Jahon | 21:27 / 07.08.2020
4546
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Belarusni prezidentlik saylovlarini erkin va haqqoniy o‘tkazishga chaqirdi. Kuzatuvchilar shu paytgacha minglab qonunbuzarliklarni qayd etishgan

Foto: Tut.by

Yevroittifoq Belarus hukumatini muxolifatga bosim qilishni to‘xtatish hamda prezidentlik saylovlarini erkin va haqqoniy o‘tkazishga chaqirmoqda. Bu haqda YeI tashqi aloqalar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Xosep Borrelning bayonotida so‘z boradi.

Borrelning ta'kidlashicha, joriy saylov kampaniyasi davomida Belarus xalqi demokratiya va erkin saylovlarga erishish uchun «misli ko‘rilmagan siyosiy safarbarlik»ni namoyish etdi. Hukumat bunga javoban matbuot erkinligini cheklab, tinch namoyishchilar, jurnalistlar va saylov kuzatuvchilarini hibsga oldi.

«Yevropa Ittifoqi Belarus hukumatini prezidentlikka nomzodlarning barcha siyosiy huquqlarini amalga oshirishni kafolatlashga, kelgusida hibsga olishlar, tinch namoyishchilar, kuzatuvchilar, nomzodlar va ularning jamoa a'zolariga qarshi kuch ishlatishdan tiyilishga, siyosiy sabablarga ko‘ra hibsga olingan barcha faollarni, huquq himoyachilari, blogerlar va jurnalistlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirmoqda», deya Borrelning so‘zlarini keltirmoqda Meduza.

4 avgust kuni boshlangan prezident saylovlarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 8 avgustgacha davom etadi. 9 avgust – ovoz berish jarayonining asosiy kuni. Mustaqil kuzatuvchilar allaqachon minglab saylovlardagi qonunbuzarliklar haqida xabar berishgan.

Belarusda 2020 yilgi saylov kampaniyasi davrida amaldagi prezidentning siyosiy muxoliflarini hibsga olishi, turli shaharlarda o‘tkazilgan minglab norozilik namoyishlari, prezidentlikka nomzodlar va mustaqil kuzatuvchilarning faoliyati cheklanishi bilan esda qoldi.

Mavzuga oid