O‘zbekiston | 02:55 / 12.08.2020
10623
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali reklamadan daromad ko‘ruvchilar qanday soliq to‘laydi?

Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga reklama joylash bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar 2020 yilning birinchi yarmida olgan daromadlaridan soliq to‘lashi lozim. Davlat soliq qo‘mitasi shu haqda eslatma bilan chiqdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish faoliyati (Giveaway) bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar olgan daromadlaridan 12 foiz miqdoridagi stavkada daromad solig‘i to‘lashlari lozim (2020 yil 1 iyuliga qadar olgan daromadlari bo‘yicha).

Bu haqda doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish lozim», – deyiladi DSQ axborotida.

Shu yil 8 iyundagi prezident qaroriga asosan, o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirilgan edi. Ro‘yxatga AKT sohasida xizmat ko‘rsatish – «Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat» (ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori) turi ham qo‘shilgan.

Shunga ko‘ra, Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi uchun daromad solig‘idan ozod qilinadi.

«Joriy yilning 1 iyulidan boshlab ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, ya'ni ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori o‘zini o‘zi band etgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bunda mehnat stajiga ega bo‘lish uchun 2020 yilda bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi (111,5 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash lozim bo‘ladi», deya aniqlik kiritilgan Davlat soliq qo‘mitasi axborotida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid