O‘zbekiston | 20:55 / 29.07.2020
49269
2 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi «UzAuto Motors» AJga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «UZAUTOMOTORS» AJ «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunni buzgani aniqlangan.

«Qo‘mita tomonidan hukumat topshiriqlari ijrosini ta'minlash maqsadida hamda fuqarolardan yozma va ommaviy axborot vositalari orqali kelib tushayotgan murojaatlarni inobatga olgan holda, «UzAuto Motors» AJda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlar talablariga rioya etilishi, shu jumladan, ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar tannarxi shakllanishi va narx qo‘llanilishi asosliligi yuzasidan vakolat doirasida tekshirish o‘tkazildi.

Tekshirish natijalari bo‘yicha jamiyat tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Raqobat to‘g‘risida» Qonunining tegishli moddasi talablari buzilishi alomatlari aniqlanib, «UzAuto Motors» AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atildi», deyiladi qo‘mita axborot xizmatining xabarida.

Qayd etilishicha, «UzAuto Motors» AJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi. Shundan so‘ng qaror natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

Avvalroq Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi raisiga «UzAuto Motors» monopoliyasiga oid deputatlik so‘rovi yuborilgani, «Parlament nazorati» shaklidagi so‘rov orqali deputatlar O‘zbekiston avtosanoati sohasidagi monopoliya masalalariga e'tibor qaratishgani xabar berilgan edi.

Mavzuga oid