Jahon | 16:07 / 01.08.2020
7196
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda mashhur shaxslarning Twitter sahifalariga hujum uyushtirgan o‘smir qo‘lga olindi

17 yoshli Grem Ayven Klark, 19 yoshli Meyson Sheppard va 22 yoshli Nima Fazeli elektron tovlamachilik maqsadida o‘zgalarning kompyuterlariga ruxsatsiz kirishda ayblanmoqda. Prokuratura 17 yoshli Klarkni bu ishning "bosh tashkilotchisi" deb atamoqda.

Foto: imago

AQSh hukumati ikki hafta avval mashhur shaxslar va kompaniyalarning Twitter sahifalarini buzib kirishda gumonlangan uch nafar xakerga nisbatan ayblov e'lon qildi. Bu haqda Kaliforniya va Florida shtatlari prokuraturalari xabar berdi.

Ayblanuvchilarning ikki nafari AQSh, uchinchisi esa Buyuk Britaniya fuqarosi hisoblanadi.

17 yoshli Grem Ayven Klark, 19 yoshli Meyson Sheppard va 22 yoshli Nima Fazeli elektron tovlamachilik maqsadida o‘zgalarning kompyuterlariga ruxsatsiz kirishda ayblanmoqda. Ularga 250 ming dollargacha jarima solinishi va 45 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

17 yoshli Klark Twitter akkauntlarni buzishning "bosh tashkilotchisi" deb atalmoqda. U bilan Florida prokuraturasi shug‘ullanmoqda. Mazkur shtat qonunlari voyaga yetmaganlarga ham moliyaviy jinoyatlarda ayblov e'lon qilish imkonini beradi.

 16 iyul kuni Twitter ijtimoiy tarmog‘i boshqaruvi kiberhujum oqibatida 130ga yaqin shaxsiy sahifa buzilganini ma'lum qilgandi.  

 Xakerlar Twitter tarmog‘ining ichki tizimlariga kirib, AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden, TV yulduzi Kim Kardashyan, sobiq prezident Barak Obama, milliarderlar Ilon Mask va Bill Geyts va boshqalarning sahifalariga kirish imkoniga ega bo‘lishgan. Ular mazkur sahifalarda ko‘rsatilgan hisobga bitkoin o‘tkazgan kishiga yarim soat ichida ikki baravar qilib qaytarilishiga doir xabar joylashgan. Shu tarzda ular 100 ming dollardan ortiq pulga ega bo‘lishgan.

Mavzuga oid