O‘zbekiston | 20:20 / 30.07.2020
112858
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya va nafaqalar miqdori oshirilmoqda - Prezident farmoni

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiyalar, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalar miqdori 1,1 barobar oshiriladi.

Bu prezidentning «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida o‘z aksini topgan.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:

  • pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 262 470 so‘m;
  • yoshga doir eng kam pensiyalar – oyiga 513 350 so‘m;
  • bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 513 350 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa – oyiga 315 030 so‘m etib belgilanadi.

Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning yakuniga qadar:

  • 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazishni;
  • bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish;
  • moddiy yordam oluvchi kam ta'minlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishni ta'minlaydi.

To‘lash muddati 2020 yilning iyul-sentabr oylarida tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash navbatdagi 6 oy muddatga (bola tegishlicha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan holatda) davom ettiriladi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, turli to‘lovlar va jarimalar undirish uchun qo‘llaniladigan Bazaviy hisoblash miqdori 223 ming so‘m darajasida o‘zgarishsiz qolgan.

So‘nggi marta O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar joriy yilning 1 fevralida 7 foizga oshirilgan edi.

Mavzuga oid