Jahon | 06:54 / 02.08.2020
71308
4 daqiqa o‘qiladi

«Xabarovsk bizga ham keladi» – Rossiyaning boshqa hududlarida ham namoyishlar boshlandi

1 avgust kuni Rossiyaning bir qator yirik shaharlarida o‘tgan oyda hibsga olingan Xabarovsk gubernatori Sergey Furgalni qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilayotgan norozilik namoyishlarini qo‘llab, birdamlik mitinglari bo‘lib o‘tdi.

«OVD-info» inson huquqlarini himoya qilish portaliga ko‘ra, Xabarovsk aholisini qo‘llab-quvvatlab o‘tkazilgan birdamlik mitinglarida 10dan ortiq shaharda jami 55 kishi hibsga olingan. Shulardan 21 nafari Sankt-Peterburgda va 13 nafari Moskvada.

Moskvada namoyishchilar Novopushkinskiy xiyoboniga to‘plangan. Xiyobonni o‘sha zahoti politsiya va Rosgvardiya xodimlari qurshab olgan hamda namoyishchilarni hibsga ola boshlagan.

Hibsga olinganlardan birining «OVD-info»ga ma'lum qilishicha, unga «yuqori ogohlantirish rejimi» joriy etilganida o‘zini tutish qoidalariga rioya qilmaslik moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Namoyishchilar Stariy Arbat ko‘chasi bo‘ylab yurishga harakat qilgan, ammo politsiya ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Kechki payt faollar Moskva metropolitenidagi  poyezdlardan biriga «Xabarovsk bizga ham keladi» yozuvli plakatni ilib qo‘yishgan.

Shanba kuni Sankt-Peterburg va Krasnodarda ham Xabarovskdagi namoyishlarni qo‘llab o‘tkazilgan birdamlik mitinglari hibsga olishlar bilan yakunlangan.

Sankt-Peterburgda namoyishchilar Neva prospektida sharlar va kabutar ramzi tushirilgan plakatlarni ko‘tarishgan (Rossiyada bugun «kabutarlarga don tashlash» Xabarovskdagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash ramziga aylanib boryapti). Ularning ortidan politsiyachilarning hibsga olish mashinasi harakatlangan. Politsiya ovoz kuchaytirgichda namoyishchilardan tarqalishni talab qilgan.

Namoyishchilar Griboyedov kanalining qirg‘og‘iga burilganda, politsiyachilar Neva prospektiga boradigan yo‘lni to‘sib qo‘yib, ularni hibsga ola boshlagan.

Xabarovskdagi namoyishchilar bilan birdamlik mitinglari Qozon shahrida ham o‘tkazilgan. «OVD-info»ga ko‘ra, u yerda yetti yashar bolasi bor ayolni ham politsiya bo‘limiga olib ketishgan. Xabarovskdagi namoyishlarni qo‘llab o‘tkazilgan birdamlik mitinglari Rossiyaning Yekaterinburg, Krasnodar, Chelyabinsk, Vladivostok kabi jami 15ta shahrida bo‘lib o‘tgan.

Shanba kuni Xabarovskda namoyishlar ikki marta bo‘lib o‘tgan. Yomg‘ir ostida minglab odamlar qatnashgan birinchi namoyish peshinda boshlanib, viloyat ma'muriyati binosi oldidagi miting bilan yakunlangan. Ikkinchi namoyish kechki payt bo‘lib o‘tgan.

Furgal ishi

Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal 9 iyul kuni hibsga olingandi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, u 2004-2005 yillarda uch nafar tadbirkorni o‘ldirishda ayblanyapti.

16 iyul kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi Furgalning ikkita qotillik va qotillikka aloqadorligi to‘g‘risida «rad etib bo‘lmaydigan dalillar»ni e'lon qildi. Furgalning o‘zi esa ayblovlarni tan olmagan.

20 iyul kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Furgalni ishdan bo‘shatgan va uning o‘rniga LDPRning yana bir a'zosi Mixail Degtyaryovni vaqtincha o‘lka gubernatori etib tayinladi. Ammo Xabarovsk o‘lkasi aholisi Mixail Degtyaryovni ancha sovuq kutib oldi va Furgalni ozod qilishni talab qilib, namoyishlarga chiqishda davom etib kelayapti.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid