O‘zbekiston | 13:04 / 28.07.2020
15049
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Germaniyadan gumanitar yordam va Xitoydan tibbiyot jihozlari olib kelindi

Bugun, 28 iyul kuni, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga ikkita charter reys kelib qo‘ndi. Ulardan bir Germaniyaning Frankfurt shahridan bo‘lsa, ikkinchisi Xitoyning Shanxay shahridan.

Frankfurtdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan charter reys orqali Germaniya davlatining O‘zbekiston xalqiga virusga qarshi kurashishda ko‘maklashish uchun tibbiyot jihozlari olib kelindi.

Germaniyadagi elchixona tashabbusi bilan «Friedensdorf International» xalqaro xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning tibbiy va ijtimoiy muassasalarini koronavirusga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, texnogen falokatdan aziyat chekkan Sirdaryo viloyatiga yordam berishga qaratilgan insonparvarlik aksiyasi o‘tkazildi.

Aksiya doirasida to‘plangan tibbiyot jihozlari, nogironlar aravachalari, dori-darmonlar, turli xil tibbiyot asbob-uskunalari, materiallar va himoya vositalaridan iborat umumiy og‘irligi 2,8 tonnadan ortiq bo‘lgan gumanitar yuk O‘zbekistonga yuborildi.

Gumanitar yuk «Sog‘lom avlod uchun» jamoat fondi nomiga yuborildi. Fond O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda insonparvarlik yordamining to‘g‘ri taqsimlanishini ta'minlaydi.

Ikkinchi charter reys orqali tadbirkorlarga tegishli 49 tonnaga yaqin yaqin tibbiyot jihozlari, asbob-uskunalar, kombinezon, shuningdek, kislorod konsentratorlari olib kelindi. 

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 20 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazirga kislorod konsentratorlari va pulsoksimetrlarni qisqa muddatlarda mamlakatga yetkazish topshirig‘i berilgani aytilgan.

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid