O‘zbekiston | 11:53 / 11.08.2020
18073
7 daqiqa o‘qiladi

«Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi e'lon qilindi

Qonunning asosiy maqsadi majburiy sug‘urta turlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, ularning umumiy tamoyillarini belgilashdan iborat.

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Majburiy sug‘urta turlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

Qonunda ko‘rsatilgan shaxslarga sug‘urta qildiruvchilar sifatida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkini yoxud o‘zining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini o‘z hisobidan sug‘urta qilish majburiyati qonun bilan yuklanishi majburiy sug‘urta deb ataladi.

Majburiy sug‘urtada sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchi bilan sug‘urtaning ushbu turini tartibga soladigan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart.

Fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini va davlatning manfaatlarini ta'minlash maqsadida qonunda hayot, sog‘liq va mol-mulkning majburiy davlat sug‘urtasi belgilab qo‘yilishi mumkin.

Majburiy davlat sug‘urtasi ana shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

Majburiy davlat sug‘urtasi bevosita sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida sug‘urtalovchilar tomonidan amalga oshiriladi.

Sug‘urtalangan shaxsning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan yoki uning boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligi bo‘yicha yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha majburiyati yuzaga kelishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlari majburiy sug‘urta obektidir.

Hayot va sog‘likka zarar yetkazish xavfining majburiy sug‘urtasi, mol-mulkka zarar yetkazish xavfining majburiy sug‘urtasi va fuqarolik javobgarlikni majburiy sug‘urtasi majburiy sug‘urta qilishning turlari hisoblanadi.

Qonunda mazkur majburiy sug‘urta turlari bir butun kompleks yoki alohida tur sifatida belgilab berilishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lish majburiyati qonun bilan unda ko‘rsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi.

Majburiy sug‘urtaning umumiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

umumiylik;

majburiylik;

jabrlanuvchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar o‘rni qoplanishining qonun bilan kafolatlanishi.

Sug‘urtalovchi, cug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs, naf oluvchi va jabrlanuvchi majburiy sug‘urta turlarining sub'yektlaridir.

Sug‘urtalovchi quyidagi huquqlarga ega:

  • qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomalari tuzish;
  • sug‘urta hodisalari yuz berishining oldini olish va ogohlantirish chora-tadbirlarini qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda va shartlarda moliyalashtirish;
  • sug‘urta hodisasi ro‘y berishining sabablari va holatlarini, shuningdek sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) miqdorini belgilash uchun zarur bo‘lgan tegishli axborot va hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlardan belgilangan tartibda so‘rash va olish;
  • sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lashni qonun hujjatlarida va (yoki) sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomasida belgilangan hollarda hamda tartibda rad etish, sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish;
  • sug‘urta qildiruvchi tomonidan taqdim etilgan axborotni tekshirishni, sug‘urta qildiruvchining sug‘urta shartnomasi talablari va shartlarini bajarishi ustidan nazoratni sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshirish.

Sug‘urtalovchi:

  • sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
  • sug‘urta faoliyatini amalga oshirish chog‘ida olingan axborotning maxfiyligini qonun hujjatlari talablariga muvofiq ta'minlashi;
  • qonun hujjatlarida belgilangan axborotni maxsus vakolatli davlat organining talabiga binoan taqdim etishi;
  • sug‘urta hodisasi yuz bergan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki sug‘urta (qayta sug‘urta qilish) shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda barcha zarur hisob-kitoblarni amalga oshirishi va sug‘urta tovoni (sug‘urta puli) to‘lashi;
  • nomi, tashkiliy-huquqiy shakli yoki joylashgan yeri o‘zgargan taqdirda, bu haqdagi axborotni sug‘urta qildiruvchilarga qonunda belgilangan tartibda yetkazishi;
  • sug‘urtalovchining zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • majburiy sug‘urta shartnomasini tuzish uchun sug‘urtalovchini tanlash;
  • sug‘urtalovchidan majburiy sug‘urta shartnomasining shartlarini tushuntirib berishni talab qilish;
  • sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
  • majburiy sug‘urta shartnomasi muddatidan avval tugatilganda, sug‘urta mukofotini majburiy sug‘urta shartnomasi shartlariga muvofiq olish.

Sug‘urta qildiruvchi quyidagi majburiyatlarga ega:

  • Qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkini yoxud o‘zining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini o‘z hisobidan qonunga muvofiq sug‘urtalashi;
  • majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha va qonun hujjatlarida belgilangan shartlar asosida va tartibda sug‘urta mukofotini to‘lashi;
  • sug‘urta shartnomasiga oid holatlar to‘g‘risida sug‘urtalovchiga yozma shaklda xabar berishi;
  • sug‘urta qildiruvchi qonun hujjatlariga va o‘zi tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va uning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

Naf oluvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • sug‘urta tovonini olish haqidagi talab bilan sug‘urtalovchiga murojaat etish;
  • qonun hujjatlarida belgilangan shartlar asosida va tartibda sug‘urtalovchidan sug‘urta tovonini olish;
  • sug‘urtalovchidan majburiy sug‘urta qilish shartnomasining shartlari to‘g‘risida bepul axborot olish;
  • agar naf oluvchi o‘zining foydasiga tuzilgan shartnoma bo‘yicha sug‘urta tovoniga bo‘lgan huquqdan foydalanish niyatida bo‘lsa, ayni shunday majburiyat naf oluvchi zimmasida bo‘ladi.

Mavzuga oid