Xirosimada atom bombardimoni qurbonlari xotirasiga marosim bo‘lib o‘tmoqda
6 avgustda Yaponiyaning Xirosima shahrida 75 yil avval sodir etilgan atom bombardimoni qurbonlari xotirasiga marosim bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Reuters
Joriy yilda koronavirus pandemiyasi sababli xotira marosimini cheklangan sondagi ishtirokchilar bilan o‘tkazishga qaror qilingan. Unda 800 kishiga ishtirok etishga ruxsat berilgan. Odatda ushbu xotira marosimlarida 10 marta ko‘proq odam ishtirok etib kelgan.
Mahalliy vaqt bilan soat 8:15da butun mamlakat bo‘ylab bombardimon qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash e'lon qilingan. Aynan shu soatda 75 yil avval shaharga AQSh harbiylari tomonidan atom bomba tashlangan. So‘ngra Xirosimadagi Tinchlik bog‘ida shahar meri Kadzumi Matsui va mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe nutq so‘zlagan.
Abe o‘z nutqida dunyoni yadro qurolidan voz kechishga chaqirgan.
Fojiali sana munosabati bilan Xirosima ma'muriyatiga Rim papasi Fransisk va AQShning sobiq prezidenti Barak Obama o‘z nomalarini yo‘llagan. Aynan Obama 2016 yilda Xirosimaga tashrif buyurgan birinchi amaldagi AQSh prezidenti bo‘lgan.
1945 yil avgustida AQSh harbiy uchuvchilari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashlagan. Dastlab, 6 avgustda Xirosimaga B-29 bombardimonchi samolyotidan 4 tonnalik uran bombasi tashlangan. Bombaning portlash kuchi 18 kilotonna trotilni tashkil qilgan. 3 kun o‘tgach, 9 avgustda Nagasakiga yana bir bomba tashlangan. Shundan keyin bunday hujumlardan karaxt holga tushgan Yaponiya hukumati Ikkinchi jahon urushidagi ishtirokini to‘xtatib, 1945 yil 15 avgustda kapitulyatsiya e'lon qilgan.
Atom bombalari portlashi va uning oqibatlaridan 350 ming kishilik Xirosimada 140 ming kishi, Nagasakida esa 74 ming kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning aksariyati oddiy odamlar bo‘lgan.
Mavzuga oid

16:05 / 11.10.2024
Tinchlik uchun Nobel mukofoti Hirosima va Nagasakidagi atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgan tashkilotga berildi

14:01 / 10.08.2024
Nagasakida atom bombasi qurbonlari xotirasi AQSh elchisisiz yodga olindi

09:10 / 06.08.2024
Hirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlanganiga 79 yil to‘ldi

11:09 / 03.08.2024