Jahon | 23:20 / 06.08.2020
79279
25 daqiqa o‘qiladi

Chegara bilmas zulmkorlik: 75 yil avval AQSh Yaponiyaga atom bombasi tashlagandi

Roppa-rosa 75 yil avval, 1945 yil 6 avgust insoniyat tarixidagi eng dahshatli voqealardan biri sodir bo‘lgandi. Shu kuni inson birinchi va hozirgacha oxirgi marta xuddi o‘zi kabi insonlarni qirish, shaharlarni vayron qilish uchun yadro qurolidan foydalangan. AQSh harbiylari Ikkinchi jahon urushi yakunida Yaponiyaning ikki shahriga atom bombasi tashlagandi. Insoniyat uchun yuborilgan navbatdagi sinovli kunlarda o‘sha mash’um voqeani eslaymiz.

Hirosima va Nagasakining bombalanishi insoniyat tarixida yadro quroli jangovar maqsadda qo‘llangan yagona holat bo‘lib qolmoqda.
AQSh Qurolli kuchlari ushbu quroldan foydalanib, Ikkinchi jahon urushiga uzil-kesil nuqta qo‘ygandi. Foto: Reuters

Inson paydo bo‘lgandan beri turli darajadagi urushlar unga hamroh bo‘lib kelmoqda. Dunyo tarixida ro‘y bergan katta-kichik urushlarning barchasi turli sabablar bilan, ammo bir maqsad yo‘lida – boshqalarning hududi va boyliklarini egallash uchun sodir etilgan. Har holda aksariyati shunday.

Qadimgi dunyo tarixida, o‘rta asrlarda dunyo uncha taraqqiy topmagan, fan-texnika rivojlanmagan, qit’alararo munosabatlar unchalik rivojlanmagan davrlar edi. Shu tufayli yer yuzining qay bir burchagida ikki davlat o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushlarga boshqalar aralasha olmas, ko‘pincha urushayotgan tomonlarga tarafkashlik qiluvchilar bo‘lmasdi. XIX-XX asrlarda dunyo juda taraqqiy etdi. Fan-texnika inqilobi ro‘y berdi. Buning natijasida odamzod suv ostiga tushdi, kosmosga uchdi, yuz qavatlik osmono‘par imoratlar qurdi. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan uskunalar yaratdi. Ammo bularning barchasi insoniyatni o‘zaro urushishdan qaytara olmadi. Hanuz qaytara olmadi. Hali dunyoning u chekkasida, hali bu chekkasida urushlar bo‘lib turibdi.

Jahon tarixida dahshatli urushlar ko‘p bo‘lgan. Ammo XX asrgacha ularning birortasi jahon darajasida bo‘lmagan. Aynan insoniyat aql-tafakkuri eng kamolotga yetgan asrda insoniyat bir emas, ikki marta jahon urushini sodir etdi. Bu urushlarda millionlab insonlar halok bo‘lganidan tashqari, yer yuzining katta qismida insoniyat tomonidan qiyinchilik bilan bunyod etilgan shahar va qishloqlar, sanoat korxonalari, infratuzilma obektlari yer bilan yakson qilinib, vayron etildi.

Ayniqsa, 1939-1945 yillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushining ko‘lami nihoyatda katta bo‘ldi. Bu urushda o‘sha paytda yer yuzining 80 foiziga egalik qilib turgan 73 mamlakat ishtirok etadi. Bu urushning eng kulminatsion nuqtasi o‘zi shundoq ham yengilay deb turgan Yaponiyaning ikkita shahriga AQSh harbiylari tomonidan atom bombasi tashlangani bo‘ladi. Bu dahshatli ish oqibatida Hirosima va Nagasaki shaharlari batamom vayron bo‘ladi. Aholisining katta qismi halok bo‘ladi, tirik qolganlari esa radiatsiya natijasida nogironga aylanadi. Bugun o‘sha voqeaga 75 yil bo‘ldi.

Atom bomba tarixi

Bugun, tarixiy faktlar dunyodagi ilk atom bombasini AQSh olimlari yaratganini tasdiqlasa ham, aslida «olamshumul kuchga ega bomba» yaratish ishlarini birinchi bo‘lib nemis olimlari boshlagani ham ayni haqiqat.

1945 yilning 16 iyulida Nyu-Meksiko shtatida Manxetten loyihasi doirasida dunyoda ilk marta «Triniti» yadro quroli sinovdan o‘tkazilgandi.
Muvaffaqiyatli sinov Yaponiya shaharlariga bomba tashlashga turtki bo‘lgandi. Foto: Zuma/TASS

1939 yilda Germaniya armiya bo‘linmalari boshqarmasida yadro fizikasida nom qozongan taniqli olimlar Paul Xartek, Xans Vilgelm Geyger, Valter Bote, Kurt Dibner, Karl-Fridrix fon Vaytszekker va Verner Geyzenberg ishtirokida maslahatlashuv bo‘lib o‘tadi. Unda atom bombasini yaratish masalasi muhokama qilinadi. Muhokamada atom bombasini yaratish ishlari nihoyatda qattiq sir tutilishiga kelishib olinadi. Ammo oxir-oqibat nemislar atom bombasini yarata olishmaydi.

Buning sababi shundaki, Germaniyada atom bombasini yaratish ustida ishlar boshlangan 1939 yilda bu davlat o‘zinig mukammal armiyasi bilan Yevropaning turli davlatlarini birin-ketin bosib olayotgan va Gitler zafar og‘ushida mast bo‘lib yurgan paytlar edi. O‘shanda, o‘zi shundoq ham Yevropani osongina zabt etayotgan Germaniya armiyasiga yana qandaydir yangi qurol juda ham zarur emas, degan xulosaga kelingan.

Keyinchalik, Gitler SSSRga hujum qilib, 1942 yilning kuziga borib nemislar ortga chekina boshlaganda yangi qurol yaratishga kech bo‘lgan edi. Nemislar SSSRga bostirib kirganidan so‘ng ularning vahshiyliklari misli ko‘rilmagan darajaga chiqadi. Ayniqsa, yahudiylarga nisbatan qilinayotgan xunrezliklarning cheki yo‘q edi.

O‘sha paytda Germaniyada nafaqat atom bombasi yaratish ustida ishlayotgan olimlar, balki yana ko‘plab boshqa sohalar bo‘yicha nomi chiqqan olimlarning aksariyati yahudiylar edi. Atom bombasi yaratayotgan olimlar dahshatli qurol yaratilsa bundan eng birinchi navbatda o‘zining millatdoshi bo‘lgan yahudiylar jabr chekishini inobatga olishi aniq edi. Shu sababli, atom bombasi ustida ishlayotgan olimlarning ayrimlari ishni to‘xtatadi va nemislarning jazosiga yo‘liqadi. Ayrimlari esa xorijga qochishga muvaffaq bo‘ladi. Natijada Berlin zabt etilib Germaniya taslim bo‘lguncha bu mamlakatda atom bombasi yaratilmaydi. «Uloq»ni atom bomba yaratish ustidagi ishlarni nemislardan biroz keyin boshlagan bo‘lsa ham amerikaliklar ilib ketishadi.

AQShda atom bomba yaratish «Manhetten rejasi» deb nomlangan va bu loyihaga o‘sha paytda misli ko‘rilmagan darajadagi 2 milliard dollar (bugungi kursda bu mablag‘ qariyb 22 milliard dollarga teng bo‘ladi) sarflangan. Tadqiqotlarga fizik olim Robert Oppengeymer va Lesli Grovs boshchilik qilgan.

AQShda atom bombasini yaratish ustidagi ishlar prezident Flanklin Ruzvelt prezidentlik qilgan yillarda boshlangan bo‘lsa ham bu qurolning yaratilishi va sinovini ko‘rish unga nasib etmaydi. 1945 yil 12 aprelda prezident Ruzvelt 63 yoshida vafot etadi va uning o‘rniga vitse-prezident Harri Trumen AQSh rahbari bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushida AQSh hududida harbiy harakatlar o‘tkazilmagan bo‘lsa ham aynan Yaponiya bilan kechayotgan urushda tezroq yengib chiqish uchun Trumen atom bombasi tezroq yaratilishini xohlar edi. 1945 yil 17 iyulda SSSR, Buyuk Britaniya va AQSh rahbari o‘rtasida Yevropaning kelajagi masalasida o‘tkaziladigan Podstam konferensiyasida Trumen yangi bomba bilan Sharqiy Yevropani to‘liq egallab olgan va u yerda sotsialistik rejim o‘rnatishni reja qilayotgan Stalinga ta’sir o‘tkazishni reja qiladi. Konferensiyaga jo‘nab ketar ekan u Lesli Grovsiga «yaqin kunlar ichida xushxabar eshitish niyatida ekanligi»ni bildiradi.

