O‘zbekiston | 12:18 / 21.07.2024
30979
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xaker yigit taniqli boylarni aldab pullarini o‘zlashtirdi

20 yoshli yigit Telegramʼda taniqli boylarning nomiga sahifa ochgan va ularning nomidan xodimlariga pul so‘rab yozib yuborgan. Hech narsadan shubhalanmagan xodimlar yigit so‘ragan pullarni undagi bank kartasiga tashlab beravergan.

Foto: Videodan kadr

Samarqandda Telegramʼda tadbirkorlar nomidan sahifa ochib, ularning pullarini o‘zlashtirgan xaker yigitga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 20 yoshli yigit Samarqand viloyatida taniqli tadbirkorlarning Telegram sahifalaridan foydalanib ularni katta pulga chuv tushirgan.

Yigit Telegramʼda tadbirkorlar nomida sahifa ochgan va ularning fotosuratlarini qo‘ygan. So‘ng tadbirkorlar qo‘l ostida ishlayotgan xodimlarning kontaktlarini topgan.

Oxirida tadbirkorlar nomidan ularning yordamchilariga, qo‘l ostidagi xodimlarga pul zarur bo‘layotgani haqida yozib yuborgan.

Yordamchilar va xodimlar sahifa soxta bo‘lishi ham mumkinligini xayollariga keltirmay, yigit so‘ragan pullarni tashlab beraverishgan.

“Zamon” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, yigit jinoiy ishga qo‘l urishdan avval taniqli tadbirkorlarni obdon kuzatgan.

“Avval tadbirkorlar nomida sahifa ochdim. So‘ng ularning nomidan menejerlariga, sotuv ofisi xodimlariga va boshqa ishchilariga xo‘jayinlari nomidan pul tashlanglar deb yozvordim. Hech kim nega deb so‘ramadi va so‘ragan pullarimni tashlab beraverishdi”, degan yigit sud majlisida.

Yigit o‘zi chuv tushirgan odamlarga o‘zidagi kartalarning raqamlarini yozib yuborgan va pullarni tushirib olgan. Shu tariqa xaker yigit bir tadbirkordan jami 36 mln, boshqasidan jami 43 mln so‘m undirgan.

U sudda pullarni onlayn qimor o‘yinlarida yutqazib yuborganini aytgan. Yigitning ta’kidlashicha, qilmishlari oshkor bo‘lgach u yashab turgan uyini sotib, tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplab bergan.

Aniqlanishicha, yigit oldin ham xakerlik yo‘li bilan pul o‘zlashtirib, ikki marta sudlangan ekan.

Sud xaker yigitni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan aybdor deb topgan va unga 1 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi bergan.

Mavzuga oid