O‘zbekiston | 22:53 / 29.07.2020
42917
3 daqiqa o‘qiladi

AOKAga yangi rahbar tayinlandi

Asadjon Xo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlandi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Majlisda axborot sohasida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan ochiqlik siyosatini amalga oshirish, axborot xavfsizligini ta'minlashga oid tizimli ishlarni tashkil qilish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlashda axborot xizmatlarining nufuzini oshirish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda Asadjon Xo‘jayevni prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlash to‘g‘risidagi prezident qarori o‘qib eshittirildi.

Asadjon Xo‘jayev 2003–2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi apparatining yetakchi konsultanti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va axborot xavfsizligini rivojlantirish loyihasi rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Asadjon Xo‘jayev 2004–2011 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari, 2011-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Bosh direktori, 2012-2017 yillarda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri apparati mudiri bo‘lgan.

U U 2017 yilning martidan avgustigacha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Davlat maslahatchisi o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi prezidenti matbuot xizmati rahbari bo‘lgan. Keyinroq O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining birinchi o‘rinbosari, 2018 yil avgust oyidan Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta'minlashga ko‘maklashish markazi direktori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. U 2019 yilning noyabrida Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvarida AOKA direktori v.b. Komil Allamjonov lavozimini tark etgach, o‘tgan vaqt davomida direktorning birinchi o‘rinbosari Dilshod Saidjonov agentlik direktori vazifasini ham bajarib kelayotgandi. Ayni vaqtda u direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimini saqlab qolgan.

Mavzuga oid