1945 yil 16 iyul kuni Trumen o‘z delegatsiyasi bilan Podstamga borib joylashgan kuni AQShning Nyu-Meksiko shtatidagi poligonda dunyodagi ilk atom bombasi sinovi muvaffaqiyatli o‘tkaziladi. Yangi turdagi bombaning portlash kuchi 21 kilotonna trotilga teng bo‘ladi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tgani haqida o‘sha zahotiyoq Trumenga xabar beriladi.

Potsdam konferensiyasi davom etar ekan, Trumen unda gegemonlikni qo‘lga olish va Stalinni «popugini biroz pasaytirish» maqsadida 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda SSSR rahbariga AQSh dunyoni larzaga solishi mumkin bo‘lgan yangi qurol yaratganini aytadi.

Keyinchalik Trumen o‘z esdaliklarida yozishicha, o‘shanda Stalin uning AQSh dahshatli qurolga bo‘lgani haqidagi gaplariga e’tibor bermagan. O‘sha yerda ular bilan birga bo‘lgan Buyuk Britaniya bosh vaziri Cherchill esa o‘z xotira kitobida «O‘shanda Stalin Trumenning nima deganini yaxshi anglab yetmagan edi. Men esa AQSh prezidentining yangi qurol haqidagi gapini yaxshi ilg‘ab qolgandim. Oradan bir necha kun o‘tib Yaponiyaning ikkita shahriga o‘sha bombalardan tashlanganida u qurol Trumen Stalinga maqtangan qurol ekanini bildik», deb yozgan edi.

Sovet yozuvchisi Aleksandr Chaykovskiyning «G‘alaba» siyosiy romanida aynan Trumenning atom bombasi yaratilishini qanchalik ilhaqlik bilan kutgani, bombadan Podstam konferensiyasida Stalinga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanmoqchi bo‘lgani haqida batafsil hikoya qilingan. To‘g‘ri, Chaykovskiyning romani o‘z oti bilan badiiy adabiyot mahsuli, ammo Trumenning atom bombasini tezroq yaratilishi uchun shoshilgani va undan Podstam konferensiyasida Stalinga ta’sir o‘tkazishda foydalanmoqchi bo‘lgani tarixiy haqiqat va buni Trumenning o‘zi ham, boshqa guvohlar ham tasdiqlagan.

Masalan, SSSR delegatsiyasi safida Podstam konferensiyasida ishtirok etgan Marshal Jukov o‘z xotiralarida Trumenning Stalinga yangi qurol haqida aytganlarini ham eslaydi. «O‘shanda, Stalin Trumenning barcha gaplarini diqqat bilan eshitgan, uni nima haqda gapirayotganini yaxshi anglab yetgan, ammo suhbatdoshiga o‘zini o‘ta e’tiborsizday, masalani yaxshi tushunmaganday ko‘rsatgan edi», deydi u.

O‘z gaplariga isbot sifatida Jukov Potsdam konferensiyasida Stalinning Trumen bilan uchrashuv tugagandanoq yonida o‘tirgan Molotovga «Kurchatovni tezlatish kerak» degani va Moskvaga qaytgan zahoti huzuriga mashhur olimni chaqirib, ishlar qanday ketayotgani bilan qiziqqani haqida yozgan. Jukov o‘z esdaliklarida yozishicha, Trumen Podstamda Stalinga yangi qurol haqida maqtanib gapirayotgan paytda SSSR ayg‘oqchilari amerikaliklardan «yangi qurol» loyihasini allaqachon o‘g‘irlab kelib bo‘lgan va Kurchatov boshliq olimlar atom bombasi yaratish ustida ishlayotgan edi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha AQShda sovet razvedkasiga xizmat qiladigan ayg‘oqchilardan biri Teodor Holl (u kommunistik qarashlari tufayli SSSR razvedkasi bilan 1944 yildan hamkorlik qila boshlagan) Potsdam konferensiyasidan bir necha kun oldin amerikaliklar atom bombasi sinovini qachon o‘tkazishi haqida Moskvaga xabar yuborgan ekan. Shuning uchun ham, barchasidan xabardor Stalin Trumenning «yangi qurol» haqidagi gaplarini sir boy bermaslik uchun «e’tiborsizlik» bilan eshitadi.

AQShda yangi qurol sinovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgandan so‘ng 1945 yil 25 iyulda Trumen uni Yaponiyadagi shaharlarga tashlab, sinovni uzil-kesil yakunlash haqida maxfiy buyruq beradi. U sinovni 3 avgust kuni o‘tkazishni va bombani Hirosima, Kokura, Niigata yoki Nagasaki shaharlaridan ikkitasiga tashlash haqida buyruq beradi. Ob-havo noqulayligi yoki boshqa sabab bilan birida imkoniyat bo‘lmasa, bomba ikkinchi shaharga tashlanishi reja qilingani uchun Trumenning buyrug‘ida bir necha shahar ko‘rsatilgandi.

26 iyul kuni AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoy hukumati vakillari Yaponiyani hech qanday shartlarsiz kapitulyatsiya qilish haqidagi deklaratsiyani imzolaydi hamda Yaponiya hukumatiga so‘zsiz taslim bo‘lish talabini yuboradi. 27 iyul kuni esa ana shu talab nusxasi ko‘paytirilib, Yaponiya bo‘ylab samolyotlardan sochib chiqiladi.

28 iyul kuni Yaponiya bosh vaziri Kantaro Suzuki ittifoqchilar tomonidan yuborilgan Yaponiyaga so‘zsiz taslim bo‘lish talabi qo‘yilgan deklaratsiyani tan olmasligini ma’lum qiladi. Yaponiya imperatori Xiroxito bosh vazirning qarorini qo‘llab-quvvatlaydi va 31 iyul kuni imperator muhri bosh muhofizi Koiti Kidoga imperator hokimiyati har qanday vaziyatda munosib himoya qilinishi lozimligini aytadi.

1945 yil 26 iyul kuni atom bombalardan biri «Indianapolis» kreyseriga yuklanib manzil sari jo‘natiladi. Kreyser atom bombasini amerikaliklarning asosiy bazasi joylashgan Tinch okeanidagi Tinian oroliga tushirib ortga qaytayotganda yapon floti tomonidan hujumga uchraydi va cho‘ktirib yuboriladi. Unda bo‘lgan 1000 nafarga yaqin dengiz-piyoda askarlarining bir qismi cho‘kib ketadi, qolgani akulalarga yem bo‘ladi.

Keyinchalik amerikalik harbiylar Xirosimaga tashlanadigan birinchi bombaga «Bu «Indianapolis» uchun qasos» deb yozib qo‘yishgan edi.

1945 yil 28 iyul kuni AQSh birlashgan qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i Jorj Marshall yangi quroldan Yaponiyaga qarshi olib borilayotgan harbiy harakatlarda foydalanish haqidagi hujjatga imzo chekadi. O‘sha kuni ikkinchi atom bombasi ham Tinian oroliga keltiriladi.

«Enola Gay» samolyotiga nom Pol Tibbets tomonidan onasi Enola Tibbets sharafiga qo‘yilgandi.
Hozirda bu samolyot AQSh aviatsiya va kosmonavtika milliy muzeyida saqlanmoqda.
Foto: Reuters

1945 yil 6 avgust kuni AQShning B-29 (Enola Gay nomli) bombardimonchi samolyoti ekipaj komandiri polkovnik Pol Tibbets boshchiligida Yaponiyaning Hirosima shahriga Little Boy («Kichik bola») deb atalgan atom bombasini tashlaydi. Bu bombaning kuchi 13–18 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi.

1945 yil 6 avgustida B-29 rusumli «Enola Gay» Hirosimaga «Little Boy» deb atalgan atom bombasini tashlaydi. Foto: AP/TASS

Oradan uch kun o‘tib, 1945 yil 9 avgust kuni uchuvchi Charlz Suini boshliq bo‘lgan B-29 Bockscar bombardimonchi samolyoti Fat Man («Baqaloq») atom bombasini Nagasaki shahriga tashlaydi. Bu bombaning kuchi 21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng bo‘lgan.

AQSh harbiylari tomonidan ikkita bomba bilan ikkita shaharning batamom vayron etilgani xabarini olgan Yaponiya bosh vaziri Kantaro Suzuki va Yaponiya tashqi ishlar vaziri Togo Sigenori zudlik bilan ittifoqchilarga Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lishga rozi ekani haqida xabar yuboradi.

Shu tariqa, 1945 yil 15 avgust kuni Yaponiya taslim bo‘lgani e’lon qilinadi va shu bilan Ikkinchi jahon urushi butunlay tugaydi. Yaponiyaning so‘zsiz taslim bo‘lgani haqidagi hujjatlar biroz keyinroq, 1945 yil 2 sentabrda imzolanadi.

Urush tugagandan so‘ng Yaponiya mag‘lub sifatida g‘oliblarga katta miqdorda tovon puli to‘ladi. Mamlakat tinch rivojlanishga o‘tdi. Hirosima va Nagasaki ham qayta tiklandi. Ammo bu ikki shaharda yuqori radiatsiya ta’siri saqlanib qoldi va uning ta’sirida aholi uzoq yillar turli kasalliklardan boshi chiqmadi.

Hirosimaga bomba tashlash tafsilotlari

Trumen tomonidan berilgan buyruqda Yaponiya shaharlariga atom bombasini 3 avgustda tashlashga ko‘rsatma berilgan bo‘lsada, havo bulutli bo‘lgani uchun birinchi bomba 6 avgust kuni tashlanadi.

Hirosima dengiz sathidan biroz balandda, Ota daryosining ikki sohili bo‘ylab joylashgan. Shaharda Yaponiya armiyasining 5-diviziyasi va feldmarshal Syunroku Xati boshchiligidagi 2-asosiy armiya qo‘shinlari joylashgan edi. O‘shanda Hirosima Yaponiya armiyasi uchun mamlakat janubidagi muhim shahar edi.

509-aviatsiya aralash polki komandiri polkovnik Pol Tibbets boshqaruvidagi B-29 bombardimonchi samolyoti Hirosimadan 2500 kilometr uzoqda joylashgan Tinian orolidan havoga ko‘tarilgan edi. Uni Hirosimagacha uchta razvedkachi, ikkita nazoratchi va bitta zaxira samolyoti, jami oltita samolyot qo‘riqlab boradi. Ilk atom bombasi Hirosimaga emas, Kokura yoki Nagasaki shaharlaridan biriga tashlanishi ham mumkin edi. Bu ikkita shaharga jo‘natilgan razvedkachi samolyotlar bu hududlar osmoni bulutli ekanini ma’lum qiladi. Hirosimaga uchgan razvedkachi samolyot komandiri Mayor Robert Izerli shahar osmoni ochiq ekani haqida xabar beradi. Shundan so‘ng birinchi bomba ushbu shaharga tashlanadi.

O‘sha kuni ertalab Yaponiya radarlari mamlakat tomonga qarab uchib kelayotgan bir nechta AQSh samolyotlarini payqaydi. Havo trevogasi e’lon qilinadi. Oradan biroz o‘tib, amerikaliklarning samolyotlari uchta ekani aniq bo‘lgach, havo trevogasi bekor qilinadi. Bu uchta samolyot Hirosima, Kokura va Nagasaki osmoni holatini bilish uchun alohida uchib kelayotgan edi.

O‘shanda Yaponiya harbiylari yoqilg‘i tejash maqsadida AQSh samolyotlariga qarshi samolyot uchirmaydi. Mahalliy vaqt bilan soat 8da B-29 samolyoti 9 kilometr balandlikdan atom bombasini Hirosimaga tashlaydi. Bomba yerga yetmasdan 500 metr balandlikda portlaydi.

Bomba portlashi oqibatida havoda kuchli ovoz va chaqin sodir bo‘ladi hamda undan hosil bo‘lgan kuchli issiq shamol yerga qarab yo‘naladi. Oqibatda butun Hirosima olov ichida qoladi. Portlash episentridan 2 kilometr radiusda bo‘lgan odamlar o‘sha zahoti kuyib ketadi. Portlash to‘lqini episentrdan 19 kilometrgacha bo‘lgan masofadagi oynalarni sindirib yuboradi. Portlash paytida uning issig‘i yetib bormagan odamlar oradan biroz o‘tib yong‘inlar va radiatsiya to‘lqini tufayli halok bo‘ladi.

Birinchi portlashdan keyin Hirosimani yong‘in qamraydi, 60 km/soat tezlikdagi shamol tufayli shahar amalda yer yuzidan supiriladi. Foto: Reuters

O‘sha paytda Hirosimada 340 ming kishi yashagan va bomba portlashi oqibatida ularning 166 ming nafari halok bo‘lgani manbalarda keltiriladi. Yana bir manbada atom bomba tashlanishi paytida Hirosimada 245 ming nafar aholi bo‘lgani va bombardimonda ulardan qariyb 200 ming nafari halok bo‘lgani keltiriladi.

