Dunyodagi vaziyat: Melburnda kommendantlik soati, Berlinda namoyishlar
Jonsa Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusdan zararlanish holatlari soni 18 millionga yaqinlashgan, 685 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan. Pandemiya Avstraliya, AQSh, Janubiy Afrika va Hindistonda shiddat bilan tarqalishda davom etmoqda.
Avstraliyaning Viktoriya shtati kasallik avj olishi fonida qat'iy karantin joriy etgan - so‘nggi bir kunda bu yerda 671ta yangi holat qayd etilgan.
Shtat markazi Melburnda ehtiyotkorlik choralarining 4-darajasi e'lon qilingan, unga ko‘ra shahar aholisiga uyni faqat oziq-ovqat xarid qilish uchun tark etishga ruxsat beriladi, shuningdek, sport bilan shug‘ullanish mumkin, bunda uydan 5 kilometrdan ortiq masofada uzoqlashmaslik kerak bo‘ladi.
Bu cheklovlar kamida 6 hafta davomida amalda bo‘ladi. Shtat bosh vaziri Deniyel Endryusning izohlashicha, shifokorlar kasallik tasdiqlangan 760 kishining virusni yuqtirib olish manbasini aniqlay olmagan.
Endryusning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq joriy etilgan karantin choralari yetarli natija keltirmagan. «Biz qat'iyroq harakatlanishimiz zarur. Bu kasallikni yengib o‘tishning yagona chorasi», - degan u.
«Manbasi aniqlanmagan holatlar» qanday paydo bo‘lmoqda?
Ekspertlarni «manbasi aniqlanmagan holatlar» tushunchasi tashvishga solmoqda - bunda yangi bemorni hukumatga ma'lum bo‘lgan kasallik o‘chog‘i bilan bog‘lab bo‘lmaydi yoki uning koronavirus tashuvchilari bilan aloqasi tasdiqlanmaydi.
Aynan shu omil infeksiya tarqalishini jilovlashni murakkablashtirmoqda va hukumatni nisbatan qat'iyroq cheklov choralari joriy qilishga undamoqda. Ayni vaqtda Melburndagi holatlarning yarmidan ko‘prog‘ida kasallik zanjirini aniqlab bo‘lmagan.
7,5 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan Hongkong bahorda qat'iy karantinsiz ham kasallik keng tarqalishining oldini ololgandi, ammo iyulda bu shaharda virus avj ola boshladi - bu yerda ham ko‘pchilik holatlarning yuqtirish manbasini aniqlab bo‘lmadi.
Natijada hukumat darhol maktablarni ta'tilga chiqardi, barlarni, fitnes-klublarni va plyajlarni yopdi; jamoat joyida 4 kishidan ko‘p bo‘lib yig‘ilish taqiqlandi, tibbiy niqob taqmaganlik uchun yirik jarimalar qo‘llana boshlandi.
Hozirgacha pandemiyadan nisbatan kam jabr ko‘rgan davlatlardan bo‘lib kelayotgan Yaponiyada ham kasallik keng tarqala boshladi. Bloomberg Law ma'lumotiga ko‘ra, «manbasi aniq bo‘lmagan» kasallanish holatlari iyun oyi o‘rtalarida jami holatlarning 19 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu raqam 51 foizga yetgan. Ammo Yaponiya hukumati do‘konlar va muassasalar binolarini yopishga shoshilmayapti, faqat aholidan ijtimoiy masofaga qat'iy rioya etish so‘ralmoqda.
Berlinda namoyishlar
Berlinda pandemiya tufayli yangi cheklovlar joriy etilishiga qarshi mitinglar boshlandi. Tartibsizliklar vaqtida 45 nafar politsiyachi jarohatlangan, politsiya 133 kishini qo‘lga olgan.
Miting shanba kuni kunduzi boshlangan va kechasi bilan davom etgan. Namoyishchilar 1 avgust kunini pandemiyadan «erkin kun» sifatida tan olishni talab qilishgan. Aksiyaga taxminan 20 ming kishi yig‘ilgan. Miting xavfsizligini ta'minlash uchun 1,1 ming politsiyachi jalb etilgan. Ular namoyishchilarni masofa saqlash va tibbiy niqob taqishga chaqirgan, ammo namoyishchilar bunga quloq solmagan.
Natijada namoyish ishtirokchilari politsiyaga hujum qilgan va ularga toshlar uloqtirishgan. Politsiya avvaliga ogohlantirish berib, keyin marosim yakunlangani haqida e'lon qilgan. Namoyishchilarning bir qismi ketishni istamagan — ularni kuch bilan haydashga to‘g‘ri kelgan. Qo‘lga olinganlarning 89 nafariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, qolganlariga ma'muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ish ochilgan.
DW nashri xabariga ko‘ra, aksiya Shtutgartdagi «Querdenken 711» tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Uning tarkibiga fitna nazariyachilari, o‘ng ekstremistlar va kovid-dissidentlar kiradi. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, aksiya davomida Uchinchi reyx bayroqlari ham ko‘tarilgan.
Stolknoveniya s politsiyey na protestax v Berline iz-za zakrytiya paba https://t.co/2Vz5i7o5Im pic.twitter.com/4o3qdHkLLy
— RT na russkom (@RT_russian) August 2, 2020
Germaniyada iyul oyi oxiriga kelib Covid-19 tarqalishi tezlashdi. Mamlakatda shu vaqtgacha 209 893 holat qayd etilib, 9141 kishi vafot etgan.
AQSh: respublikachilar qurultoyi yopiq o‘tkaziladimi?
Shanba kuni Amerika nashrlari, xususan Associated Press agentligi respublikachilar partiyasining saylovoldi s'yezdi tarixda ilk marta matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazilishi haqida xabar tarqatdi, bu qurultoyda partiya Donald Tramp nomzodini prezidentlik saylovida rasman nomzod sifatida e'lon qilishi kerak.
S'yezd 24 avgust kuni Shimoliy Karolinadagi Sharlott shahrida 336 delegat ishtirokida o‘tkazilishi belgilangan.
Ammo yakshanba kuni Respublikachilar partiyasi bu xabarlarni tasdiqlamadi va bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ma'lum qildi.
Oq uyning koronavirus tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha koordinatori Debor Birks dam olish kunlarida AQSh pandemiya bilan kurashning yangi bosqichiga kirayotgani haqida ogohlantirdi.
CNN nashriga bergan intervyusida u infeksiya mamlakat bo‘ylab keng tarqalganini tasdiqlab, aholiga pandemiyaning birinchi bosqichidan ko‘ra kattaroq xavf solayotganini ma'lum qildi. U qishloq hududlari aholisini ham kasallanish xavfi haqida ogohlantirgan.
Dunyoda yana nimalar bo‘lmoqda?
Rossiyada yakshanba kuni 5 427ta yangi holat qayd etildi, pandemiya davridagi jami holatlar soni 850 mingdan oshdi, RF kasallanish holatlari soni bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda bormoqda.
Lotin Amerikasida koronavirusdan vafot etganlar soni 200 mingdan oshdi, qurbonlarning katta qismi - 75 foizi - Braziliya va Meksika hissasiga to‘g‘ri keladi.
Janubiy Afrikada qayd etilgan holatlar soni 500 mingdan oshdi, bu mamlakatda yana «quruq qonun» amal qila boshladi, hukumat qat'iy karantin orqali yangi kasallanish holatlarini kamaytirib, sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani kamaytirmoqchi.
Hindistonda qatorasiga uchinchi kun yangi kasallanish holatlari soni 50 mingdan ortiq bo‘lmoqda.
Eronda o‘tgan kunda 2 685ta yangi holat qayd etildi - bu so‘nggi bir oy ichidagi eng yuqori kunlik o‘sishdir. Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Sima Sadat Larining aytishicha, mamlakatning 31 viloyatidan 25tasida xavotirli vaziyat yuzaga kelgan.