Jahon | 00:37 / 30.07.2020
31561
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Koronavirus yana avj olishida yoshlar ayblanmoqda, YeI chegaralarni yana yopmoqchi

So‘nggi bir kunda AQShning olti shtatida Covid-19'dan rekord darajada kasallanish holatlari qayd etildi, Yevropa Ittifoqi chegaralarni qayta yopish haqida bosh qotirmoqda, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa yoshlarni ko‘plab mamlakatlarda ijtimoiy masofa saqlash qoidalariga amal qilmaslik va buning natijasida kasallik sur'ati o‘sishiga sababchi bo‘lishda aybladi.

Foto: AP/TASS

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyo bo‘yicha 16,7 mln kishi koronavirus bilan kasallangan, 660,5 ming kishi hayotdan ko‘z yumgan.

AQSh ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham yetakchi - mos ravishda 4,3 mln va 149,2 ming holatlar. Ikkinchi o‘rinda 2,4 mln bemor va 88,5 ming o‘lim holati qayd etilgan Braziliya bormoqda.

Yevropada kasallanishning yangi to‘lqini

Yevropaning ko‘plab davlatlarida kuzatilayotgan kasallanish darajasi o‘sishi hukumatlarni Yevroittifoqning ichki va tashqi chegaralarini yopish ehtimoli haqida bosh qotirishga majbur qilmoqda.

Ammo Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veranning ogohlantirishicha, buning oldini olishga har qanday yo‘llar bilan harakat qilish lozim. U shuningdek, mamlakatda qayta lokdaun joriy etilishini istamasligini, ammo virus bilan kechayotgan kurash, uning so‘zlariga ko‘ra, hali tugaydiganga o‘xshamayotganini ma'lum qildi.

Hokimiyat vakillari virus jiddiy avj olgan muayyan mintaqalarda mahalliy lokdaun joriy etayotgan Ispaniyada kasallanishning keskin ortishi kuzatilmoqda. Britaniya Ispaniyadan keluvchilar uchun ikki haftalik majburiy karantin tartibini yo‘lga qo‘ydi, vaholanki ushbu davlatlar o‘rtasida havo yo‘lagini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangandi.

Ushbu hafta boshida Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Britaniyaning bu qarorini haddan ortiq deb baholadi va qirollik hukumati cheklovlarni qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ispaniya hududining katta qismida Covid-19'dan kasallanish darajasi Britaniyanikiga qaraganda past.

Germaniya olimlari Covid-19'ga qarshi vaksina keyingi yil o‘rtalarigacha tayyor bo‘lmaydi deb hisoblamoqda. Bu mamlakat epidemiya bilan nisbatan samarali kurashgan davlatlar qatoriga kiradi. Biroq sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpanning aytishicha, u kasallanish statistikasi keskin yuqorilagan so‘nggi kunlarda qattiq xavotirga tushmoqda. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniyada kasallanish holatlarining umumiy soni 208 mingtani tashkil etib, 9,1 ming kishi koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumgan. 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko koronavirus bilan «oyoqda yurib» kurashgani haqida aytdi. U virus yuqtirib olganini tan olgan, ammo kasallik alomatlarsiz kechgan. Uning fikricha, virus aholining 97 foizida shu tarzda o‘tib ketadi, epidemiya tufayli xavotir oshishini esa psixoz deb atadi. Belarusda pandemiya boshidan beri 67,3 ming bemor qayd etilgani, ulardan 543 nafari hayotdan ko‘z yumgani ma'lum qilingan.

Ruminiya hukumati ham Covid-19'ning yangi to‘lqini fonida qoidalarni qat'iylashtirmoqda: jamoat joylarida niqobda bo‘lish majburiy, bar va boshqa bir necha idoralar ish soatiga cheklov o‘rnatiladi. Mamlakatda epidemiya boshlangandan beri umumiy kasallanish holatlari 47 mingtani tashkil etib, o‘lim ko‘rsatkichi 2,2 ming kishi. Bu Yevropa davlatlari orasida eng quyi ko‘rsatkichlardan biridir, ammo so‘nggi haftada kuniga mingdan ortiq kishi koronavirus yuqtirib olayotgani aniqlanyapti.

Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘plab holatlarda Ruminiya Konstitutsion sudining bemorlar shifoxonaga yotqizilishi va ularning yaqinlari izolyatsiya olinishi majburiyligini noqonuniy deb topgani bilan bog‘liq.

Natijada so‘nggi vaqtlarda koronavirusning yengil shaklini boshdan kechirayotgan 972 nafar bemorga shifoxonadan javob berilgan. Shuningdek, ruminiyalik shifokorlar baholashicha, 3600dan ortiq bemor kasalxonaga umuman murojaat qilmagan.

Yoshlar aybdormi?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidagilarning fikricha, epidemiyaning Yevropadagi yana qaytadan avj olishiga ijtimoiy masofa saqlash qoidasiga amal qilmasdan, avvalgi hayot tarzida yashashda davom etayotgan yoshlar sababchi.

JSSTning mintaqaviy direktori Xans Klyuge BBC radioefirida dunyo mamlakatlari hukumatlari o‘z tavsiyalarini aniq bayon etishga majbur ekanliklarini aytdi.

«Borgan sari ko‘plab davlatlar mahalliy avj olish va kasallanish ortishi haqida qayg‘urmoqda. Bunga odamlarning o‘zini tutishi o‘zgarayotgani sabab bo‘lgani bizga ma'lum, - deydi Klyuge. - Turli mamlakatlar sog‘liqni saqlash organlari bizga kasallanish aynan yoshlar o‘rtasida ko‘p uchrayotgani haqida xabar berishmoqda. Demak, mening nazarimda, biz yoshlar bilan qanday ishlash kerakligini qayta o‘ylab chiqishga majbur ekanimiz kundek ravshan».

Klyuge shuningdek, ikki nafar qiz farzandning otasi sifatida yoshlarning «yozni behuda sarflashni» istamasliklarini yaxshi tushunishini aytdi. «Ular shaxsan o‘zlari oldida, ota-onalari, buvi-bobolari va yon-atrofdagi insonlar uchun mas'uldirlar», deb qo‘shimcha qildi u.

Dunyoning boshqa qismlaridagi ahvol qanday?

AQShda so‘nggi kun ichida Covid-19 bilan bog‘liq deyarli 1600ta o‘lim holati qayd etildi. Bu o‘lim holatlarining may oyidan beri kuzatilgan eng yuqori o‘sishidir. Bu holat ayniqsa mamlakatning janubda va g‘arbiy qirg‘oqda joylashgan 6 shtatida ko‘zga tashlanmoqda.

Hongkong yetakchisi Kerri Lem ma'muriy hududning tibbiyot tizimi kasallanish keskin oshishi tufayli kollapsga uchrashga yaqin turganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharning turli jamiyatlari orasida klaster zararlanish kuzatilmoqda.

Bir oydan kam vaqt avval kunlik kasallanish holatlari 10tadan kamroq bo‘layotgandi, hozir esa kuniga 100dan ortiq bemor ro‘yxatga olinmoqda. Dushanba kuni pandemiya boshidan beri kunlik kasallanish darajasi bo‘yicha rekord daraja qayd etildi - 145 bemor.

Hongkong aholisidan hukumatga koronavirusning yangi to‘lqinini nazoratga olishiga yordam berish uchun yana uyda qolish so‘ralmoqda. Chorshanba kunidan boshlab joriy etilgan qoidalar: jamoat joylarida niqob kiyish majburiy, mijozlarga bino ichida xizmat ko‘rsatuvchi restoranlar qayta yopiladi.

Lotin Amerikasidagi vaziyat

Peruda stadionlar va sport obektlari (bu yerlarda bir yil muqaddam Panamerika o‘yinlari o‘tkazilgandi) koronavirus bemorlarini qabul qilish uchun qayta jihozlandi va vaqtinchalik shifoxonalarga aylantirildi. Mamlakatda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 400 mingga yaqinlashgan. Peru Lotin Amerikasi miqyosida epidemiya ko‘lami bo‘yicha Braziliya va Meksikadan keyingi uchinchi o‘rinda.

Kolumbiya prezidenti Ivan Duke Markes chorshanba kuni mamlakatda lokdaun yana bir oyga - avgust oyi oxirigacha uzaytirilishini ma'lum qildi. Bu Kolumbiya hukumati umummilliy karantinni sakkizinchi marta uzaytirishidir, birinchi lokdaun mart oyida joriy etilgandi. Duke Markes kasallanish holatlari kamroq bo‘lgan hududlarda do‘konlar va biznesga bosqichma-bosqich ruxsat berilishini ma'lum qilgan. Barlar, tungi klublar, teatrlar va boshqa ko‘ngilochar maskanlar butun mamlakat bo‘ylab yopiqligicha qoladi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Kolumbiyada Covid-19 pandemiyasi davrida jami 267 ming kishi kasallangan, 9 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Boliviyada prezidentlik saylovlari pandemiya tufayli yana bir bor qoldirilishiga javoban minglab kishilar ko‘chalarga chiqib, norozilik namoyishlari boshladi. So‘nggi marta saylovlar oktabr oyiga ko‘chirilgandi. Muxolifatchilarning fikricha, vaqtincha prezident vazifasini bajarib turgan Janin Anes bu orqali hokimiyatda uzoqroq qolishga harakat qilmoqda.

Boliviyada shu vaqtgacha 72,3 ming kishi kasallanib, 2720 kishi vafot etgan.

Mavzuga oid