Hirosimada 166 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan. Foto: AP/TASS

Nagasakiga bomba tashlash tafsilotlari

Xirosimadan kichikroq bo‘lgan Nagasaki ikkita kichik daryo vodiysida joylashgan, shaharni kichik tog‘ tizmasi ikkiga ajratib turadi. Ushbu shahar ham port borligi sababli Yaponiya harbiylari uchun muhim nuqta sanalgan. Shuningdek, bu shaharda Yaponiya armiyasi uchun harbiy texnikalar ishlab chiqargan Mitsubishi zavodlari joylashgan edi. Bundan tashqari, o‘sha paytda bu shaharda harbiy kemalar ham ishlab chiqarilgan.

Nagasaki shahri atom bombasi tashlanguncha uncha jiddiy hujumga uchramagan va vayron bo‘lmagan edi. Shaharda urushgacha 250 ming nafar, atom bombasi tashlanishi arafasida esa 200 ming nafar aholi bo‘lgan. Portlashdan so‘ng ularning yarmi halok bo‘lgan. Amerikalik harbiylarning rejasiga ko‘ra Nagasakiga atom bombasi 11 avgustda tashlanishi lozim edi. Ammo meteorologlar 10 avgustdan boshlab bu shahar osmoni bulutli bo‘lishini ma’lum qiladi. Shundan so‘ng Nagasakiga bomba tashlash 9 avgust kuniga reja qilinadi.

Nagasakiga atom bombasini tashlash Hirosimadagi bilan bir xil tarzda amalga oshiriladi. Mayor Charlz Suini boshchiligidagi B-29 samolyoti Tinian orolidan havoga ko‘tariladi va unga bitta zaxira va ikkita razvedkachi samolyot hamrohlik qildi.

Bomba ortilgan samolyotdan biroz oldin havoga ko‘tarilgan ikkita razvedkachi samolyotlardan biri Kokuradan, yana biri Nagasakidan havo ochiqligi va bombani tashlash mumkinligi haqida xabar jo‘natadi.

Rejaga ko‘ra 11 avgust kuni Kokura shahriga bomba tashlanishi kerak edi, Nagasaki zaxira varianti bo‘lgan.
Ob-havo tufayli bombalash ikki kun oldinga surtilgan, ammo Kokurani so‘nggi daqiqalarda osmon bulutli ekani qutqarib qolgan. Foto: AP/TASS

O‘shanda bomba Nagasakiga emas, Kokura shahriga tashlanishi ham mumkin edi. B-29 samolyoti avvaliga Kokura yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi. Yo‘lda biroz bulutli havoga duch kelgach, o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi va Nagasakiga qarab uchadi.

B-29 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 10:56da Nagasaki osmoniga yetib kelganda shahar tepasi bulut bilan qoplangan edi. Uchuvchi Charlz Suini shaharni aniqroq ko‘rish uchun samolyotni biroz pastlatadi. Uchuvchilarga shahar stadioni ko‘rinadi. Shundan so‘ng bomba tashlab yuboriladi. Keyingi voqealar Hirosimada qanday bo‘lsa, bu yerda ham shunday sodir bo‘ladi.

Uch kun o‘tib 9 avgust kuni «Baqaloq» atom bombasi Nagasakiga tashlangan. Foto: AP/TASS

Nagasakiga tashlangan bomba ham yerdan 500 metr tepada portlaydi. Portlashdan so‘ng kuchli ovoz va chaqnash bilan selsiy bo‘yicha ming darajadan oshadigan issiq to‘lqin shahar bo‘ylab yopiriladi. Portlash episentridan 2000 metr radiusda biror-bir tirik jon qolmaydi, hammasi kuyib ketadi. Qolganlar esa shaharni qoplagan kuchli yong‘in va radiatsiya tufayli halok bo‘ladi. Nagasakiga tashlangan bombaning portlash kuchi 21 kilontonnaga yetadi.

Nagasakidagi qurbonlar soni 80 mingga yaqin bo‘ladi. Foto: Reuters

Hirosimada ham, Nagasakida ham uylar asosan 1-2 qavatli, tomi sopol bilan yopilgan uylar edi. Zavod va fabrikalar shahar tashqarisida bo‘lgan. Portlash natijasida sodir bo‘lgan yong‘in har ikki shaharni ham katta kultepaga aylantiradi.

Insoniyat qurollanishda davom etadi

Insoniyat shu paytgacha hech bir fojiadan yetarli xulosa chiqarmagan va o‘rnak olmagan. Shu jumladan, Ikkinchi jahon urushi va Yaponiyaning ikki shahriga atom bomba tashlanishidan ham. Buning isboti, urushdan keyin ham yer yuzida yana ko‘plab yirik harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lib o‘tdi. Ayniqsa, 1964-1975 yillarda AQShning Vetnamda va 1979-1989 yillarda SSSRning Afg‘onistonda, XXI asrda AQShning Fors ko‘rfazida olib borgan zo‘ravonlik urushini oqlaydigan hech bir hujjat yo‘q. Insoniyat hatto yangi asrda ham tinimsiz urishyapti. Endi, atom bombasiga kelsak, keyinchalik yaratilgan yadro qurollari oldida Hirosima va Nagasakiga tashlangan atom bombalari o‘yinchoq bo‘lib qoladi.

O‘shandan buyon AQShdan so‘ng yana o‘nga yaqin davlat yadro qurollariga ega bo‘ldi. Ular tomonidan o‘tgan asrning 50-yillaridan boshlab 90-yillarigacha Yer yuzida ko‘plab yadro quroli sinovlari o‘tkazildi. Bugun yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlarning bu qurolni sinovdan o‘tkazish va unga ega bo‘lish uchun qilgan umumiy xarajatlarini hisoblasa, nechadir yuz milliard dollardan oshib ketadi. Ayniqsa, minglab yadro qurollarini ishlab chiqarib saqlayotgan AQSh va Rossiyaning bu sohada qilgan va qilayotgan xarajatlarining hisobi yo‘q.

Jami o‘tkazilgan yadro qurollarining sinovlari:

  1. AQSh rasmiy 1054ta, norasmiy 1151ta;
  2. Rossiya (SSSR) 969ta;
  3. Buyuk Britaniya 45ta;
  4. Fransiya 210ta;
  5. Xitoy 45ta;
  6. Pokiston 3-6ta;
  7. Hindiston 5-6ta;
  8. Shimoliy Koreya 6ta yadro qurollari sinovlarini o‘tkazgan.

Bugun dunyo bo‘ylab 14 mingga yaqin yadro qurollari bor. Davlatlar taqsimida olganda, ularning 80 foiziga ikkita davlat – AQSh va Rossiya egalik qiladi.

  1. Rossiya, 6500ta yadro quroli bor, ulardan 1570tasi jangovar holatda.
  2. AQSh, 6185ta yadro quroli bor, ulardan 1750tasi jangovar holatda.
  3. Buyuk Britaniya, 200ta yadro quroli bor, 120tasi jangovar holatda.
  4. Fransiya, 300ta yadro quroli bor, 280tasi jangovar holatda.
  5. Xitoy, 300ta yadro quroli bor, 290tasi jangovar holatda.
  6. Hindiston, 140ta yadro quroli bor, 130tasi jangovar holatda.
  7. Pokiston, 160ta yadro quroli bor, 150tasi janogovar holatda.
  8. Isroil, 90ta yadro quroli bor, 80tasi jangovar holatda.
  9. Shimoliy Koreya, 30ta yadro quroli bor, 20tasi jangovar holatda.

Bir paytlar Yaponiyaga tashlangan bitta atom bombasi bugunga qiyosan olganda kichik bir shaharni kultepaga aylantirgan bo‘lsa, bugungi kunda yuqoridagi ro‘yxatda keltirilgan davlatlardagi bitta atom bombasi ulardan yuz karra ta’sirliroq, vayronkorroq qilib yasalgan. Ana o‘shanday qurollardan bugun yer yuzida 14 mingga yaqini bor. Bu esa yer yuzidagi har insonda jiddiy tashvish uyg‘otishi lozim.

BBC WORLD SERVICE

Garchi, insoniyat Yaponiyaga tashlangan atom bombalardan yetarlicha xulosa chiqarmagan bo‘lsa ham, uning oqibatlarini unutgani yo‘q. Har yili 6 avgust kuni Xalqaro Yadro qurollarini taqiqlash kuni nishonlanadi va yaponiyaliklarga hamdardlik bildiriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid