Jahon | 11:31 / 28.07.2020
27004
4 daqiqa o‘qiladi

«Ovqat olish uchun pul ham qolmagan»: Peterburgdagi o‘zbek diasporasi rahbari bayonot bilan chiqdi

Migrantlar Peterburgdan qaytib kelishni istashmoqda, sababi pandemiyada ish sharoitlari yomonlashgan.

Foto: iStock

Bu haqda o‘zbek diasporasi vakili, Sankt-Peterburgdagi «Turon» o‘zbeklar jamiyati prezidenti Valisher Haydarov ma'lum qildi.

«Rosbalt» nashrining xabar berishicha, Haydarovga vatandoshlar doimiy ravishda ish haqi bo‘yicha qarzdorlik, soxta firmalar orqali ishga joylashish holatlari to‘g‘risida shikoyatlar bilan murojaat qilmoqda. Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilish yordam bermayapti.

Haydarovning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda muhojirlarning o‘zi qisman aybdor, sababi ular mahalliy qonunlarni bilishmaydi va «ish beruvchiga zarur hujjatlarni» pul olish umidida imzolashadi, ammo bu ro‘y bermaydi, deya ta'kidlab o‘tdi u.

«Ishoning, butun bir poyezdga sig‘adigan miqdordagi fuqarolar uyga qaytishni xohlayapti. Iloji bo‘lganda ketishardi. Bir charter reysga 150ga yaqin kishi ro‘yxatga olinadi, ammo 20-30 nafar olib ketiladi, asosan keksa odamlar va bolali ayollar. Konsullik yonida odam to‘lib yotibdi», - dedi Haydarov «Rosbalt» muxbiriga.

Uning fikriga ko‘ra, o‘zbekistonliklar orasida norozilik kayfiyati kuchaymoqda, ularning aksariyati umidsizlikdan chegarani noqonuniy kesib o‘tishga harakat qilmoqda.

«Ular vatanni sog‘ingani uchun uyga qaytishni xohlayotgani yo‘q. Bu yerda yeyishga narsa qolmagan, ovqat olish uchun puli ham yo‘q», - dedi Valisher Haydarov.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Cibir federal okrugi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlar o‘zlarini qiynayotgan muammo hal etilishida yordam so‘rashgan edi.

Murojaatda 100dan ziyod talaba O‘zbekistonga qaytish uchun charter reysga chipta xarid qilishgani, ammo navbat yetib kelmayotgani, mablag‘dan qiynalib qolishganini ma'lum qilishgandi. Ular orasida Rossiyada o‘qishni tamomlab, ro‘yxat qaydnomasi tugayotganlar ham bor edi. Ushbu murojaat 15 iyul kuni Kun.uz saytining telegramdagi kanali orqali yoritildi.

Novosibirsk shahrida tahsil olayotgan talabalar 22 iyul kuniga o‘tar kechasi, tungi soat 01.00da charter reys orqali O‘zbekistonga olib kelindi.

Bundan tashqari, pandemiya sababli Tatariston poytaxti - Qozonda qolib ketgan o‘zbekistonlik talabalar prezident va hukumatga videomurojaat bilan chiqishdi.

Avvalroq, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erkin Hamroyev koronavirus pandemiyasi davrida 90 ming o‘zbekistonlik vatanga qaytganini aytgan edi.

Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari soni 2,5 milliondan oshadi, Rossiyada - 1,5 million, AQShda - 100 mingdan ortiq, Qozog‘istonda - 140 ming, Qirg‘izistonda - 13 ming, Tojikistonda besh mingdan ortiq, Yevropa mamlakatlarida - 50 ming, Yaponiyada to‘rt mingga yaqin. 49 mingdan ortiq talaba xorijiy universitetlarda tahsil olmoqda.

Mavzuga oid