar, masalan, zanjabilli choy, limonli choydan tez-tez ichib yurish tavsiya etiladi. Lekin limonli choyni ichishda biroz e'tiborli bo‘lish, agar bemorda allergik kasalliklarga moyillik, qandli diabet, gipotoniya kasalliklari bo‘lsa, shifokor bilan maslahatlashish kerak», deydi Barno Odilova
Mavzuga oid
14:57 / 25.07.2020
Bemorda qanday belgilar kuzatilsa statsionarga yotqizilishi haqida ma'lumot berildi
12:56 / 10.07.2020
Koronavirusni qayta yuqtirish mumkinmi? Davlat bosh sanitariya inspektori javob berdi
08:45 / 22.05.2020
Koronavirusning yangi asorati qayd qilindi
14:18 / 28.04.2020