Jahon | 13:43 / 31.07.2020
17088
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada amerikalik talaba 9 yilga qamaldi

Moskva sudi amerikalik talabani militsiya xodimlariga hujum qilgani uchun 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Foto: TASS

Moskva shahar sudi 30 iyul payshanba kuni amerikalik talaba Trevor Ridni o‘tgan yozda Moskvada hibsga olish paytida ikki nafar militsiya xodimi hayotiga tahdid qilganlikda aybdor deb topib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Shimoliy Texas universiteti talabasi va sobiq dengiz piyoda askari Trevor Rid Moskvada ikki ayol bilan janjallashib qoladi. Voqea joyiga yetib borgan militsiya xodimlari uni tinchlantirmoqchi bo‘lishadi, ammo 28 yoshli AQSh fuqarosi ularga bo‘ysunmaydi va keskin qarshilik ko‘rsatadi. Rid qo‘lga olinayotgan paytda spirtli ichimlik ta'sirida bo‘lgani sabab voqeani eslay olmaganini aytdi. Dalillarni o‘rganib chiqqach, u aybini tan olishdan bosh tortgan.

Prokurorlar 28 yoshli Trevor Ridni qo‘lga olganidan so‘ng uni olib ketishayotganda mashina boshqarayotgan militsiya xodimiga tashlanishda ayblashdi. Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, o‘shanda militsiya xodimi transport vositasining xavfli manyovrlarini bajarishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Rid boshqa bir xodimni ham do‘pposlashda ayblangan.

Ridning advokati sud majlisida militsiya xodimlari shubhali tarzda birinchi bergan ko‘rsatmalarini o‘zgartirganini, shu sababli amerikalik talabani umuman hibsda ushlab turmaslikni va zudlik bilan ozod qilish lozimligini bildirgan. Ammo ishni ko‘rib chiqqan sudya advokatning vajlarini inobatga olmagan.

AQSh fuqarosi bo‘lgan Trevor Rid Rossiya poytaxtiga o‘tgan yil may oyida rus tilini o‘rganish va rossiyalik qiz do‘sti bilan uchrashish uchun borgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid