Jahon | 22:10 / 10.08.2020
12308
2 daqiqa o‘qiladi

Eron urib tushirilgan samolyot uchun Ukrainaga kompensatsiya to‘lashdan bosh tortdi

Tehron 30 iyulda urib tushirilgan Ukraina samolyoti uchun kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgandi.

Foto: Picture Alliance

Eron «Mejdunarodniye avialinii Ukraini» kompaniyasining urib tushirilgan Boeing 737-800 samolyoti uchun kompensatsiya to‘lashni rad etdi. Bu haqda mamlakat markaziy sug‘urta kompaniyasi boshlig‘i G‘ulomrizo Sulaymoniy ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters.

«Ukraina samolyoti Ukrainada Yevropa kompaniyalari tomonidan sug‘urta qilingan, Eron kompaniyalari tomonidan emas. Shunday ekan, kompensatsiyani ana shu kompaniyalari to‘lashi shart», — dedi u.

Qayd etilishicha, Sulaymoniy yo‘lovchilarning halok bo‘lgani uchun emas, samolyot halokati uchun kompensatsiyani nazarda tutgan. 

Tehron 30 iyulda urib tushirilgan Ukraina samolyoti uchun kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgandi. O‘shanda halok bo‘lgan ukrainaliklar uchun tovon to‘lash bo‘yicha muzokaralar davom etishi ma'lum qilingandi.

«Mejdunarodniye avialinii Ukraini» kompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti 8 yanvarda Tehron aeroportidan havoga ko‘tarilgach halokatga uchragandi. Halokat oqibatida 176 kishi, jumladan Eron, Ukraina, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shvetsiya va Afg‘oniston fuqarolari hamda to‘qqiz nafar ekipaj a'zosi halok bo‘lgan. Eron samolyot anglashilmovchilik tufayli urib tushirilganini tan olgan.

Mavzuga oid