O‘zbekiston | 16:13 / 12.08.2020
8450
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yarim millionga yaqin kishi pandemiya natijasida kambag‘allik chegarasidan pastga tushishi ehtimoli bor 

O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimi ko‘p yillar davomida mutaxassislar va jamoatchilikda savollar uyg‘otib keladi. Koronavirus pandemiyasi sharoitida esa ijtimoiy himoya masalasi yanada dolzarblashdi.

Foto: Pixabay

“Yuksalish” umummilliy harakati xabariga ko‘ra, mazkur savollarning ayrimlariga javob topishda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), Jahon banki va YUNISEF hamkorlikda o‘tkazgan hamda “Yuksalish” harakati tomonidan e'lon qilingan tadqiqot yordam beradi. 

“O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” tadqiqoti jamoatchilik, ayniqsa, kam ta'minlangan oilalar, ijtimoiy nafaqa oluvchi kishilar, nogironligi bor shaxslar va keksalar, yoshlar, norasmiy ishlovchilar hamda ishsizlar fikrini aniqlash maqsadida e'lon qilindi

“Ushbu tadqiqotda milliy ijtimoiy himoya tizimi batafsil tahlil qilingani katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, hujjatda Hukumat tomonidan koronavirus pandemiyasiga qarshi amalga oshirilayotgan dasturlar uchun ham foydali bo‘ladigan ishchi tavsiyalar keltirilgan. Bugun biz har qachongidan ko‘ra O‘zbekistonda ijtimoiy himoya sohasida aholi bilan muloqotni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim”, - deya ta'kidlaydi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov.

Tadqiqot 2018 yilda ijtimoiy himoya tizimi 55 foizga yaqin aholining ehtiyojini qondirganini ko‘rsatdi. Ijtimoiy himoya dasturlaridan foydalanganlarning umumiy soni esa 2012 yilda 8,1 mln.dan 2017 yilda 6,4 mln.gacha kamayib borgan. Eng kam ko‘rsatkich ishsizlik nafaqasi va kam ta'minlangan oilalar uchun ijtimoiy nafaqa oluvchilar orasida qayd etilgan.

“Hisobotning asosiy xulosalaridan biri shu bo‘ldiki, ijtimoiy himoya tizimi yetakchilik va harakatlarni muvofiqlashtirishni amalda qo‘llay olishga, ijtimoiy himoyaning Milliy strategiyasini ishlab chiqishga hamda hayotga tatbiq etishga qodir yagona agentlikka muhtoj. Strategiya, o‘z navbatida, tizimdagi, ayniqsa, bolalar va ularning oilalari, nogironligi bor shaxslar va keksalar hayotidagi muhim bo‘shliqlarni to‘ldirishga qodir. U, shuningdek, ijtimoiy ta'minot, ijtimoiy yordam, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozoriga ko‘maklashuvchi faol dasturlarga kompleks yondashuvni ta'minlashi mumkin. Bu esa resurslarni samarali taqsimlashga hamda aholini, xususan, nisbatan zaif qatlamni mutlaq himoyalashga olib keladi”, - dedi YuNISEFning O‘zbekistondagi ijtimoiy siyosat rahbari Yuliya Oleynik. 

Bundan tashqari, ish bilan band aholining deyarli 55 foizi norasmiy sektorda. Demak, ular ijtimoiy himoya dasturlariga qamrab olinmagan. Ushbu toifa shaxslar kam ta'minlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar va keksalar bilan bir qatorda koronavirus pandemiyasi sharoitida yuqori xavf hududiga tushib qoladilar.  

“Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonning 44 foiz aholisi ijtimoiy sug‘urta dasturlaridan foydalanishadi. Bu esa ijtimoiy sug‘urta dasturlariga budjet mablag‘larining ajratilishi qisqartirilgan taqdirda ham qashshoqlikni kamaytirishga sezilarli ta'sir ko‘rsatadigan yetarlicha davriy kafolatlar berish uchun ijtimoiy sug‘urta mexanizmlarining muhimligidan dalolat beradi. Yetarlicha moliyalashtirilgan va puxta loyihalashtirilgan, shuningdek, iqtisodiyotning norasmiy sektor ishchilarini ham o‘z ichiga oladigan ijtimoiy himoya tizimi - alohida shaxslar, uy bekalari va umuman iqtisodiyotga, ijtimoiy-iqtisodiy va iqlimiy ta'sirlarga bardoshlilikni oshirishning kalitidir”, - deydi XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha Byurosining munosib mehnat masalalarini texnik qo‘llab-quvvatlash guruhi mehnat muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Yasmina Papa.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda yarim millionga yaqin kishi COVID-19 pandemiyasi natijasida kambag‘allik chegarasidan pastga tushish ehtimoli bor. Bunda favqulodda holat yana davom etgan taqdirda vaziyat yomonlashsa, xavf darajasi yuqorilab boradi. Shuning uchun, mamlakatdagi barcha muhtoj insonlarni himoyalashni ta'minlash uchun har qachongidan ham tezkor va inklyuziv ijtimoiy himoya tizimi zarur bo‘ladi. Hisobotda aholini qamrab olishning asosiy bo‘shliqlari ko‘rsatib o‘tilgan: deyarli yarim aholi va kambag‘allarning uchdan bir qismi birorta ham ijtimoiy himoya sxemasiga kiritilmagan.

“COVID pandemiyasi va yaqinda Buxoro hamda Sirdaryo viloyatlarining minglab odamlari farovonligiga ta'sir ko‘rsatgan tabiiy ofatlar, ayniqsa, inqiroz oqibatida ko‘proq zarar ko‘rgan, kambag‘allik chegarasi ostida va kambag‘allik chegarasi ustida turgan uy xo‘jaliklari orasida zudlik bilan ijtimoiy himoyani kengaytirish hissini kuchaytiradi. Umid qilamizki, o‘zbekistonlik hamkorlarimiz milliy ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish borasidagi sa'y-harakatlarida hisobot xulosalarini foydali deb topadilar. Jahon banki, YUNISEF hamda XMT turli guruhdagi muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlovchi, tezkor va samarali, mustahkam va inklyuziv ijtimoiy himoya dasturlarini ishlab chiqishda hukumatga yordam berishga tayyor”, - deya qayd etdi Jahon bankining katta iqtisodchisi Maddalena Gonorati.

Hisobotning ochiq muhokamasi davomida to‘plangan barcha fikrlar (izohlar) tahlil qilinadi va rejalashtirilgan “davra suhbati”da manfaatdor vazirlik va idoralar hamda xalqaro tashkilotlarga taqdim etiladi, deya yakunlangan “Yuksalish” xabari.

Mavzuga oid